Bosh jamoa kelishuvi aʼzolarining soni eng koʻp boʻlgan respublika kasaba uyushmalari birlashmasi, oʻz vakolatli vakillari orqali xodimlarning boshqa respublika birlashmalari, oʻz vakolatli vakillari orqali ish beruvchilarning respublika birlashmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida tuziladi.
Bosh jamoa kelishuvi Oʻzbekiston Respublikasida kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
1. Sharhlanayotgan modda Bosh jamoa kelishuvining maqomini ijtimoiy sheriklikning quyidagi xususiyatlarga ega boʻlgan umumrespublika darajasidagi normativ hujjati sifatida belgilaydi:
milliy darajada tuziladi;
mehnat, bandlik va ijtimoiy siyosatning strategik masalalariga daxl qiladi.
Shuningdek, ushbu moddada Bosh jamoa kelishuvi taraflarining quyidagi tarkibini belgilaydi:
aʼzolarining soni eng koʻp boʻlgan respublika kasaba uyushmalari birlashmasi. Hozirgi kunda 5,5 milliondan ortiq aʼzosiga ega boʻlgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Bosh jamoa kelishuvida xodimlar vakili sifatida ishtirok etmoqda;
oʻz vakolatli vakillari orqali xodimlarning boshqa respublika birlashmalari;
oʻz vakolatli vakillari orqali ish beruvchilarning respublika birlashmalari. Hozirgi kunda ish beruvchilarning respublika birlashmasi sifatida Oʻzbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi ishtirok etmoqda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.
2. Moddaning ikkinchi qismi Bosh jamoa kelishuvning tartibga solish predmetini tavsiflaydi, yaʼni ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi. Bunga quyidagilar kiradi:
mehnat bozorini tartibga solish va mehnatga haq toʻlash tizimini rivojlantirish;
yangi ish oʻrinlarini yaratish;
kambagʻallikni va norasmiy bandlikni qisqartirish boʻyicha choralar;
aholining ijtimoiy qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari;
mehnat munosabatlarini tartibga solishning tayanch standartlari va ijtimoiy siyosat ustuvorliklari;
davlat va ijtimoiy sheriklarning umumiy majburiyatlari.