Jamoa kelishuvi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, xodimlar uchun hududiy, tarmoq va respublika darajalarida taraflarning mehnat sharoitlarini, bandlikni hamda ijtimoiy kafolatlarni belgilashga doir majburiyatlarini oʻz ichiga olgan, xodimlar va ish beruvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini kelishib olish maqsadida tuziladigan mehnat toʻgʻrisidagi huquqiy hujjatdir.
Jamoa kelishuvini tayyorlash, tuzish yoki oʻzgartirish yuzasidan jamoaviy muzokaralar oʻtkazish uchun ushbu Kodeksning 50 — 53-moddalarida belgilangan tartibda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalari tuziladi.
Jamoa kelishuvlari yozma shaklda tuziladi.
1. Ushbu moddaning birinchi qismida jamoa kelishuvi tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlib, mehnat toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi huquqiy hujjat ekanligi belgilangan:
yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tartibga soladi (masalan, ishga qabul qilish tartibi, mehnatga haq toʻlash, kafolatlar va kompensatsiyalar);
yakka tartibdagi mehnat munosabatlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi (masalan, ijtimoiy sheriklik, mehnatni muhofaza qilish, kasbga oʻqitish);
taraflarning mehnat shartlarini belgilash, bandlikni taʼminlash va ijtimoiy kafolatlarni oʻrnatishga qaratilgan majburiyatlarini oʻz ichiga oladi;
xodimlar va ish beruvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini kelishib olish maqsadida tuziladi. Jamoa kelishuvini tasdiqlanishi bu taraflarni kelishuvga erishilganligini aks ettiradi.
Shunday qilib, jamoa kelishuvi — bu korxona darajasidagi jamoa shartnomasiga nisbatan yuqoriroq kuchga ega boʻlgan normativ hujjatdir. U bitta ish beruvchi doirasida emas, balki hududiy (masalan, Toshkent shahri), tarmoq (masalan, toʻqimachilik sanoatida) va respublika darajasida amal qiladi.
Jamoa kelishuvlari umumiy minimal standartlarni belgilaydi, ular keyinchalik jamoa shartnomalari va yakka tartibdagi mehnat shartnomalarida aniqlashtiriladi.
2. Moddaning ikkinchi qismi jamoa kelishuvlarini tayyorlash, tuzish yoki oʻzgartirish yuzasidan jamoaviy muzokaralar oʻtkazish uchun ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalari tuzilishini belgilaydi (MKning 50 — 53-moddalari sharhiga qarang).
3. Moddaning uchinchi qismi kelishuvni yozma shaklda tuzish majburiyatini belgilaydi. Bu talab kelishuv tuzilganligi faktini isbotlashga xizmat qiladi, uning ijrosi ustidan tegishli nazoratni kafolatlaydi va kelishuvlarning shaffofligini taʼminlaydi.
Sharhlanayotgan modda talablari XMTning 98 va 144-sonli Konventsiyalari qoidalarda oʻz aksini topgan.