494-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Mavsumiy xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi mehnat shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish xususidagi oʻz niyati toʻgʻrisida mavsumiy xodimni:
tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi), shuningdek xodimlarning soni yoki shtati oʻzgarishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida yetti kalendar kun oldin;
mavsumiy xodim malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantirishi shart.
Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, mavsumiy xodim oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida bir kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi.
Mavsumiy xodimni ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish oʻrniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlashga haqli.
Mavsumiy xodim bilan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 173-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilgan asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, unga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi.
1. Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilishni oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlib, ular umumiy tartibdan biroz farq qiladi.
Jumladan, mavsumiy xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli.
MKning 160-moddasida koʻrsatilgan mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilishda ogohlantirish muddatidan boshqa barcha qoidalar qoʻllaniladi (MKning 160-moddasi sharhiga qarang).
Sharhlanayotgan moddada mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalarni bekor qilishda faqat ogohlantirish muddatining qisqaligi bilan farq qiladi, lekin boshqa talablar va tartiblar boʻyicha umumiy qoidalarga rioya etiladi.
2.1. Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomani ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishda ham oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Masalan, mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin bu haqida ogohlantirish muddatlarida kam hisoblanadi.
Ogohlantirishni berishda umumiy qoidalarga rioya etish kerak. Masalan, ogohlantirish xati ish beruvchi tomonidan yozma shaklda xodimning oʻziga berilishi.
2.2. Tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilishi munosabati bilan (MKning 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi), shuningdek xodimlarning soni yoki shtati oʻzgarishi munosabati bilan (MKning 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda umumiy tartibda kamida ikki oy oldin ogohlantirilsa, mavsumiy xodimlar esa kamida yetti kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantiriladi.
2.3. Xodimni malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan (MKning 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida ikki hafta ogohlantirilsa, mavsumiy xodimlar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantirishi shart.
3. Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra, yaʼni xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi yoki xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi sababli (MKning 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari) bekor qilingan taqdirda, mavsumiy xodim oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida bir kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi.
4. Mavsumiy xodimni mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin ogohlantirish oʻrniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlashga haqli. Buning uchun xodimning roziligi shart emas.
Pullik kompensatsiyaning miqdori xodimning ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi.
5. Mavsumiy xodim bilan mehnat shartnomasi MKning 173-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilgan asoslarga koʻra, yaʼni:
ish beruvchining tashabbusiga koʻra, bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslar boʻyicha bekor qilinganligi mustasno;
MKning 168-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 (tashkilotni tugatish qismida) va 9-bandlarida nazarda tutilgan taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra, bundan jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan hollar mustasno. Mehnat shartnomasi MKning 168-moddasi birinchi qismining 4 va 5-bandlariga muvofiq bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi, bundan ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybi bilan buzilgan (sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va boshqalar) yoxud xodimning harakatlari qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga toʻsqinlik qiladigan holatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan hollar mustasno;
xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan;
xodim tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra oʻziga qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish boʻlmaganligi munosabati bilan;
xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga koʻchishni rad etganligi munosabati bilan;
xodim tashkilotning mulkdori almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, idoraviy taalluqliligi (boʻysunuvi) oʻzgarganligi munosabati bilan ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan bekor qilingan taqdirda, unga ish stajidan qatʼi nazar oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi.