Davlat organlaridagi yoki xodimlarning vakillik organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan shaxslarga ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugagandan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa boshqa teng ish (lavozim) beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini va Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʼzolarini vakolatlari muddati tugaganidan keyin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilgan taqdirda ishga joylashtirish “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim zaxiraga boʻshatilganidan yoki isteʼfoga chiqarilganidan keyin, agar u ishga joylashish masalasi boʻyicha ish beruvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay murojaat qilgan boʻlsa, avvalgi ish joyida ishga joylashishda ustuvor huquqqa ega boʻladi.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan xodim, agar u harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kundan eʼtiboran koʻpi bilan uch oy oʻtgan boʻlsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytish huquqiga ega.
Tashkilot qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni tashkilotning huquqiy vorisi, tashkilot tugatilganda esa mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.
Xodimlarga ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan kafolatlarni berish imkoni boʻlmagan hollarda mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirishni, zarur boʻlganda esa ularni bepul kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi.
Ish beruvchi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandiga koʻra ilgari oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarni, basharti xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida tashkilotda xodim ilgari egallagan oʻsha mutaxassislik va malaka boʻyicha boʻsh (vakant) ish oʻrinlari paydo boʻlgan boʻlsa, ishga qabul qilishi shart.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga koʻra, davlat organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarni ikkita asosiy toifaga ajratish mumkin. Bular toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan (xalq tomonidan) va bilvosita saylanadigan (vakillik organlari tomonidan) lavozimlar.
Toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan lavozimlarga nomzodlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari;
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari.
Bilvosita saylanadigan (saylov yoʻli bilan shakllantiriladigan) lavozimlarga fuqarolar tomonidan emas, balki saylangan deputatlar yoki maxsus organlar tomonidan saylanadi:
Oliy Majlis Senati aʼzolari;
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari;
Oliy Majlis Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari;
Markaziy saylov komissiyasi raisi, oʻrinbosari va kotibi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi.
Xodimlarning vakillik organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlar kasaba uyushmalari va xodimlar tomonidan saylanadigan boshqa organlar faoliyati bilan bogʻliq.
Ushbu masala Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Xodimlarning vakillik organlariga quyidagi lavozimlar kiradi:
kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, yaʼni tashkilotdagi boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotining rahbari;
kasaba uyushmasi qoʻmitasi aʼzolari, yaʼni kasaba uyushmasining ijro etuvchi organi tarkibiga saylangan shaxslar.
Davlat organlaridagi yoki xodimlarning vakillik organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan shaxslarga ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugagandan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa boshqa teng ish (lavozim) beriladi.
Sharhlanayotgan ushbu moddada davlat organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlar deganda qonun hujjatlariga binoan saylov oʻtkazish va uning natijalariga koʻra egallanishi mumkin boʻlgan lavozimlar koʻzda tutiladi.
Boshqa teng ish (lavozim) deganda qonunchilikka va ichki hujjatlarga muvofiq ish haqi oldingi lavozimining ish haqidan kam boʻlmagan va boshqa huquqlarga ega boʻlgan, malaka talablari ham mos boʻlgan lavozimlar tushuniladi.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasiga koʻra, deputatlarga, senatorlarga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ishga joylashishga doir kafolatlar beriladi. Vakolatlari muddati tugagach, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa lavozimdagi ish, shu jumladan yuqoriroq lavozimdagi ish ham berilishi mumkin.
Deputatga va senatorga oʻttiz olti ish kunidan iborat haq toʻlanadigan har yilgi mehnat taʼtili beriladi, bundan qonunchilikda koʻproq muddatli taʼtil nazarda tutilgan hollar mustasno.
Deputat, senator ilgarigi ish joyiga (lavozimiga) qaytgan taqdirda, deputatning, senatorning avvalgi egallab turgan lavozimiga qabul qilingan shaxs bilan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi MK 168-moddasining 9-bandiga muvofiq bekor qilinadi.
Korxona, muassasa, tashkilot qayta tashkil etilgan yoki xodimlari soni (shtati) oʻzgargan taqdirda, deputatga, senatorga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ilgarigi ish joyi boʻyicha boshqa avvalgisiga teng lavozim beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati huquqiy voris zimmasiga yuklatiladi.
Korxona, muassasa yoki tashkilot tugatilgan taqdirda, deputatga, senatorga oʻzining roziligi bilan boshqa korxonada, muassasada yoxud tashkilotda ish (lavozim) beriladi. Bunda deputatni, senatorni ishga joylashtirish majburiyati yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ zimmasiga yuklatiladi.
Saylanishiga (tayinlanishiga) qadar, lavozimlarga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan lavozimlarda ishlagan deputatlarni, senatorlarni ishga joylashtirish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik palatasi va Senat tarqatib yuborilgan taqdirda, deputatga, senatorga ishdan boʻshatish oylik nafaqasi hisobga olingan holda ishga joylashish davrida qonunda belgilangan tartibda oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanadi.
Deputatning, senatorning vakolatlari muddati umumiy ish stajiga, xizmat muddatiga va avvalgi ixtisosi boʻyicha ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
3. Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim zaxiraga boʻshatilganidan yoki isteʼfoga chiqarilganidan keyin, agar u ishga joylashish masalasi boʻyicha ish beruvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay murojaat qilgan boʻlsa, avvalgi ish joyida ishga joylashishda ustuvor huquqqa ega boʻladi.
Yuqoridagi qoidaga koʻra, harbiy xizmatni oʻtab boʻlib zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan shaxs, agar u xarbiy xizmatga chaqirilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan uch oy oʻtgan boʻlsa, avval ish joyiga qaytish huquqiga ega. Bu ustuvorlik xodimning avvalgi lavozimi boʻsh boʻlsa, ish beruvchi uni ushbu lavozimga ishga qabul qilish majburiyatini anglatadi. Agar ushbu lavozim boʻsh boʻlmasa, ish beruvchi mazkur toifa shaxslarni ishga joylashtirish majburiyatini olmaydi.
Bu huquq “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunning 29-moddasi bilan uygʻun holda qoʻllaniladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari toʻgʻrisidagi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi hamda Milliy gvardiya toʻgʻrisidagi alohida qonun hujjatlarida ham xizmat muddatini tugatgan shaxslarning mehnat huquqlari kafolatlangan.
Avvalgi ish joyida ishga joylashishda ustuvor huquqqa ega boʻlishi deganda agar vakant ish oʻrniga bir necha ushbu vakant ish oʻrni uchun bir necha nomzodlar boʻlsa, ish beruvchi oldin ishlab, harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) keyin zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan xodimni ishga qabul qilishi kerak.
XALQARO STANDARTLAR
Mazkur huquq XMTning 122-sonli Ish bilan taʼminlash siyosati toʻgʻrisidagi Konventsiyasida belgilangan printsiplarga mos keladi. Bu Konventsiya davlatlarni fuqarolarni oʻz kasbiy faoliyatiga qayta moslashishi uchun sharoit yaratishga chaqirgan. Shu bilan birga, XMTning harbiy xizmatdan soʻng qayta ishga joylashtirish boʻyicha qoʻllanmalarida ham fuqarolarga tegishli ish joyiga qaytish huquqi maxsus kafolatlangan.
4. Sharhlanayotgan moddaning toʻrtinchi qismini uchinchi qismdan farqi harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan xodimni ish beruvchiga murojaat etish muddati va ish beruvchining majburiyatida.
Agar u harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kundan eʼtiboran uch oy oʻtgan boʻlsa, ushbu shaxs avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytish huquqiga ega, yaʼni agar ushbu lavozim boʻsh boʻlsa, unga ish beruvchi ushbu sobiq xodimni ishga olishga majbur boʻladi. Agar mazkur lavozim boʻsh boʻlmasa, ish beruvchida bunday majburiyat boʻlmaydi.
5. Sharhlanayotgan moddaning beshinchi qismiga koʻra, ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni tashkilot qayta tashkil etilganda tashkilotning huquqiy vorisi, tashkilot tugatilganda esa mahalliy mehnat organi ishga joylashtirishni amalga oshiradi.
Ushbu qoida harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga, ayniqsa tashkilotdagi qayta tashkil etish yoki tugatish kabi holatlarda ularning huquqiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Agar tashkilot oʻz faoliyatini qayta tashkil etish orqali davom ettirayotgan boʻlsa, yaʼni u qoʻshilish, qoʻshib olish, boʻlinish yoki qayta tuzilish shaklida yuridik jihatdan davom ettirilsa, bunday holatlarda ushbu tashkilotning huquqiy vorisi vujudga keladi. Mazkur holda harbiy xizmatdan qaytgan shaxsni avvalgi ish joyiga joylashtirish majburiyati ana shu voris tashkilot zimmasiga yuklanadi. Bu huquqiy mexanizm mehnat huquqi doirasida oʻta muhim sanaladi, chunki u ishga joylashishdagi uzluksizlik, lavozimni saqlash va mehnat stajini uzilishsiz davom ettirish imkonini beradi.
Huquqiy voris boʻlgan tashkilot harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxsni ishga joylashtirishda ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Agar tashkilot butunlay tugatilayotgan boʻlsa, yaʼni uning huquqiy vorisi mavjud boʻlmasa, unda harbiy xizmatdan qaytgan shaxsni ishga joylashtirish boʻyicha masʼuliyat mahalliy mehnat organlariga yuklatiladi. Mazkur organlar davlat siyosatini joylarda amalga oshiruvchi vakolatli tuzilma sifatida, xizmatdan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ularga mos boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish, ularni kasbiy yoʻnaltirish, qayta tayyorlash va qayta malaka oshirish kurslariga yoʻnaltirish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Shuningdek, amaldagi qonunchilikda bunday toifadagi shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida ular uchun mehnat bozorida imtiyozlar berish, ijtimoiy himoya mexanizmlari joriy etish nazarda tutilgan.
Ushbu norma Oʻzbekiston Respublikasida harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishning muhim huquqiy kafolati boʻlib xizmat qiladi. U mehnat huquqining davlat tomonidan himoya qilinishi, mehnat bozorida adolatli raqobatni taʼminlash va davlat-xizmat burchini ado etgan fuqarolarni ishga tiklashdagi dolzarb mexanizm sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu mexanizmning samarali amalga oshirilishi qonun ustuvorligi, davlatning ijtimoiy majburiyatlari va fuqarolarning ishga boʻlgan haqqoniy talablarini toʻliq amalga oshirish uchun huquqiy asos boʻladi.
6. Xodimlarga ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan kafolatlarni berish imkoni boʻlmagan hollarda, mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirishni, zarur boʻlganda esa ularni bepul kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga asosan taʼminlaydi.
Ushbu norma mehnat huquqlarining real taʼminlanishini kafolatlashga qaratilgan. Mazkur normaga sharh berishda bir nechta muhim huquqiy, ijtimoiy va xalqaro-huquqiy nuqtalarni tahlil qilish zarur. Mazkur meʼyor quyidagi holatlarni nazarda tutadi: agar xodimlarga ish beruvchi tomonidan MKda belgilangan kafolatlar (birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarda nazarda tutilgan) amalda taʼminlanmasa, yaʼni ularni boshqa ishga joylashtirish, vaqtincha ishsiz qolganda nafaqa tayinlash, yoki kompensatsiya toʻlash imkoniyati boʻlmasa, bu vazifa davlatning maxsus vakolatli organi - mahalliy mehnat organi zimmasiga yuklatiladi.
7. Ish beruvchi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandiga koʻra, ilgari oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarni, basharti xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida tashkilotda xodim ilgari egallagan oʻsha mutaxassislik va malaka boʻyicha boʻsh (vakant) ish oʻrinlari paydo boʻlgan boʻlsa, ishga qabul qilishi shart.
Ushbu norma texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bogʻliq boʻlgan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining oʻzgarganligida ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimning huquqlarini saqlash, uning kasbiy barqarorligini taʼminlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida joriy etilgan.
Ushbu normaning mazmuniga koʻra, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida tashkilotda ushbu xodim ilgari egallagan mutaxassislik va malakaga toʻgʻri keladigan boʻsh ish oʻrni paydo boʻlsa, ish beruvchi ushbu xodimni qayta ishga qabul qilish majburiyatini yuklaydi.
Qonunda belgilangan ushbu olti oylik muddat aniq va qatʼiy hisoblanadi. Demak, mazkur muddat oʻtganidan soʻng ish beruvchida xodimni ishga qabul qilish boʻyicha majburiyati boʻlmaydi, lekin umumiy tartibda ishga qabul qilishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, normada xodim ilgari egallagan oʻsha mutaxassislik va malaka boʻyicha boʻsh (vakant) ish oʻrinlari deganda mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimning mutaxassisligi va boshqa malaka talablariga mos boʻlgan ish oʻrni nazarda tutilgan.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan xodim ushbu huquqdan foydalanishi, olti oy davomida tashkilotdagi boʻsh (vakant) ish oʻrinlaridan xabardor boʻlib turishi mumkin. Buning uchun boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi maʼlumotlari asosida shakllangan ijtimoiy tarmoqdagi maʼlumotlardan yoki ish beruvchining oʻzidan ushbu maʼlumotlarni olishi mumkin.