Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslarga quyidagilarni toʻlashni oʻz ichiga oladi:
bir yoʻla beriladigan nafaqani;
boquvchining yoʻqotilgan ish haqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik toʻlovlarni;
qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni.
Sharhlanayotgan moddada boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqiga ega boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan toʻlovlarning turlari koʻrsatilgan.
Agar ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasi qilingan boʻlsa, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi tomonidan ushbu toʻlovlar qoplanadi.
Mazkur toʻlovlardan biri boʻlgan bir yoʻla beriladigan nafaqa mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan MKning 327-moddasida koʻrsatilgan shaxslarga ish beruvchi tomonidan toʻlanadi. Uning miqdori MKning 330-moddasida belgilangan (ushbu modda sharhiga qarang).
Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash qoidalari”ning 29-bandiga koʻra boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga ish beruvchi vafot etganning kamida oltita oʻrtacha yillik ish haqining ushbu shaxslar soniga boʻlingan summasida bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlaydi. Yaʼni, bir yoʻla beriladigan nafaqa har bir nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga teng taqsimlanadi.
Ish beruvchi tomonidan boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida toʻlovlarni olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan toʻlovlardan biri bu boquvchining yoʻqotilgan ish haqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik toʻlovlar hisoblanadi. Ushbu har oylik toʻlovlarni miqdori
MKning 331-moddasida koʻrsatilgan (ushbu modda sharhiga qarang).
Agarda zararni qoplanishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslar bir necha boʻlsa, marhum boquvchi daromadlari (ish haqi) ularning soniga boʻlinadi.
Marhumning qaramogʻida boʻlmagan, biroq undan taʼminot olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga toʻlov miqdori sud tomonidan belgilanadi.
Agarda zararni qoplanishi boʻyicha huquqqa bir vaqtning oʻzida marhumning qaramogʻida boʻlgan va qaramogʻida boʻlmagan shaxslarga ega boʻlsa, oldin marhumni qaramogʻida boʻlmagan shaxslarga zararni qoplash boʻyicha toʻlovlar hajmi belgilanadi. Ularga belgilangan summa marhum boquvchi ish haqi (daromadlari) miqdoridan chiqariladi.
Shundan keyin qolgan summadan marhumni qaramogʻida boʻlgan fuqarolarga zararni qoplash miqdori ularning oʻzlarini va marhumning qaramogʻida boʻlgan, biroq zararni qoplanishiga boʻlgan huquqqa ega boʻlmagan boshqa mehnatga layoqatli fuqarolarni hisobga olgan holda belgilanadi.
Ish beruvchi tomonidan boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida toʻlovlarni olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan toʻlovlardan biri bu qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni hisoblanadi (MKning 332-moddasi sharhiga qarang).
MILLIY QONUNCHILIK
Oʻzbekiston Respublikasining “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga koʻra xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha ish beruvchi oʻz fuqarolik javobgarligini ushbu Qonunda belgilangan shartlar asosida va tartibda sugʻurtalashi shart.
Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 24 iyundagi 177-son qarori bilan Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalari tasdiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash qoidalari”tasdiqlangan.