Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:
jamoa kelishuvlari;
jamoa shartnomalari;
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
Sharhlanayotgan moddada mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning roʻyxati berilgan boʻlib, xususiyatiga koʻra ular mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjati va mehnat shartnoma hisoblanmaydigan normativ hujjatlar hisoblanmaydi.
MKning tegishli moddalarida “mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar” degan jumla ishlatilganda quyidagi hujjatlarni bildiradi:
jamoa kelishuvlari (MK 9-bob sharhiga qarang);
jamoa shartnomalari (MK 8-bob sharhiga qarang);
ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
Ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar toifasiga ichki mehnat tartibi qoidalari, nizomlar, yoʻriqnomalar, taʼtillar jadvali kabi hujjatlar kiradi. Ushbu hujjatlarning ayrimlari MK yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida kasaba uyushmasi bilan kelishib qabul qilishi koʻrsatilgan boʻlsa, ayrimlari ushbu talab boʻlmasada, ish beruvchi ijtimoiy sheriklik printsipiga asosan kasaba uyushmasi bilan kelishib qabul qiladi.
Mazkur hujjat kasaba uyushmasi bilan kelishib qabul qilingandan keyin qonunchilikda nazarda tutilmagan boʻlsa ham ushbu hujjat ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjat hisoblanadi.
Ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar deganda, ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq ravishda yakka tartibda aniq bir yoki bir nechta xodimga nisbatan qabul qilinadigan, aniq huquqiy oqibatlarni vujudga keltiradigan hujjatlar tushuniladi.
Bunday hujjatlar ish beruvchi (korxona rahbari) tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi, ular umumiy qoida emas, balki aniq shaxs(lar)ga qaratilgan boʻladi.
Bu hujjatlar mehnat munosabatlarini vujudga keltiradi, oʻzgartiradi yoki bekor qiladi, majburiy kuchga ega boʻlib, ijro etilishi shart.
Ish beruvchining oʻz vakolati doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlari - bu aniq xodimga qaratilgan, mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi boshqaruv qarorlaridir.
MKning 18-moddasiga koʻra ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz vakolatlari doirasida muayyan xodimga (xodimlarga) yoki jamoaga yoʻnaltirilgan va bir marta qoʻllanilish (ishga qabul qilish, mehnat sharoitlarini oʻzgartirish, boshqa ishga oʻtkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish, xodimga mehnat taʼtili berish, xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash, xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi va boshqa buyruqlar) uchun moʻljallangan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar- buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar qabul qilishi mumkin.
Rahbar yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar buyruqlar yoki farmoyishlar tarzida eʼlon qilinadi. Kollegial ijro etuvchi organ tomonidan qabul qilinadigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar qarorlar tarzida qabul qilinadi.
Yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar esa faqat muayyan xodim(lar)ga nisbatan amal qiladi hamda individual huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Ish beruvchining yakka tartibda qabul qilgan har qanday buyrugʻi qonunga zid boʻlsa, xodim huquqlarini buzsa, xodim tomonidan sud orqali bekor qilinishi mumkin.