Ish haqi asosiy (bazaviy) va qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismlardan iborat boʻladi.
Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi ushbu ish beruvchida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash tizimi asosida belgilanadi va qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi uning doimiy tarkibiy qismi boʻlib, xodimga belgilangan mehnat normalariga (tarif stavkalariga, maoshlarga) koʻra haqiqatda ishlab berilgan vaqt yoki haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblanadi.
Ish haqining qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismini qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar tashkil etadi.
1. MKning 21-moddasiga koʻra, oʻz malakasiga, mehnatning murakkabligiga, bajarilgan ishning miqdori va sifatiga muvofiq oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda ish haqi olish xodimning huquqi hisoblanadi.
Mehnat toʻgʻrisidagi bir qancha qonunchilik hujjatlarida ish haqi tushunchasi berilgan boʻlib, ushbu toʻlov miqdorini aniqlashda MK 248-moddasi normalariga eʼtibor qaratish lozim boʻladi.
Ish haqi tarkibi asosiy (bazaviy) va qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismlardan iborat boʻladi.
Ish haqi asosiy (bazaviy) qismi tarif stavkalar (tarif razryadlari va tarif koeffitsiyentlarda hisoblanadigan usul) va maoshlar (ishbay, yaʼni bajariladigan ishning natijasi boʻyicha) hisoblanadi hamda qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasida belgilanadi.
2. Ish haqi asosiy (bazaviy) qismi:
ish beruvchida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash tizimi asosida belgilanishi va amalga oshirilishi kerak (qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasida belgilangan);
mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan);
belgilangan mehnat normalariga (tarif stavkalariga, maoshlarga) koʻra haqiqatda ishlab berilgan vaqt (vaqtbay mehnatga haq toʻlash tizimida) yoki haqiqatda bajarilgan (ishbay mehnatga haq toʻlash tizimida) ish uchun hisoblanishi kerak.
Amalda belgilangan ish haqi asosiy (bazaviy) qismini oʻzgartirish mehnat shartlarini oʻzgartirish hisoblanadi va MKning 247-moddasi tartibida amalga oshiriladi.
MILLIY QONUNCHILIK
Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatchilarining lavozim maoshlariga yigirma foizli ustama haq belgilash toʻgʻrisida”gi 1997 yil 3 iyuldagi 339-son qarorining 1-bandiga muvofiq, 1997 yil 1 iyuldan boshlab byudjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va sudlarning davlat xizmatchilari lavozim maoshlariga 20 foizli ustama haq (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti) belgilangan (keyinchalik 40 foizga oshirilgan) boʻlib, ushbu ustama ish haqining qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismi hisoblansada, lekin ushbu miqdor belgilangan toifadagi xodimlar uchun oʻzgarmas hisoblanadi.
Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimi yoki tarifsiz tizimida ish haqi asosiy (bazaviy) qismini belgilashda yuqoridagi talablarga rioya etiladi, lekin bu ushbu belgilangan miqdor toʻlanishi kerak degani emas. Balki haqiqatda bajarilgan ish uchun toʻlov amalga oshiriladi.
3. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismidan tashqari toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar ish haqining qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismi hisoblanadi.
Qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasida xodimga ish haqi toʻlanishi koʻrsatilgan boʻlsa, ushbu toʻlovlarni amalga oshirishda xodimga toʻlanadigan barcha toʻlovlar ham hisobga olinmaydi.
Masalan, taʼtillar uchun haq toʻlash, mehnat shartnomasini bekor qilingandagi toʻlovlar, moddiy yordamlar va toʻlovlar.
Moddiy yordamlarga misol sifatida Soliq kodeksining 377-moddasi 10-bandida koʻrsatilgan quyidagi moddiy yordamlarni koʻrsatish mumkin:
vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga koʻrsatiladigan;
xodimga mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoxud sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetganligi bilan bogʻliq holda koʻrsatiladigan
(MKning 322-modda koʻrsatilgan toʻlovlardan tashqari);
bola tugʻilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan oʻtishi munosabati bilan koʻrsatiladigan;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablagʻlar berish tarzida koʻrsatiladigan moddiy yordam.
Ish haqini hisoblashda MKning 248-moddasiga koʻra ish haqining asosiy (bazaviy) qismidan tashqari kompensatsiya yoki ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, mukofotlar va boshqa toʻlovlar inobatga olinadi.
Kompensatsiya xususiyatiga ega toʻlovlar MKning 286-moddasida koʻrsatilgan va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlar MKning 252-moddasida koʻrsatilgan.
MISOL
Xodimga mehnat shartnoma boʻyicha 5 mln soʻm lavozim maoshi belgilangan boʻlib, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni tashkilotning Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshirish mehnat shartnomada koʻrsatilgan.
Tashkilotning Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomida har oyda ish faoliyati samaradorligi koʻrsatkichlariga qarab, lavozim maoshining 200 foizi miqdorida ustama, bayram sanalari munosabati bilan mukofot berilishi belgilangan.
Ushbu misolda 5 mln soʻm ish haqining asosiy (bazaviy) qismi boʻlsa, ustama va mukofot ish haqining qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismi hisoblanadi.