Xodim ish jarayonida oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soladigan holatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida ish beruvchini darhol xabardor qilib, oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilguniga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davr mobaynida xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi.
Agar xodimning hayotiga va sogʻligʻiga xavf soladigan holatlar yuzaga kelmaganligi aniqlansa, ish beruvchi ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida belgilangan tartibda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
1. Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilishning zamonaviy vositalarini joriy etishi va ishlab chiqarishda jarohatlanish hamda kasb kasalliklarining oldini oladigan sanitariya-gigiyena sharoitlarini taʼminlashi shart.
Xodimning salomatligi yoki hayotiga xavf tugʻdiruvchi vaziyat paydo boʻlganda, u bu haqda zudlik bilan ish beruvchiga xabar berishi lozim.
Ish beruvchi xodim salomatligiga yoki hayotiga xavf-xatar tygʻdirayotgan holatni bartaraf etmasa, u holda xodim ishni toʻxtatib turishga haqli. Xodim bunday harakati uchun intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Shu tufayli xodim bekor turgan vaqti uchun xodimga ish beruvchi tomonidan oʻrtacha ish haqi toʻlanadi.
Ish beruvchi, mehnat muhofazasi ahvolini nazorat qiluvchi organ tomonidan tasdiqlangan sogʻliqqa va hayotga xavf tugʻdiruvchi omil saqlanib turgan boʻlsa, xodimdan ishni qayta boshlashni va davom ettirishni talab qilishga haqli boʻlmaydi.
Ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzgan va bu fakt mehnat muhofazasi ahvolini nazorat qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan taqdirda, xodim bunday xatarli ish joyida ishlashdan bosh tortishi va mehnat shartnomasini istagan paytda bekor qilishi mumkin. Bunday holda xodimga ishdan boʻshagan paytda beriladigan (bir oylik oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda) nafaqa toʻlanishi lozim.
Ish beruvchi xodimni noqulay (sogʻligʻi yoki hayoti uchun xavfli boʻlgan ishlarda ishlashga majbur etishi, noqulay ishlab chiqarish omillarini bartaraf etmaganligi oqibatida xodimda kasb kasalligi belgilari (simptomlari va sindromlari) paydo boʻlganida tibbiy xulosa asosida uning ixtisosini oʻzgartirguniga qadar oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda boshqa yengilroq ishga oʻtkazilishi lozim. Shuningdek, kasb kasalligi belgilari paydo boʻla boshlagan xodim kasb (malakasi)ni oʻzgartirish uchun oʻqishga yuborilgan davr davomida ham uning oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qolishi lozim.
2. Agar xodimning hayotiga va sogʻligʻiga xavf soladigan holatlar yuzaga kelmaganligi aniqlansa, ish beruvchi MKning 302 — 311-moddalarida belgilangan tartibda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli (ushbu moddalar sharhiga qarang).