Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet davlatlar fuqarolari va doimiy ravishda boshqa davlatlar hududida yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar vakolatli davlat organi bergan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olinganidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilganidan keyin tuziladigan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.
Ushbu moddada Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma mavjud boʻlganda mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xususiyati ochib berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4008-son qarori bilan respublika hududida xorijiy malakali mutaxassislarning mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son qarori bilan “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizom” tasdiqlangan.
Mazkur Nizom ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni “Litsenziya” axborot tizimi orqali berish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat egalarining faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizomga 20-ilova bilan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma pasporti” tasdiqlangan.
Pasportda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nomi, amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar), ariza beruvchilar toifasi, ruxsat etish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar va boshqa talablar koʻrsatilgan.
Shuningdek, MKning 30-bobida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari koʻrsatilgan.