Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida toʻrt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerak.
Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari ishining davomiyligi aniq hisobga olinishini taʼminlashi shart.
1. Sharhlanayotgan norma ish vaqtidan tashqari ish (qoʻshimcha ish vaqti) uchun cheklovlarni belgilaydi. Bu xodimning sogʻligʻini himoya qilish va mehnat huquqidagi adolatli ish sharoiti printsipini taʼminlashga qaratilgan.
Ish vaqtidan tashqari ish bu xodim oʻzining normal ish vaqtidan tashqarida ish beruvchining topshirigʻi bilan ishlagan vaqti hisoblanadi.
Ammo ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi ikki kun surunkasida 4 soatdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
MISOL
1-holat. Agar xodim 1 soat ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilsa, keyingi kunda 3 soat jalb etilishi mumkin.
2-holat. Agar xodim 2 soat ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilsa, keyingi kunda 2 soat jalb etilishi mumkin.
3-holat.
Agar xodim 3 soat ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilsa, keyingi kunda 1 soat jalb etilishi mumkin.
4-holat. Agar xodim 4 soat ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilsa, keyingi kunda jalb etish mumkin emas.
Shuningdek, noqulay mehnat sharoitida ushbu muddat bir kunda ikki soatdan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Sharhlanayotgan normada belgilangan mazkur cheklovlar xodimni mehnat zoʻriqishidan himoya qilish uchun joriy etilgan.
Ish vaqtidan tashqari ish uchun har bir soatiga qoʻshimcha haq toʻlanadi va bu odatdagi tarif stavkasiga nisbatan yuqoriroq qilib belgilanadi (masalan, 1,5 yoki 2 baravar miqdorda).
Ish vaqtidan tashqari ish cheklangan soatlarda amalga oshirilishi mumkin va ish haqi qoʻshimcha tartibda toʻlanadi. Bu xodimning sogʻligʻi, dam olish huquqi va mehnat unumdorligiga salbiy taʼsir qilmasligi lozim.
2. Sharhlanayotgan norma ish beruvchiga hisob yuritish majburiyatini yuklaydi va bu holat qoʻshimcha ish vaqtini cheklash va unga adolatli haq toʻlashni taʼminlash uchun xizmat qiladi.
Ish beruvchi har bir xodimning ish vaqtidan tashqari ish soatlarini aniq hisobga olishi shart. Bu hisob mehnat intizomi, mehnat muhofazasi va ish haqi toʻgʻri toʻlanishini taʼminlaydi.
Agar hisob yuritilmasa, xodimning mehnat huquqlari buzilishi, uning sogʻligʻi va dam olish huquqi poymol qilinishi mumkin.
Har qanday qoʻshimcha ish vaqti hisobda aks etgani uchun xodim uning haqiqiy hajmi va unga toʻlanishi kerak boʻlgan haqni talab qila oladi. Bu esa xodim va ish beruvchi uchun huquqiy aniqlik yaratadi.
Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari mehnatini aniq hisobga olishi — bu faqat hisob-kitob emas, balki xodim sogʻligʻini muhofaza qilish, ish haqini adolatli toʻlash va xalqaro mehnat standartlariga rioya qilishning ajralmas qismidir.
Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari ishining davomiyligi aniq hisobga olishi MKning 200-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.