Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini oʻn toʻrt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilinganda ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari quyidagilarga nisbatan belgilab qoʻyilgan:
tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilotning bosh buxgalteri va tashkilot alohida boʻlinmasining rahbari (ushbu Kodeks 489-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlari);
mavsumiy xodimlar (ushbu Kodeks 494-moddasining birinchi qismi);
vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan shaxslar (ushbu Kodeks 499-moddasining birinchi qismi);
mikrofirmalar ish beruvchilarining xodimlari (ushbu Kodeks 506-moddasining birinchi qismi);
yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan shaxslar (ushbu Kodeks 511-moddasining birinchi qismi);
uy ishchilari (ushbu Kodeks 518-moddasining birinchi qismi);
qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa xodimlar.
Ogohlantirish muddatining oʻtishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasi olinganidan soʻng keyingi kunda boshlanadi.
Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani pochta joʻnatmasini topshirish haqidagi xabarnoma bilan yuborishga haqli. Bunda mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ogohlantirish muddatini hisoblab chiqarish ish beruvchi tomonidan ariza olingan sanadan soʻng keyingi kunda boshlanadi.
Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq belgilangan yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugaganidan keyin xodim ishni tugatishga haqli, ish beruvchi esa xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqning koʻchirma nusxasini, mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani berishi hamda u bilan hisob-kitobni amalga oshirishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq belgilangan yoki taraflarning kelishuviga koʻra belgilangan ogohlantirish muddati davomida, shu jumladan ogohlantirish muddati soʻnggi kuni ish vaqti tugaguniga qadar xodim oʻzi bergan arizani chaqirib olishga haqlidir.
Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etayotgan boʻlsa, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish haqidagi ariza oʻz kuchini yoʻqotadi, mehnat shartnomasini ushbu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza u oʻz ishini davom ettirishi mumkin emasligi (taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bogʻliq boʻlgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak.
Muddatli mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga koʻra muddatidan oldin bekor qilinganda ushbu Kodeksning 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda xodim tomonidan neustoyka toʻlash belgilanishi mumkin.
1. Xodimning mehnat shartnomasini oʻz tashabbusi bilan bekor qilish huquqi mehnat huquqi erkinligining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Konstitutsiyada ham har bir shaxs mehnat qilish yoki qilmaslik, ish joyini erkin tanlash huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shu maʼnoda, xodim mehnat munosabatlarini toʻxtatishni xohlaganda uning bu huquqi cheklanishi mumkin emas, faqat uni amalga oshirish tartibi mehnat qonunchiligi bilan belgilab qoʻyiladi.
MKning umumiy normasiga koʻra, xodim shartnomani bekor qilish niyatida boʻlsa, ish beruvchini 14 kalendar kun oldin yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Bu muddat ish beruvchiga oʻzining tashkiliy choralarini koʻrish, boshqa ishchi topish yoki ish jarayonini qayta taqsimlash imkonini beradi.
Ayrim toifadagi xodimlar uchun ogohlantirish muddatlari qisqartirilgan yoki oʻzgacha tartibda belgilangan. Buning asosiy sabablari:
Ishning tabiati va muddati (masalan, mavsumiy yoki vaqtinchalik ishlarda ish jarayoni qisqa davrga moʻljallangan, shunga koʻra ogohlantirish muddati ham qisqartiradi).
Ish beruvchi subʼyektining oʻlchami (mikrofirmalar yoki yakka tadbirkorlarda tashkilotning kichikligi tufayli ishchi kuchini almashtirish osonroq boʻladi).
Ishning oʻziga xosligi (uy ishchilarida mehnat munosabatlari shaxsiy ishonchga asoslangani uchun ogohlantirish muddati boshqacha tartibda belgilangan).
Rahbar, uning oʻrinbosari yoki bosh buxgalter uchun maxsus qoidalar joriy etilgan. Sababi – ularning ketishi tashkilot faoliyatida jiddiy taʼsir qiladi. Shuning uchun qonun ularga nisbatan alohida muddatlar yoki tartiblarni belgilab, ish beruvchi manfaatini ham muhofaza qilgan.
Xodim shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida ariza berganda ish beruvchi uni rad etish yoki muddatni uzaytirishga haqli emas. Ammo qonun belgilangan ogohlantirish muddatiga rioya qilinishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 20-bandiga koʻra, xodim tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi nizolarni koʻrishda sudlar, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini oʻn toʻrt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli ekanligini eʼtiborga olishlari lozim.
Xodimning tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari ham mavjud boʻlib, ular amaldagi MKning 489, 494, 499, 506, 511 va 518-moddalarida koʻrsatilgan.
Shuningdek, mehnat shartnomasini sportchining tashabbusi bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddatining davomiyligi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan tegishli sport turi yoki turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalarining) tavsiyalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi belgilaydigan muddatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.
Ogohlantirish muddatining oʻtishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasi olinganidan soʻng keyingi kunda boshlanadi.
Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga koʻra oʻn toʻrt kalendar kun ogohlantirish muddati tugagunga qadar ham ish beruvchi bilan xodimning kelishuviga koʻra bekor qilinishi mumkin. Bu holatda, mehnat shartnomasiga alohida qoʻshimcha kelishuv tuzish talab etilmaydi.
Qonunda belgilangan yoki taraflar kelishuviga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati oʻtmasdan xodimning roziligisiz mehnat munosabatlarini bekor qilish ushbu mehnat shartnomasini bekor qilishni gʻayriqonuniy deb topishga va xodimning avvalgi ishiga tiklash haqidagi talabini qanoatlantirishga asos boʻladi.
Xodimning ogohlantirish muddati oʻtmasdan oʻzboshimchalik bilan ishni tashlashi u tomonidan mehnat majburiyatlarini buzish deb baholanadi.
Qonunda belgilangan oʻn toʻrt kalendar kunlik ogohlantirish muddati taraflarning kelishuviga koʻra qisqartirilganda ham, mehnat shartnomasi MKning 157-moddasiga (mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga koʻra bekor qilish) asosan emas, balki MKning 160-moddasiga (mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish) koʻra bekor qilinadi, chunki bu holatda mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi xodim tomonidan bildirilgan boʻlib, taraflar oʻrtasidagi kelishuv esa mehnat shartnomasi bekor qilinishini emas, balki mehnat shartnomasini aynan qaysi sanadan bekor qilish toʻgʻrisida ekanligini anglatadi.
Qonunda belgilangan yoki xodim va ish beruvchi kelishuviga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati davomida xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida buyruq chiqarilgan boʻlishidan qatʼiy nazar arizasini qaytarib olishga haqli.
Agar xodimning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtili berilgan boʻlsa, xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini mehnat taʼtili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olishga haqli.
Xodimning oʻrniga boshqa xodim taklif etilganligi arizani qaytarib olishni rad qilishga asos boʻlmaydi, chunki ish beruvchi boshqa xodimni avvalgi xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyingina ishga qabul qilishini koʻrsatgan holda taklif qilishga haqli.
Ogohlantirish muddati oʻtgan boʻlsa-da, mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan boʻlsa, xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizasi oʻz kuchini yoʻqotadi va bu arizaga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xodim tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida berilgan ariza ish beruvchini ogohlantirish muddati oʻtmasdan boshqa asoslar boʻyicha belgilangan tartibga rioya qilgan holda mehnat shartnomasini bekor qilish huquqidan mahrum qilmaydi.
Agar xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizada u tomonidan ishni davom ettirishning imkoniyati yoʻqligi asoslantirilgan (taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylanib qoʻyiladigan lavozimga saylanishi va hokazo) boʻlsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi shart.
2. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish haqida yozma ariza taqdim etgan kun ogohlantirish muddatini hisoblashda inobatga olinmaydi va muddat keyingi kundan boshlanib hisoblanadi. Masalan, xodim 1 oktyabrda ariza bersa, 14 kunlik muddat 2-oktyabrdan boshlanadi va 15 oktyabrda tugaydi.
Muddat kalendar kunlarda hisoblanadi, yaʼni dam olish va bayram kunlari ham mazkur muddatga kiritiladi.
Agar muddatning oxirgi kuni dam olish yoki bayram kuniga toʻgʻri kelsa, u holda qonunchilikda belgilangan qoidalarga koʻra keyingi ish kuni tugash kuni deb hisoblanishi mumkin.
3. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchiga shaxsan topshirishi mumkin. Agar shaxsan topshirish imkoni boʻlmasa, sharhlanayotgan norma xodimga pochta orqali, xabarnoma bilan yuborish huquqini ham beradi.
Bu holatda ariza yuborilgan sana emas, ish beruvchi arizani olgan sana hisobga olinadi. Ish beruvchi arizani pochtadan olgan kun ogohlantirish muddatini hisoblashda inobatga olinmaydi va muddat keyingi kundan hisoblanadi. Masalan, pochta orqali yuborilgan ariza ish beruvchiga 10 oktyabrda topshirilsa, ogohlantirish muddati 11 oktyabrdan boshlanadi.
4. Mehnat shartnomasi ikki tomonlama kelishuv asosida tuzilganligi sababli mehnat shartnomasi ham taraflarning yozma kelishuvi asosida bekor qilinishi mumkin.
Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish haqida yozma ariza berganidan keyingi 14 kalendar kun oʻtishi shart emas, agar ish beruvchi va xodim rozi boʻlsa, shartnoma muddat tugashidan oldin ham bekor qilinadi.
Qonunda belgilangan oʻn toʻrt kalendar kunlik ogohlantirish muddati taraflarning yozma kelishuviga koʻra qisqartiriladi.
HUJJATLARDAN NAMUNA
Mehnat shartnomasini xodim tashabbusiga ko'ra bekor qilish bo'yicha ogohlantirish muddatini qisqartirish haqida
KELISHUV
(Mehnat kodeksi 160-moddasi to'rtinchi qismi tartibida)
______- son "__" ___________ 202__ -yil.
_______________________________ (tashkilot nomi)dan (vazir, direktor, rais, boshqara boshlig'i, bosh shifokor va h.k.) _______________________ (rahbarning F.I.Sh), keyingi o'rinlarda Ish beruvchi deb yuritiladi, bir tomondan hamda fuqaro _______________________(xodimning F.I.Sh), keyingi o'rinlarda Xodim deb yuritiladi, ikkinchi tomondan mazkur kelishuv bitimini quyidagilar to'g'risida tuzdilar:
1. Ushbu kelishuvni tuzishdan maqsad ____________________ lavozimidagi xodim _____________(F.I.Sh) ning o'z tashabbusiga ko'ra u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida yozilgan "__" ______________ 202__-yildagi arizasi bo'yicha ogohlantirish muddatini qisqartirishdan iboratdir
2. Xodimning o'z tashabbusiga ko'ra u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi "__" ______________ 202__-yildagi arizasi bo'yicha ogohlantirish muddati Mehnat kodeksi 160-moddasi to'rtinchi qismiga muvofiq xodim va ish beruvchi o'rtasidagi kelishuvga asosan qisqartirilib, mehnat shartnomasini bekor qilish muddati sifatida "__" ______________ 202__-yil belgilandi.
3. Taraflarning imzolari:
Xodim:
(Ism, familiyasi,otasining ismi)
Pasport ma'lumotlari (pasport seriya, raqami):
JShShIR:
Yashash manzili:
Elektron pochta manzili (bor bo'lsa):
Telefon raqami:
(Sana)
(Imzo)
Ish beruvchi:
______________ (tashkilot nomi)
rahbari (Ism, familiyasi, otasining ismi)
Joylashgan manzili:
Elektron pochta manzili:
INN:
Telefon raqami:
(Sana)
(Imzo)
5. Xodim belgilangan yoki kelishuvga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugagach, mehnat munosabatlarini tugatish huquqiga ega. Ish beruvchi esa bu holatda mehnat shartnomani bekor qilish haqida buyruq chiqarishi shart.
Ogohlantirish muddati tugagan kundan eʼtiboran ish beruvchi quyidagilarni bajarishi shart:
xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqning koʻchirma nusxasini berishi;
xodimga mehnat daftarchasini topshirish (elektron mehnat daftari yuritilsa — undan koʻchirma berish);
xodim bilan barcha hisob-kitoblarni toʻliq amalga oshirishi shart (ish haqi, kompensatsiya, taʼtil puli va boshqa toʻlovlar).
Agar ish beruvchi ushbu majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmasa, xodimning mehnat huquqlari buzilgan hisoblanadi va sudga mazkur nizo yuzasidan murojaat qilish huquqi vujudga keladi.
6. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ariza berganidan keyin ogohlantirish muddati davomida oʻz fikrini oʻzgartirishi mumkin.
Agar xodim mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizasini qaytarib olsa, ish beruvchi shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarishga haqli emas.
Bunda xodim arizasini qaytarib olish haqida yozma tartibda ish beruvchiga murojaat qiladi. Mazkur yozma ariza pochta orqali, shuningdek ish beruvchiga yoki uning vakillariga shaxsan topshiriladi.
Xodimning oʻrniga boshqa xodim taklif etilganligi arizani qaytarib olishni rad qilishga asos boʻlmaydi, chunki ish beruvchi boshqa xodimni avvalgi xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyingina ishga qabul qilishini koʻrsatgan holda taklif qilishga haqli.
Shuningdek, agar xodimning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtili berilgan boʻlsa, xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini mehnat taʼtili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olishga haqli.
Ish beruvchi xodimning ishini davom ettirishi uchun barcha zarur sharoitlarini saqlab qolishi shart.
7. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berishi orqali ish beruvchini xabardor qiladi. Bu ariza xodimning shartnomani bekor qilish niyatini bildiradi, lekin oʻz-oʻzidan mehnat shartnomasini bekor qilishini anglatmaydi.
Agar ogohlantirish muddati tugab, xodim ishni davom ettirayotgan boʻlsa, bu uning mehnat munosabatlarini saqlab qolish niyati borligini anglatadi va ariza huquqiy kuchini yoʻqotadi. Keyinchalik ish beruvchi shu arizaga tayangan holda mehnat shartnomasini bekor qila olmaydi.
8. Odatda xodim ishdan boʻshashdan oldin 14 kunlik ogohlantirish muddatiga rioya qilishi kerak. Biroq ayrim holatlarda bu muddat xodimning tashabbusi bilan qisqartirilishi mumkin.
Xodim pensiyaga chiqqanligi, lavozimga saylanganligi kabi vaziyatlarda qonun ish beruvchiga xodim iltimos qilgan sanadan shartnomani bekor qilishni majburiyat qilib belgilab qoʻygan.
Xodimning asosli sabablari mavjud boʻlsa, ish beruvchi uni 14 kun ishlatib qoʻyishga yoki muddat tuguncha ishda ushlab turishga haqli emas.
Bu qoida xodimning shaxsiy hayoti, taʼlim olishi, siyosiy faoliyati yoki pensiya huquqidan foydalanishini cheklab qoʻymasligiga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 19-bandida agar mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinishi haqidagi ariza u oʻz ishini davom ettirishi mumkin emasligi (taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) sababli berilgan boʻlsa, xodim neustoyka toʻlashdan ozod qilinganligi qayd etilgan.
Xodimning ushbu tashkilotda oʻz ishini davom ettirishining imkoni yoʻqligini aks ettirgan roʻyxat MKda taxminiy koʻrsatilganligi sababli sudlar ishdagi aniq hujjatlarni hisobga olgan holda boshqa holatlarni (xodim sogʻligʻining holati, nogironligi boʻlgan oila aʼzosiga qarashi zaruriyati, turmush oʻrtogʻining harbiy xizmatni oʻtash uchun boshqa joyga yuborilishi va boshqalar) eʼtiborga olib, xodimni neustoyka toʻlashdan ozod qilishi mumkin.
9. Muddatli mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuziladi va odatda shu muddat oxirida oʻz-oʻzidan mehnat munosabatlari tugatiladi.
Agar xodim uni muddatidan oldin bekor qilishni istasa va shartnomada maxsus shart qoʻyilgan boʻlsa, xodim muddatidan oldin shartnomani bekor qilgani uchun ish beruvchiga belgilangan miqdorda kompensatsiya (neustoyka) toʻlaydi.
Agar mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinishi haqidagi ariza u oʻz ishini davom ettirishi mumkin emasligi (taʼlim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) sababli berilgan boʻlsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlashdan ozod qilinadi.