«Mehnat kodeksiga sharh» veb-platformasi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (Swiss Agency for Development and Cooperation – SDC) ko'magida va Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi normalarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka sodda va tushunarli tarzda yetkazish, mehnat qonunchiligini amaliyotda to'g'ri qo'llashga ko'maklashish hamda mehnat sohasida yagona huquqni qo'llash amaliyotini shakllantirishdan iborat.
Loyiha doirasida mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining barcha moddalariga ilmiy-amaliy sharh ishlab chiqildi. Sharhlarda Mehnat kodeksi normalarining mazmuni, ularni qo'llash amaliyoti, xalqaro mehnat standartlari, sud amaliyoti hamda dolzarb huquqiy masalalar keng yoritilgan.
Mazkur veb-platforma Mehnat kodeksiga sharhni zamonaviy raqamli formatda taqdim etish, undan tezkor va qulay foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Platforma orqali foydalanuvchilar Mehnat kodeksining har bir moddasi bo'yicha sharhlar bilan tanishishi, kerakli normalarni qidirishi hamda mehnat qonunchiligiga oid ishonchli va tizimlashtirilgan ma'lumotlardan foydalanishi mumkin.
Mazkur platforma mehnat qonunchiligini amaliyotda to'g'ri qo'llashni qo'llab-quvvatlash, mehnat munosabatlarida qonun ustuvorligini ta'minlash hamda mehnat huquqi sohasida bilim va huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.
