Ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning VI boʻlimida va mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanadi.
Ogʻir ishlarda hamda zararli va xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning, shuningdek mazkur ishlar sogʻligʻiga toʻgʻri kelmaydigan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
1. MKning 388-moddasiga asosan Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari deganda ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning umumiy qoidalari qoʻllanilishini qisman cheklovchi yoxud qoʻshimcha qoidalarni nazarda tutuvchi qoidalarni belgilash tushuniladi.
Shuningdek, mazkur kodeksining 389-moddasiga asosan Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari quyidagi mezonlar boʻyicha tasniflanadi:
1) mehnat munosabatlarining subʼyektlari (ayollar, oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar, voyaga yetmaganlar) boʻyicha;
2) mehnat faoliyatining sohalari, tarmoqlari va turlari (pedagoglar va tibbiyot xodimlari, transport xodimlari va boshqalar) boʻyicha;
3) mehnat sharoitlarining ogʻirligiga va (yoki) zararliligiga qarab;
4) tabiiy-iqlim sharoitlariga qarab;
5) xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlarining xususiyatlari (kasanachilar, masofadan turib ishlovchi xodimlar va boshqalar) boʻyicha.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlarini tasniflashning boshqa mezonlari ham nazarda tutilishi mumkin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 iyuldagi 290-son qarori bilan “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati” tasdiqlangan.
Mazkur roʻyxatga kiritilgan ishlarga oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni jalb etish Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 491-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
XALQARO STANDART
Xalqaro mehnat tashkilotning “Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisida”gi 182-son Konventsiyasi ratifikatsiya qilingan.
Mazkur Konventsiya uni ratifikatsiya qilgan davlatlarga bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishni taʼminlovchi samarali chora-tadbirlar koʻrish majburiyatini yuklaydi.
Konventsiya maqsadlari uchun “bola” atamasi 18 yoshgacha boʻlgan barcha shaxslarga qoʻllaniladi.
Mazkur Konventsiya maqsadlari uchun “bolalar mehnatining ogʻir shakllari” atamasi quyidagilarni qamrab oladi:
a) qullikning barcha shakllari yoki qullikka oʻxshash amaliyot, masalan, bolalarni sotish va ularning trafigi, qarz asosidagi qaramlik va krepostnoy tobelik, shuningdek zoʻraki yoki majburiy mehnat, shu jumladan, bolalardan qurolli mojarolarda foydalanish uchun ularni zoʻrlab yoki majburlab jalb qilish;
b) fohishabozlik bilan shugʻullanish, pornografiya mahsulotlari tayyorlash yoki pornografik tomoshalarda ishtirok etish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish;
c) qonunga xilof faoliyat bilan shugʻullanish uchun, xususan, tegishli xalqaro shartnomalarda belgilangani kabi, narkotiklar tayyorlash va sotish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish;
d) bajarish xususiyatlari yoki sharoitiga koʻra bolalar sogʻligi, xavfsizligi va maʼnaviyatiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlar. (Bunday ish turlari milliy qonun hujjatlari bilan yoki vakolatli hokimiyat organi tomonidan belgilanadi, muntazam tahlil qilib boriladi va zaruratga qarab mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashib, qayta koʻrib chiqiladi).
Konventsiya uni hayotga tatbiq etadigan qoidalar qoʻllanilishi ustidan nazoratni yuritish uchun tegishli mexanizmlarni yaratish orqali amalga oshirilishi lozim.
MILLIY QONUNCHILIK
Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunning 27-moddasida mehnat sharoiti ogʻir, zararli va xavfli ishlarda band boʻlgan xodimlar, shuningdek xodimlarning ayrim toifalari (ayollar, oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslar, mehnat qobiliyati cheklangan shaxslar) uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009 yil 12 mayda 1954-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning yuk koʻtarish va tashish normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan.
Ushbu Nizomning ilovasi bilan belgilangan meʼyorlar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlarida qoʻllanishi shart.
3. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.