Xizmat safariga yuborilgan xodimga nisbatan xizmat safarining maqsadiga qarab ushbu xodim oʻziga xizmat safariga yuborilgan ish beruvchida belgilangan ish vaqti rejimi tatbiq etiladi yoxud xizmat safaridagi ish rejimi xodimni xizmat safariga yuborgan ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan xizmat safariga oid topshiriq bilan belgilanadi.
Sharhlanayotgan norma mehnat qonunchiligidagi xizmat safari qoidalarining yanada kengaytirilgan koʻrinishi boʻlib, unda xizmat safaridagi xodimning ish vaqti ikkita asosiy mezonga koʻra belgilanishi nazarda tutilgan:
Agar xizmat safaridagi topshiriq qabul qiluvchi tashkilotning ish jarayoniga toʻliq moslashishni talab etsa, u holda xodimga shu tashkilotdagi amaldagi ish vaqti rejimi tatbiq etiladi.
Agar xizmat safari maqsadi qabul qiluvchi tashkilotdagi umumiy ish rejimiga toʻliq bogʻliq boʻlmasa (masalan, xizmat safarining vazifasi tadqiqot, uchrashuvlar yoki maʼlumot toʻplashdan iborat boʻlsa), u holda xodimning ish vaqti xizmat safariga yuborgan ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan topshiriq asosida belgilanadi.
Masalan, xodim ishchi guruh yigʻilishida ishtirok etish yoki maʼlumot toʻplash uchun yuborilsa, u qabul qiluvchi tashkilotning kundalik ish soatlariga toʻliq moslashishi shart emas. Uning ish vaqti yoʻllanmada koʻrsatilgan xizmat safari rejimi bilan chegaralanadi.
Sharhlanayotgan norma xodimning xizmat safarini samarali tashkil etish uchun muhimdir.
Chunki har doim ham xizmat safaridagi vazifa qabul qiluvchi tashkilot rejimiga toʻliq bogʻliq boʻlmaydi. Shu sababli xizmat safaridagi ish vaqti rejimida ikki xil holat belgilab qoʻyilgan:
birinchisi, qabul qiluvchi ish beruvchi rejimi, ikkinchisi, asosiy ish beruvchi tasdiqlagan topshiriq rejimi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisida”gi nizomning 11-bandida ham xizmat safaridagi ish vaqti rejimi haqida koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra xizmat safarida boʻlgan xodimga u yuborilgan tashkilotdagi ish vaqti rejimi va dam olish vaqtlari taalluqli boʻladi. Xizmat safari vaqtida foydalanilmagan dam olish kunlari xizmat safaridan qaytganda tiklanmaydi.
Agar xodim xizmat safari davomida dam olish yoki bayram kunlarida xizmat safariga yuborilgan joyda ishlagan boʻlsa, ushbu kunlarda ishlagani uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq kompensatsiya toʻlanadi.
Agar xodim tashkilot rahbarining tegishli hujjatiga binoan xizmat majburiyatini bajarish uchun dam olish kunida xizmat safariga yuborilsa, unga xizmat safaridan qaytgach belgilangan tartibda boshqa dam olish kuni beriladi.
Xizmat safariga ketish va xizmat safaridan qaytish kunlarida xodimning ishga chiqish masalasi tashkilot rahbari bilan kelishilgan holda hal qilinadi.