534-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning, shuningdek boshqa qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari oʻz vakolatlari doirasida “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.
Faoliyatning ayrim sohalarida ishlarni bexatar olib borish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi (davlat energetika nazorati, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, sanoat, yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va hokazolar) vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan idoraviy nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi davlat organlari haqida va ular bunda qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etishlari lozimligi koʻrsatilmoqda.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar kiradi. Ayrim normativ-huquqiy hujjatlar toʻliq mehnat munosabatlarini tartibga soladigan boʻlsa, ayrimlarining maʼlum bir moddasi, qismi, bandi yoki xatboshi mehnat munosabatlarini tartibga soladi.
Masalan, MK toʻliq mehnat munosabatlari va u bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solsa, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasi va ayrim modda yoki moddasining qismi mehnat munosabatlarini tartibga soladi.
Shunda, ushbu qonunchilik hujjatlari ham mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjati hisoblanadi.
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar MKning 12-moddasida koʻrsatilgan (sharhiga qarang).
Mehnatni muhofaza qilish qoidalari MK, Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa mehnatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar, milliy standartlar va boshqa texnik hujjatlarda hamda ichki hujjatlarda belgilangan.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi (MKning 535-moddasi sharhiga qarang).
Davlat mehnat inspektsiyasidan tashqari boshqa davlat organlari ushbu davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshiradi (ushbu davlat organlari mazkur moddaning keyingi qismlarida koʻrsatilgan).
Davlat mehnat inspektsiyasi va boshqa davlat organlari davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etishi kerak boʻladi.
2. MK va boshqa mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni 20-moddasiga koʻra, vazirliklar, idoralar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda vazirliklar va idoralarning harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi prokuratura organlarining nazorati predmeti hisoblanadi.
Ushbu Qonunning 21-moddasiga koʻra, qonunlar ijrosini tekshirish qonunlarning buzilayotganligi toʻgʻrisidagi arizalar va boshqa maʼlumotlar asosida, shuningdek qonuniylik prokuror tomonidan choralar koʻrilishini talab qiladigan holatda ekanligidan kelib chiqqan holda qonunda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
3. Mehnat munosabatlarida xodimning, boshqa shaxslarning sogʻligʻini, hayotini, tabiatni asrash va boshqa faoliyatning ayrim sohalarida ishlarni bexatar olib borish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Bunga quyidagilarni misol qilish mumkin:
davlat energetika nazorati energetika sohasida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati sanitariya normalari va qoidalariga rioya etilishini, ish joylarida epidemiologik xavfsizlikni taʼminlashni nazorat qiladi;
sanoat, yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati sanoat korxonalaridagi xavfsizlik, yadroviy va radiatsiyaviy obʼyektlardagi xavfsizlik talablarining bajarilishini nazorat qiladi.
Bu turdagi nazoratlar vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
4. Sharhlanayotgan moddaning toʻrtinchi qismida davlat organlari tomonidan idoraviy nazorat ham mavjudligini koʻrsatadi. Bu degani, davlat organlari oʻz tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat qonunchiligiga, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan ichki nazoratni amalga oshiradilar. Bu nazorat ham qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda olib boriladi.
MISOL
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 sentyabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisida”gi nizomning 17-bandiga koʻra, sogʻliqni saqlash vaziriga vazirlik, hududiy boshqaruv organlari va vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish vakolati berilgan. Mazkur vakolatga asosan idoraviy nazorat amalga oshiriladi.
Ushbu modda mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistondagi koʻp bosqichli va kompleks tizimni aks ettiradi. Bu tizim turli davlat organlarining vakolatlarini aniq ajratib, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.