Jismoniy shaxs bilan ushbu Kodeks 11-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan munosabatlarni haqiqatdan tartibga soluvchi fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomani tuzish ushbu munosabatlarning sud tomonidan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilishiga sabab boʻladi. Bunday holda mehnat shartnomasi fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanadi, taraflarning munosabatlari esa shartnomada shartlashilgan ishni jismoniy shaxs tomonidan bajarish boshlangan kundan eʼtiboran yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etiladi.
Shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar tugatilgan taqdirda, ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish sud tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur shartnoma boʻyicha ijrochi boʻlgan jismoniy shaxs ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish uchun yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda sudga murojaat qilishga haqlidir.
1. Sharhlanayotgan moddada shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish bilan bogʻliq tartiblar haqida soʻz boradi.
Maʼlumki, mehnat munosabatlari ishlab chiqarish munosabatlarining hamda jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning bir qismi sifatida jamiyat taraqqiyoti darajasini, uning obʼyektiv ehtiyojlarini, taraqqiyot tendentsiyalarini oʻzida ifodalaydi.
Mehnat huquqiy munosabatlar har qanday boshqa ijtimoiy huquqiy munosabatlar singari turli yuridik faktlar (shartnomalar tuzilishi, maʼmuriy aktlar qabul qilinishi, yuridik ahamiyat kasb etadigan harakatlar) sodir etilishidan vujudga keladi. Mehnat oid huquqiy munosabatlar yuzaga kelishida mehnat shartnomasi tuzilishi orqali oʻz erki va irodasini ifoda etilishi muhim oʻrin tutadi. Muayyan hollarda maʼmuriy aktlar, qonun hujjatlari qabul qilinishi, saylov yoki tanlov oʻtkazilishi tufayli ham mehnat munosabatlari yuzaga kelishi mumkin.
Yuqoridagi asoslarga koʻra yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega boʻlgan munosabatlar bir-biridan farq qiladi. Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilganda fuqaro tashkilot bilan mehnat munosabatlariga kirishmaydi, uning taraflari xodim va ish beruvchi emas, balki ijrochi va buyurtmachi hisoblanadi, shuningdek MKda nazarda tutilgan kafolatlar fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada nazarda tutilmaydi, shu sababli taraflarning munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.
2. Mazkur moddaga koʻra, shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar tugatilgan taqdirda, ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish sud tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu holatda huquqiy baho berishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi tomonidan 2023 yil 20 noyabr kuni “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 26-son qarorida koʻrsatilgan asoslarga tayaniladi.
Mehnat shartnomasi tuzilmagan, lekin yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelgan deb sud tomonidan eʼtirof etilgandan keyin, xodimning ishlagan davridagi barcha mehnat huquqlari ham tiklanishi kerak, yaʼni ish staji, belgilangan miqdordagi ish haqini olishi, taʼtillardan foydalanish kabi.