392-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Homiladorligi yoki farzandlari borligi bilan bogʻliq sababga koʻra ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish yoki ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda, rad etish sabablarining ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan yozma asosini homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga koʻra uch kun ichida taqdim etishi shart. Ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini taqdim etmaganlik ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan shikoyat qilishga monelik qilmaydi.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan norma Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasi 3-qismining talablariga mutlaqo mos keladi. Unda quyidagi uchta noqonuniy harakat qatʼiyan taqiqlanadi:
1) Ayolni homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ishga qabul qilmaslik;
2) Ayolni homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ishdan boʻshatish;
3) Ayolning ish haqini uning homiladorligi yoki farzandi borligi sababli kamaytirish.
Ushbu norma mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash printsipini amalda taʼminlashga ham xizmat qiladi (MKning 4-moddasi sharhiga qarang).
Sharhlanayotgan modda, ish beruvchi har qanday homilador va farzandlari bor ayollarni ishga qabul qilishni rad etishi mumkin emas, degan qoidani mustahkamlamaydi. Bunda asosiy eʼtibor ish beruvchiga ish soʻrab murojaat qilgan homilador yoki farzandi bor ayolni ishga olmaslikka aynan uning homiladorligi yoki farzandi borligini asos qilib koʻrsatish masalasiga qaratiladi.
Ish beruvchi homilador yoki farzandi bor ayolni oʻzida mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrniga munosib emas deb hisoblasa (malakasi, mutaxassisligi, tajribasi toʻgʻri kelmasligi, lavozim yoʻriqnomasi talablariga javob bermasligi va hokazo) uni ishga qabul qilmaslikka haqli. Bu esa, hech qanday noqonuniy xatti-harakatni keltirib chiqarmaydi.
MISOL
Tashkilotda mavjud boʻsh ish oʻrniga ishga kirish uchun homilador ayol murojaat qildi. Ushbu ayol oʻrta maxsus maʼlumotga ega. U ishga kirmoqchi boʻlgan lavozim uchun nomzodning oliy maʼlumotga ega boʻlishi talab etiladi. Demak, ish beruvchi ushbu ayolni ishga qabul qilishni rad etadi. Uning bu harakati qonuniy hisoblanadi.
Agar mazkur ayol oliy maʼlumotli boʻlsa, ish beruvchi unga “biz homilador ayollarni ishga olmaymiz” deb ishga qabul qilishni shunchaki rad etsa (xodimga bu haqida tushuntirish bermasdan), uning bu harakati noqonuniy hisoblanadi. Chunki MKning 119-moddasiga asosan, homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish deb hisoblanadi.
MKning 4-moddasi 2-qismiga asosan, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqei, yashash joyi, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashgʻulotlar sohasida biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitish hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, homilador yoki farzandi bor ayolni aynan uning ushbu ijtimoiy holati uchun ishdan boʻshatish kamsitish sifatida baholanadi. Bu yerda ikkita holatni ajratib olish lozim:
Birinchidan, ayolni homiladorligi yoki farzandi borligini asos qilib ishdan boʻshatish uni kamsitish hisoblanadi va ish beruvchining ushbu harakati huquqbuzarlik sifatida baholanadi. Chunki uning mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qoʻllagan asosi MKda mavjud emas.
Ikkinchidan, ish beruvchi MKda mavjud boʻlgan yetarli asoslari boʻlgan taqdirda ham homilador va farzandi bor ayollarni oʻz tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga haqli emas (MKning 408 va 409-moddalari sharhiga qarang).
MISOL
Ish beruvchi xodimning homiladorligini bilib qoldi. Unga mehnat qonunchiligidagi kafolatlarni bermaslik hamda mehnat jarayonini uzluksizligini taʼminlash uchun uni ishdan boʻshatdi. Bu ish beruvchi tomonidan qilingan gʻayriqonuniy harakatdir.
Ish beruvchida shtatlar qisqartirildi va u avvalo homilador ayollarni ishdan boʻshatdi. Ushbu harakat ham gʻayriqonuniy hisoblanadi. Chunki MKning 408-moddasiga asosan, homilador ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatish mumkin emas (bundan tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkorning tugatilganligi mustasno).
Ayolning homiladorligi yoki farzandlari borligi uchun ish haqini kamaytirish ham kamsitish hisoblanadi va javobgarlikka sabab boʻladi. Ish beruvchi homilador va farzandi bor ayollarning qoʻshimcha kafolatlari bor ekanligini asos qilib koʻrsatgan holda ham ularning ish haqini kamaytirishga haqli emas.
XALQARO STANDARTLAR
XMTning Mehnat va mashgʻulotlar sohasidagi kamsitishlar toʻgʻrisidagi 111-son Konventsiyasining 2-moddasida ushbu Konventsiya kuchga kirgan Tashkilotning har bir aʼzosi mehnat va ish turlariga nisbatan shu sohadagi har qanday kamsitishni tugatish maqsadida milliy sharoit va amaliyotga mos keladigan usullar, imkoniyat va muomala tengligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan milliy siyosatni belgilash va amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi belgilangan. Bunda aʼzo davlatlar homilador va farzandli ayollarni ham kamsitishdan himoya qilishi kerak ekanligi maʼlum boʻladi.
XMTning Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 183-sonli Konventsiyasining 8-moddasida ish beruvchi tomonidan ayolni homiladorlik davrida, yoki Konventsiyaning 4 yoki 5-moddalarida nazarda tutilgan taʼtilda boʻlgan vaqtida yoki u ishga qaytganidan keyin milliy qonunchilikda belgilangan davr mobaynida ishdan boʻshatish qonunga zid hisoblanishi nazarda tutilgan. Ushbu Konventsiya Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan hali ratifikatsiya qilinmagan. Oʻzbekiston Respublikasi 103-sonli Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Konventsiyani ratifikatsiya qilgan.
MILLIY QONUNCHILIK
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 148-moddasi ikkinchi qismiga koʻra ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan gʻayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan boʻshatish jinoyat sifatida baholanadi va bu jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismi ish beruvchining homilador yoki farzandlari bor ayolni ishga qabul qilish rad etish holatlarida unga yozma asos taqdim etish majburiyatini belgilaydi.
Bu normaning asosiy mohiyati ish beruvchi ayolni, uning biologik yoki oilaviy holatini bahona qilib, ishga qabul qilmaslik qarorini bevosita, asoslantirilmagan va mutlaq subʼyektiv tarzda qabul qilishi mumkin emasligida namoyon boʻladi.
Har qanday rad etish holati, ayniqsa bu homilador yoki farzandlari bor ayol shaxsiga nisbatan boʻlsa, shaffof, asosli va qonuniy boʻlishi lozim. Shuning uchun mehnat qonunchiligi ish beruvchining bunday rad etish qarorini yozma shaklda, yaʼni huquqiy oqibatni vujudga keltiruvchi hujjat shaklida boʻlishini talab qiladi.
Ishga qabul qilishni rad etish sabablari koʻrsatilgan yozma asos ishga qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolanishi shart. Nizo kelib chiqqanda ushbu yozma asosni imzolagan mansabdor shaxsning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan isbotlanishi kerak boʻladi.
Mazkur yozma asos ishga qabul qilish rad etilgan ayolning talabiga koʻra taqdim etilishi kerak boʻlib, qonun bunday talabni bajarish uchun ish beruvchiga uch kunlik qatʼiy muddat belgilaydi. Agar ish beruvchi ushbu vaziyatda homilador yoki farzandlari bor ayolga yozma javob bermagan boʻlsa, unda ushbu ayol buni talab etishi mumkin boʻladi. Ish beruvchi mazkur ayolning mana shu talabini olgan kunidan boshlab uch kun ichida unga yozma asos taqdim etadi.
Normada nazarda tutilgan eng muhim kafolatlardan yana biri shuki, ish beruvchi yuqorida qayd etilgan yozma asosni belgilangan muddatda taqdim etmasa ham, bu holat ishga qabul qilish rad etilgan shaxsning shikoyat qilish huquqini hech qanday tarzda cheklamaydi. Yaʼni, ushbu shaxsda yozma asos mavjud boʻlmasligi uning shikoyat qilish huquqining amalda roʻyobga chiqarishiga toʻsqinlik qilishi mumkin emas.
MKning 120-moddasiga asosan, nizolarni koʻrib chiqish chogʻida ishga qabul qilishni rad etishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Shu sababli ish beruvchi yozma asos taqdim etmagan boʻlsa ham, sudda nizo koʻrilayotganida, homilador yoki farzandlari bor ayolni ishga qabul qilishni aynan homiladorligi yoki farzandlari borligi uchun emas, balki qonuniy asoslarda rad etganligini isbotlab beradi. Ëzma asos taqdim etgan taqdirda esa, ushbu asosning qonunga muvofiqligini isbotlab beradi.