483-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtil qaysi joylarda ishlaganlik uchun mehnat haqiga tegishli koeffitsiyentlar belgilangan boʻlsa, oʻsha joylarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarga beriladi.
Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay hududlarning roʻyxati va bunday sharoitlardagi ish uchun beriladigan yillik qoʻshimcha taʼtilning eng qisqa davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan yillik qoʻshimcha taʼtillar belgilanishi mumkin.
1. Agar xodim noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari mavjud hududlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, unga har yilgi qoʻshimcha taʼtil beriladi.
Lekin bu huquq faqat shu hududlarda mehnat haqiga alohida koeffitsiyentlar belgilangan hollarda amal qiladi. Ushbu koeffitsiyentlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan ayrim hududlarda — masalan, issiqlik, sovuqlik, yuqori namlik yoki boshqa qiyin iqlim sharoitlari boʻlgan joylarda ishlaganlik uchun mehnat haqiga hududiy koeffitsiyentlar belgilaydi, buning uchun ushbu hududlarda maxsus tabiiy iqlim sharoitlarini oʻrganish boʻyicha maxsus komissiya va laboratoriyalar orqali oʻrganish olib borilib, oʻrganish natijalariga koʻra xulosa asosida belgilanadi.
Shuning uchun, xodim ushbu hududda ishlaydigan boʻlsa u ish haqini belgilangan koeffitsiyent boʻyicha oladi, shu bilan birga, unga har yilgi qoʻshimcha taʼtil huquqi ham beriladi.
Bu norma ishchi va xizmatchilar uchun kengroq dam olish imkoniyati yaratadi, ogʻir iqlim sharoitlaridagi mehnat salomatlikka salbiy taʼsirini kamaytiradi, mehnat unumdorligini oshiradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi maxsus qaror orqali noqulay iqlim sharoiti boʻlgan hududlar roʻyxatini shakllantiradi. Bu hududlarga, odatda yuqori haroratli hududlar, qattiq sovuq yoki shamolli joylar, yuqori namlikli tumanlar, tabiiy iqlim omillari salomatlikka taʼsir koʻrsatadigan hududlar kiradi hamda shu hududlarda ishlayotgan xodimlarga beriladigan yillik qoʻshimcha taʼtilning eng qisqa davomiyligini tasdiqlaydi.
Ushbu qaror Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 743-son qarori 1-ilovasida “Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari ogʻir va noqulay boʻlgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq toʻlashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qoʻshimcha taʼtilning eng kam muddatini belgilash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tasdiqlangan va ushbu nizomda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar tashkilotlar tomonidan tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari ogʻir va noqulay boʻlgan joylarda ishlaganlik uchun mehnatga haq toʻlashga tuman koeffitsiyentlarini va yillik qoʻshimcha taʼtillarni belgilash shartlarini tartibga soladi.
MISOL
Xodim Navoiy viloyati Uchquduq shahrida joylashgan yer osti burgʻilash konida ishlaydi va jamoa shartnomaga muvofiq unga asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili 27 kalendar kundan iborat.
Biroq Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 743-son qarori 1-ilovasidagi nizom 1-ilovasiga koʻra Uchquduq shahri uchun qoʻshimcha mehnat taʼtilining eng kam muddati 6 kun belgilanganligi uchun xodimga asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili bilan birgalikda 33 kalendar kundan iborat mehnat taʼtili beriladi.
3. Agar xodim noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari mavjud hududlarda ishlasa, unga MK bilan belgilangan qoʻshimcha taʼtildan tashqari, korxonadagi jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari yoki ichki hujjatlar orqali qoʻshimcha taʼtil kunlari ham belgilanishi mumkin. Bu imkoniyat xodimlarga qonun bilan belgilangan minimal imtiyozdan tashqari qoʻshimcha kafolatlar berishni koʻzda tutadi.
MISOL
Agar Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra noqulay iqlim hududidagi xodimlarga, misol uchun Uchquduq shahrida ishlaganlik uchun 6 kunlik qoʻshimcha taʼtil belgilangan boʻlsa, korxonadagi jamoa kelishuvida bu muddat 10 kun qilib belgilangan boʻlishi mumkin.
Shu holda xodim qonun bilan kafolatlangan 6 kunlik qoʻshimcha taʼtildan tashqari yana 4 kun qoʻshimcha taʼtil oladi.