Xodim mehnat shartnomasini shartnomada yoki ish beruvchining hisobidan oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda shartlashilgan muddatdan oldin uzrli sabablarsiz bekor qilingan taqdirda, xodim ish beruvchi uni oʻqitish uchun qilgan, oʻqish vaqti tugaganidan keyin haqiqatda ishlab bermagan vaqtiga mutanosib tarzda hisoblab chiqarilgan xarajatlarning oʻrnini, agar mehnat shartnomasida yoki oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qoplashi shart.
Agar mehnat shartnomasi yoki ish beruvchining hisobidan oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda nazarda tutilgan holatlarda ish beruvchi xodimning kasbiy tayyorgarligi, qayta tayyorlanishi, malaka oshirishi yoki boshqa turdagi oʻqishi uchun xarajat qilgan boʻlsa, xodim belgilangan muddat ishlab berishga majbur.
Agar xodim belgilangan muddatdan oldin uzrli sabablarsiz ishdan ketsa, xarajatlarni qoplashi kerak.
Xodim mehnat shartnomasini muddatdan oldin uzrli sabablarsiz bekor qilingan holatlarga MKning 160-moddasi (sakkizinchi qismi mustasno) va MKning 161-moddasi ikkinchi qismi 4 va 5-bandlarga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganligini misol qilish mumkin.
Ish beruvchi oʻz hisobidan ayrim hollarda xodimlarini oʻqishga jalb qilishi mumkin yoki taʼtil tashkilotlarini oʻquvchilari bilan oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuv tuzishi mumkin. Ushbu kelishuvda har ikki taraf oʻz majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi, ish beruvchi barcha xarajatlarni toʻlab berish majburiyatini olsa, xodim yoki oʻquvchi (talaba) oʻqishni tugatgandan keyin maʼlum muddat ichida ushbu ish beruvchida ishlab berish majburiyatini oladi.
Ushbu holatda ishlab bermagan vaqtiga mutanosib tarzda hisoblab chiqarilgan xarajatlarning oʻrnini qoplashda ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarning barchasini emas, balki oʻqish tugagandan keyin ishlab bermagan vaqtga mutanosib hisoblanadi.
MISOL
Ish beruvchi xodimning oʻqishi uchun 120 mln soʻm sarfladi.
Mehnat shartnomasiga koʻra, xodim 3 yil ishlab berishi kerak, shunda har yili 40 mnl soʻmdan xarajat hisoblanadi.
Xodim 1 yil ishlab, keyin ishdan boʻshadi. Shunda, ishlab bermagan vaqtga, yaʼni 2 yilga hisoblangan 80 mln soʻm xarajatlarni xodim qoplab berishi kerak boʻladi.
Mehnat shartnomasida yoki oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilishi mumkin, masalan ishlab berishi kerak boʻlgan muddat toʻliq ishlab berilmasa, ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlar toʻliq qoplanishiga taraflar kelishgan boʻlsa, unda ushbu shartnomada koʻrsatilganidek barcha xarajatlar qoplanishi kerak.