Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqi uning oila aʼzolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxsga beriladi. Ish haqini toʻlash ish beruvchiga tegishli ariza, xodimning vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasi berilgan hamda uning asl nusxasi taqdim etilgan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Sharhlanayotgan modda xodim vafot etganidan keyin uning olinmagan (olinmay qolgan) ish haqini toʻlash tartibini belgilaydi.
Xodim vafot etgandan keyin olinmagan ish haqi uning oila aʼzolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxsga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksining 5-moddasiga koʻra, oila aʼzolari deganda er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) tushuniladi.
MKning 328-moddasi va Fuqarolik kodeksining 1009-moddasiga koʻra, marhumning qaramogʻida bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini ota-onasi, eri (xotini) boʻlishi, shuningdek qonunchilikka koʻra boshqa shaxslar ham boʻlishi mumkin.
Mazkur holatda qaramogʻida boʻlgan shaxs xodimni aynan vafot etgan kunda qaramogʻida boʻlishi kerak.
Ish beruvchi vafot etgan xodimning olinmagan ish haqini oila aʼzolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxslarning biri tomonidan ariza, xodimning vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning asl nusxasi taqdim etilib (koʻrsatilib, tekshirish uchun), koʻchirma nusxasi berilgan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Ushbu norma vafot etgan xodimning mehnatga oid huquqlarini himoya qilish, uning oilasini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadini koʻzlaydi.
HUJJATLARDAN NAMUNALAR
“ILGʻOR” MCHJ direktoriga
ARIZA
Men, Karimova Dilnoza Amirovna “ILGʻOR” MChJda hisobchi lavozimida ishlagan marhum Umarov Zokir Alimovichni turmush oʻrtogʻiman, marhum turmush oʻrtogʻimni Sizning tashkilotda ishlagan va olinmagan ish haqini menga toʻlab berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (asli koʻrsatildi);
pasport (ID karta) nusxasi;
nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi.
_______________ _______________
(imzo) — (F.I.Sh.)
«_» __________ 20_____ yil