402-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga), ularning xohishiga koʻra, har yili ish haqi saqlanmagan holda davomiyligi oʻn toʻrt kalendar kungacha boʻlgan taʼtil beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʼtil yillik mehnat taʼtiliga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu taʼtildan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib), lekin faqat joriy ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu taʼtilni keyingi ish yiliga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
1. Ish haqi saqlanmaydigan taʼtil deganda xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq toʻlanmaydigan taʼtil tushuniladi. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismi ayrim toifadagi xodimlarga ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtil berilishida ish beruvchining majburiyatini nazarda tutadi.
Chunki MKning 241-moddasiga asosan, xodimning yozma arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmaydigan taʼtil berilishi mumkin boʻlib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Bu degani, xodim faqat ish beruvchi bilan kelisha olsagina ish haqi saqlanmagan taʼtilga chiqa olishi mumkin (MKning 241-moddasi sharhiga qarang).
Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismiga muvofiq, ish beruvchi oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsga) ularning xohishiga koʻra, 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan taʼtil berishga majbur. Ushbu taʼtil xodimning xohishiga koʻra berilishini inobatga olgan holda, ish beruvchi xodim ariza yozgan holda murojaat qilgandagina mazkur taʼtilni unga taqdim etishi kerak. Ushbu ish haqi saqlanmagan taʼtilning eng koʻp muddati har yili 14 kalendar kunni tashkil etadi. Yuqorida taʼkidlangan ayrim toifadagi xodimlar 14 kalendar kundan ortiq ish haqi saqlanmagan taʼtil olish istagida boʻlsa, ish beruvchi bilan bu haqida kelishuvga erishishlari talab etiladi.
Taʼkidlash joiz, xodim ushbu taʼtildan foydalanganida uning ish yili MKning 225-moddasiga asosan surilmaydi va mazkur davr Kodeksning 226-moddasiga asosan, har yilgi asosiy mehnat taʼtilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun qoʻshimcha taʼtil olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kiradi.
Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biriga beriladigan 14 kalendar kungacha boʻlgan ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtil otalarga onalar ushbu huquqdan foydalanmagan taqdirida beriladi (MKning 410-moddasi sharhiga qarang).
HUJJATLARDAN NAMUNALAR
B U Y R U Q
202__ y. «__» ________ — ____-son — _______________sh.
Ish haqi saqlanmagan
taʼtil berish toʻgʻrisida
1. Tamilova Kamila Nurbayeva – “Rezus-gov” masʼuliyati cheklangan jamiyati buxgalteriga 2025 yil 26 may kunidan oʻn toʻrt kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan taʼtil berilsin.
2. 2025 yilning 9 iyun kuni xodimning ishga chiqish kuni etib belgilansin.
Asos: Buxgalter K.N.Tamilovaning arizasi, Oʻzbekiston Respublikasi MKning 241 va 402-moddalari.
Direktor — A.N.Rustamov
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismiga koʻra, ushbu toifadagi xodimlarga beriladigan 14 kungacha boʻlgan ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtil mazkur xodimlarga har yilgi mehnat taʼtili bilan birga qoʻshib berilishi mumkin. Bunda xodim mazkur taʼtilni oʻzining yillik mehnat taʼtili bilan birga olish istagi haqida ish beruvchiga yozma ariza bilan murojaat qiladi.
MISOL
“Rezus-gov” masʼuliyati cheklangan jamiyati buxgalteri K.N.Tamilova ish beruvchiga ariza bilan murojaat qilib, 27 kalendar kunlik mehnat taʼtilini hamda 14 kalendar kunlik ish haqi saqlanmagan taʼtilni olish istagini bildirdi. Ish beruvchi unga 2025 yilning 20 may kunidan 15 iyun kuniga qadar yillik mehnat taʼtilini, 16 iyun kunidan 29 iyun kuniga qadar 14 kunlik ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtilni berish toʻgʻrisida buyruq chiqardi. Ishga chiqish kuni 30 iyun kuni etib belgilandi.
Xodim ushbu taʼtildan ish yili davomida qismlarga boʻlib foydalanishi mumkin. Bunda taʼtilning bir qismi qancha kundan iborat boʻlishi ahamiyatga ega emas. Mazkur kafolatga ega boʻlgan xodim hatto bir kundan qilib 14 marta ish haqi saqlanmagan holdagi taʼtilga chiqa oladi. Mazkur taʼtil keyingi yilga koʻchirilishi mumkin emas, xodim oʻzining har yilgi ish yilida 14 kalendar kungacha olishga haqli boʻladi. Bunda ish haqi saqlanmagan taʼtilning ish beruvchi bilan kelishib olish mumkin boʻlgan qismi haqida gap ketmayapti.
Chunki Mehnat kodeksning 241-moddasiga asosan, ish haqi saqlanmagan taʼtil bir kalendar yil davomida (yanvardan dekabrgacha) uch oydan ortiq boʻlishi mumkin emas. Ushbu uch oylik muddat ichida 14 kalendar kuni yuqorida tilga olingan ayrim toifadagi xodimlar uchun kafolat hisoblanadi. Qolgan muddat esa, ish beruvchining roziligi asosida xodimga taqdim etiladi.