526-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari uchun qonunchilikda ishga qabul qilishning, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilishning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomalarning amal qilish muddati yuqori malakali mutaxassis yoki malakali chet el mutaxassislari uchun, ularning xohishiga koʻra, tasdiqnomalar berilgan kundan eʼtiboran uch yilgachani tashkil etadi, cheklanmagan miqdorda uzaytirishlar imkoniyati bilan beriladi, lekin bu miqdor har bir holda koʻpi bilan uch yildan ortiq boʻlmasligi kerak.
Yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻrindoshlik asosida ishlash huquqiga ega.
Mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar oʻttiz ish kuni ichida boshqa ish joyini izlashga haqlidir, bu davrda ularga ilgari berilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomalar, shuningdek vizalar va yashash guvohnomalarining amal qilishi saqlanadi.
Chet el fuqarolarini yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar toifasiga kiritish mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari uchun qonunchilikda ishga qabul qilishning, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilishning umumiy tartibdan tashqari boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkinligini belgilaydi. Ushbu boshqacha tartib sharhlanayotgan moddaning keyingi qismlarida MKning boshqa moddalarida va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan.
Mazkur normaga asosan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari uchun ishga qabul qilishning, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilishning umumiy tartibdan tashqari boshqacha tartiblar nazarda tutilishi inobatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 109-moddasiga koʻra:
quyidagi chet ellik fuqarolar yuqori malakali mutaxassislar deb eʼtirof etiladi:
roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida birinchi 1 000 oʻrinni egallovchi oliy taʼlim muassasalarini bitirganlar;
talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik boʻyicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega boʻlganlar;
Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga oltmish ming AQSH dollari ekvivalentidagi summadan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar;
quyidagi chet ellik fuqarolar malakali mutaxassislar deb eʼtirof etiladi:
oliy maʼlumotga ega boʻlganlar;
talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik boʻyicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega boʻlganlar;
Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga oʻttiz ming AQSH dollari ekvivalentidagi summadan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar.
MILLIY QONUNCHILIK
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4008-son qarorida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislarini jalb etish boʻyicha vazirlik va idoralarning vazifalari, topshiriqlar, tegishli huquqiy normalar belgilangan.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarning amal qilish muddati va uni uzaytirish tartibini tushuntiradi.
Yuqori malakali yoki malakali chet el mutaxassislariga beriladigan tasdiqnomalarning dastlabki amal qilish muddati ularning xohishiga koʻra, uch yilgacha etib belgilanishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, mutaxassis tasdiqnomani olayotganda, uning amal qilish muddatini 1 yil, 2 yil yoki toʻliq 3 yil etib tanlashi mumkin.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, bu tasdiqnomalarning amal qilish muddatini cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati mavjud. Yaʼni, agar chet el mutaxassisi Oʻzbekistonda ishlashni davom ettirmoqchi boʻlsa, u tasdiqnomasining amal qilish muddati tugashidan oldin uni uzaytirish uchun ariza berishi mumkin.
Garchi uzaytirishlar soni cheklanmagan boʻlsa-da, har bir uzaytirish muddati koʻpi bilan uch yildan ortiq boʻlmasligi kerak. Bu degani, tasdiqnoma har safar uzaytirilganda, uning muddatini yana 1, 2 yoki 3 yilga uzaytirishingiz mumkin, lekin bir vaqtning oʻzida 4 yoki undan ortiq yilga uzaytirishga ruxsat berilmaydi.
Bu qoida faqat yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali chet el mutaxassislari uchun amal qiladi.
Ushbu norma yuqori malakali chet el mutaxassislariga Oʻzbekistonda uzoq muddatli mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadi.
3. Yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlaridan biri ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻrindoshlik asosida ishlash huquqiga ega ekanligi hisoblanadi.
Yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassislar mehnatidan faqat asosiy ish joyi sifatida foydalanayotgan ish beruvchilar tasdiqnoma olishlari lozim, lekin ularning mehnatidan oʻrindoshlik ish joyi sifatida foydalanayotgan ish beruvchilar tasdiqnoma olishi talab etilmaydi.
Bu qoidaning asosiy maqsadi, Oʻzbekistonga yuqori malakali kadrlarni jalb qilish va ularning mehnat faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishdir.
4. Agar yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar sifatida Oʻzbekistonda mehnat shartnomasi asosida ishlagan boʻlsa va shartnoma muddatidan oldin bekor qilinsa, ularga qulaylik yaratiladi. yaʼni oʻttiz ish kuni davomida yangi ish joyini izlash imkoniyati boʻladi.
Bu davr mobaynida ularga ilgari berilgan quyidagi hujjatlarning amal qilish muddati saqlanib qoladi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma;
vizalar;
yashash guvohnomalari.
Bu qoidaning asosiy ahamiyati shundaki, mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda ham, yuqori malakali va malakali mutaxassislar darhol mamlakatni tark etishga majbur boʻlmaydilar. Ularga yangi ish topish uchun yetarli vaqt beriladi. Bu, oʻz navbatida, xorijiy investorlar va mutaxassislar uchun Oʻzbekistonda ish faoliyatini olib borishda qoʻshimcha kafolat va ishonch muhitini yaratadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4008-son qarorining 3-bandiga koʻra:
a) yuqori malakali mutaxassislar deb quyidagi chet el fuqarolari tan olinadi:
roʻyxati xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallaydigan oliy taʼlim muassasalarini bitirgan;
eʼtirof etilgan mutaxassislik yoki diplomdagi mutaxassislik boʻyicha 5 yildan kam boʻlmagan ish tajribasiga ega boʻlgan;
Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb qilish shartlari yiliga 60 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan summada ish haqi (mukofot) olishni nazarda tutuvchi;
b) malakali mutaxassislar deb quyidagi chet el fuqarolari tan olinadi:
oliy maʼlumotga ega boʻlgan;
eʼtirof etilgan mutaxassislik yoki diplomdagi mutaxassislik boʻyicha 5 yildan kam boʻlmagan ish tajribasiga ega boʻlgan;
Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb qilish shartlari yiliga 30 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan summada ish haqi (mukofot) olishni nazarda tutuvchi.