Har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak.
Hech bir ichki hujjat, ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjati xodimning huquqiy holatini normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
1. Mazkur modda xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligiga oid qoidalarni belgilaydi. Huquq nazariyasiga koʻra normativ-huquqiy hujjatlar iyerarxiyaga (ustuvorlikka) ega boʻlishi lozim. Har bir normativ-huquqiy hujjat harakat doirasi va taʼsiriga koʻra yuridik kuchga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga koʻra normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
Masalan, Konstitutsiya kodeksdan, kodeks qonundan, qonun farmondan, farmon qarordan yuqori turadi. Qabul qilinadigan har qanday normativ-huquqiy hujjat yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjat (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar va boshqalar) oʻzidan yuqori turuvchi hujjatga asoslanishi va unga muvofiq boʻlishi lozim. Shuning uchun ham, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan printsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir”, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismi talabi boʻyicha har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak. Bu norma asosan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash vakolatiga ega boʻlgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga tegishli.
MISOL
MKning 404-moddasida ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanishi belgilangan.
Demak, qonunosti hujjatlarida (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarida) homiladorlik va tugʻish taʼtili uchun nafaqaning miqdori oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmasligi kerak.
2. MKning 12-moddasida koʻrsatilgan hech bir ichki hujjat, ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjati xodimning huquqiy holatini normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
Bunday hollarda qabul qilingan hujjat belgilangan tartibda bekor qilinishi yoki unga tegishli oʻzgartirish hamda toʻldirishlar kiritilishi talab etiladi.
MISOL
Korxona ichki mehnat tartib qoidalarida xodimning bir haftada normal ish vaqti davomiyligini 42 soat etib belgilash mumkin emas.
Bu MKning 182-moddasi talablariga zid va xodimning holatini yomonlashtirmoqda. Chunki 182-moddada xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.
Demak, ichki mehnat tartib qoidalarida xodimning bir haftada normal ish vaqti davomiyligini 40 soat ortiq etib belgilash mumkin emas, lekin kamaytirish mumkin, yaʼni 36 soat etib belgilash mumkin.