Ayrim toifadagi xodimlar (tashkilot rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, bosh buxgalterlar, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar, oʻrindoshlik asosida ishlaydiganlar va boshqalar) uchun ushbu Kodeksning VI boʻlimiga muvofiq mehnatiga haq toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari belgilanadi.
Sharhlanayotgan modda havolaki norma boʻlib, unga koʻra ayrim toifadagi xodimlar mehnatiga haq toʻlash 15-bobdan tashqari oʻziga xos xususiyatlari belgilanishi koʻrsatilmoqda.
Ayrim toifadagi xodimlarga MKning VI boʻlimida koʻrsatilgan quyidagilar kiradi:
ayollarning va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslar;
oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar;
nogironligi boʻlgan shaxslar;
oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslar;
kasanachilar;
masofadan turib ishlovchi xodimlar;
vaxta usulida ishlovchi shaxslar;
zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar;
tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari;
mavsumiy xodimlar;
vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan shaxslar;
iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari xodimlari va ayrim kasblar egalari (transport, pedagog, tibbiyot xodimlar va sportchilar);
mikrofirmalarda va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxslarda (YATT, uy xoʻjaliklari va boshqalar) ishlovchi shaxslar;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Mehnatiga haq toʻlashning yuqorida sanab oʻtilgan toifadagi xodimlarning ish haqini hisoblash va toʻlashda quyidagi oʻziga xos jihatlar boʻlishi mumkin:
yuqoriroq tarif stavkalari yoki maoshlar: zararli va/yoki xavfli mehnat sharoitlarda yoki noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun qoʻshimcha toʻlovlar;
qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar: muayyan ish turlarini bajarganlik uchun qoʻshimcha toʻlovlar (masalan, tungi smenada ishlaganlik uchun).
ish stajiga qarab qoʻshimcha toʻlovlar: uzoq yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlar;
mukofotlar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar: ish natijalariga qarab mukofotlar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar;
oʻrindoshlik asosida ishlaganlik uchun toʻlovlarning oʻziga xos tartibi: oʻrindoshlik asosida ishlaganlik uchun ish haqini hisoblash va toʻlash tartibi.
MISOL
MKning 502-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, rahbar xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha tibbiyot tashkilotlari guruhlari oʻzi bevosita boʻysunadigan sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari tomonidan davolangan bemorlar soniga qarab — statsionar muassasalar uchun, xizmat koʻrsatiladigan aholi soniga qarab — ambulatoriya-poliklinika xizmati va boshqa tibbiyot tashkilotlari uchun belgilanadi.
Ushbu norma ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini qadrlash va ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan. Ularning mehnatiga haq toʻlashda ularning mehnat sharoitlari, masʼuliyati va boshqa omillar hisobga olinadi.