428-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Xizmat safari deganda, tashkilot rahbarining buyrugʻiga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning oʻzining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirigʻini bajarish uchun maʼlum bir muddatga yuborilishi tushuniladi. Ish beruvchi xodimni xizmat safariga yuborganida xodim bundan boʻyin tovlamay borishi va xizmat safarida oʻziga yuklatilgan mehnat vazifalarini bajarishi kerak boʻladi. Xizmat safariga borishdan bosh tortish esa xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllashga sabab boʻladi. Biroq nogironligi boʻlgan shaxslarni ish beruvchi oʻzi istagan vaqtda xizmat safariga yubora olmaydi.
Sharhlanayotgan moddada xodimni xizmat safariga yuborishdan oldin ish beruvchi uning roziligini olishi kerak ekanligi qatʼiy belgilangan. Demak, xodim rozi boʻlmasa, ish beruvchi uni xizmat safariga yubora olmaydi. Shu bilan birga, xodim rozi boʻlgani bilan agar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida ushbu xodimni xizmat safariga yuborish mumkin emasligi nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchi xodimning roziligini asos qilib xizmat safariga yuborishga haqli emas.
Sharhlanayotgan moddada nogironligi boʻlgan shaxslarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish uchun ham uning roziligi talab etilishi koʻrsatilgan. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida bunga taqiq boʻlmasligi talab etiladi.
MKning 188-moddasiga muvofiq, soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha boʻlgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi. Nogironligi boʻlgan xodimni tungi vaqtda ishlatish uchun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalari hisobga olingan holda xodimning roziligi olinishi kerak. Taʼkidlash joiz ish beruvchi xodimning mazkur ishlarga ixtiyoriy rozi ekanligini tasdiqlashi kerak. Rozilik arizasi majburan yozdirib olinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni dam olish kunlari (MKning 207-moddasi sharhiga qarang) va ishlanmaydigan bayram kunlari (MKning 207-moddasi sharhiga qarang) ishga jalb etish uchun ham faqat ularning roziligini olish kerak. Ushbu toifadagi xodim bayram kunlari yoki dam olish kunlari ishlash istagida boʻlsa ham, ammo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida bunday ishlarga ushbu shaxsni jalb etish tavsiya etilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi.