Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak.
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak.
Bu eng kami miqdor boʻlib, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan ushbu miqdordan koʻproq belgilanishi mumkin.
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdorini ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilashda (jamoa shartnomasi tuzilmagan boʻlsa) kelishuvni yozma shaklda rasmiylashtirish tavsiya etiladi.
Chunki keyinchalik ushbu masalada mehnat nizosi kelib chiqsa, har ikki tarafga ham ushbu hujjat huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Oʻrtacha oylik ish haqi MK 257-moddasiga asosan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-son qarori bilan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash qoidalari”ning 55-bandiga asosan, bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa zararni undirish huquqi olingan kundan boshlab bir oy mobaynida toʻlanadi.
MISOL
Xodimning oʻrtacha oylik ish haqi 5 000 000 soʻm boʻlganda ushbu summani 12 oyga koʻpaytirsak, yillik ish haqi 60 000 000 soʻm boʻladi.
Demak, bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori 60 mln soʻmdan kam boʻlmasligi kerak.