398-modda · VI bo'lim · Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Ish beruvchi homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga koʻra ularga tibbiy xulosaga muvofiq toʻliqsiz ish vaqti belgilashi shart.
Sharhlanayotgan moddada homilador ayolga, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsga toʻliqsiz ish vaqtidan foydalanish huquqi belgilangan.
MKning 186-moddasiga asosan, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishga qabul qilish chogʻida va keyinchalik toʻliqsiz ish vaqti (toʻliqsiz ish kuni (smena) va (yoki) toʻliqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga boʻlgan holda) belgilanishi mumkin. Bunda xodim haftasiga 40 soat emas balki ish beruvchi bilan kelishib belgilangan ish vaqtini ishlab beradi xolos.
Toʻliqsiz ish vaqti shartlarida ishlaganda xodimning mehnatiga haq toʻlash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi. Aynan shu jihati bilan toʻliqsiz ish vaqti qisqartirilgan ish vaqtidan farq qiladi.
Taʼkidlash kerak, ushbu moddada nazarda tutilgan qoidaga koʻra, har qanday xodim toʻliqsiz ish vaqtiga oʻtishda ish beruvchi bilan kelishuvga erishishiga toʻgʻri keladi.
Bu degani, xodim ish beruvchining roziligisiz toʻliqsiz ish vaqtiga oʻta olmaydi (MKning 186-moddasi sharhiga qarang). Biroq mehnat qonunchiligi ayrim toifa xodimlarga ish beruvchidan toʻliqsiz ish vaqtiga oʻtishni talab qilish huquqini taqdim etgan. Ular qatorida homilador ayollar, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxslar ham bor.
Sharhlanayotgan modda homilador ayolga, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biriga (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsga ushbu kafolatni berilishi uchun ular ish beruvchiga yozma murojaat etishi va tibbiy xulosa taqdim etishi kerakligini nazarda tutadi. MK 398-moddasida iltimos yozma shaklda boʻlishi haqida talab mavjud emas, ogʻzaki iltimos asosida ish beruvchi ushbu normani ijro etishi mumkin, agar ushbu masalada ish beruvchi ogʻzaki iltimosni inobatga olmayotgan boʻlsa, iltimos yozma taqdim etilishi maqsadga muvofiq. Chunki keyinchalik mehnat nizosini koʻrib chiquvchi yoki mehnat qonunchiligini nazorat qiluvchi organga iltimos qilganligini isbotlashda kerak boʻladi.
Bunda 14 yoshga toʻlmagan bolasi bor ota onadan biri (qaysi biri ushbu huquqdan foydalanish istagida boʻlsa) 14 yoshga toʻlmagan farzandining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini taqdim etishini oʻzi kifoya. Chunki mazkur bolaning yoshini tibbiy xulosa bilan tasdiqlab boʻlmaydi.
Bundan tashqari, mazkur kafolatdan foydalanayotgan shaxslarga ish beruvchi toʻliqsiz ish vaqtini belgilanadi ularning ushbu iltimosini bajarishi uchun asos boʻlgan vaziyatni hisobga olgan holda maʼlum bir muddatga toʻliqsiz ish vaqtiga oʻtkazishi lozim (MKning 186-moddasi sharhiga qarang).
MISOL
Mehnat qonunchiligiga asosan, bir stavka ishlayotgan xodimning normal ish vaqti haftasiga 40 soatdan ortiq boʻlmasligi lozim. Agar xodim qisqartirilgan ish vaqtida ishlashga haqli boʻlsa, unda ish vaqti muddati qonunda belgilangan asoslarga koʻra qisqartiriladi.
Xodim toʻliqsiz ish vaqtida ishlashga oʻtishi uning stavkasi kamayganligini bildiradi. Shu sababli xodim haftasiga 20 soatlik ish vaqti rejimida ishlasa, u yarim stavka ishlayotgan boʻladi.
Endi yuqoridagi kafolatga ega xodimlarni ushbu yarim stavkaga oʻtkazganda, ularning yana yarim stavka ish oʻrni boʻsh qoladi. Bunda ish beruvchi yuqoridagi xodimlar uchun toʻliqsiz ish vaqti ular uchun qulay boʻlgan muddatga, biroq toʻliqsiz ish vaqtini majburiy ravishda belgilash uchun asos boʻlgan holatlar mavjud boʻlgan davrdan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanishini (MK 186-moddasining 3-qismi) hisobga olgan holda qolgan yarim stavka joyga boshqa xodimni ishga qabul qilganida, ushbu xodim bilan MKning 112-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan, muddatli mehnat shartnomasi tuzishi kerak.
Kafolatga ega boʻlgan xodimning toʻliqsiz ish vaqtiga oʻtkazilishiga asos boʻlgan holat yoʻq boʻlgach, ushbu xodim yana bir stavkaga qaytishga haqli boʻladi, shunda ish beruvchi uning yarim stavkasiga ishga olgan xodimini MKning 158-moddasi 3-qismi bilan ishdan boʻshatishga haqli boʻladi.
Shu bilan birga, sharhlanayotgan moddadagi kafolatga ega ayrim toifadagi xodimlar qisqartirilgan ish vaqti rejimi oʻrnatilgan lavozimda ishlasalar va ish beruvchidan toʻliqsiz ish vaqtiga vaqtincha oʻtishni soʻrasalar, ish beruvchi toʻliqsiz ish vaqti rejimini belgilaganida aynan xodimning qisqartirilgan ish vaqti rejimidan kelib chiqadi. Masalan, oliy taʼlim tashkiloti oʻqituvchisi homilador. Uning ish vaqti haftasiga 36 soat. Yarim stavkaga oʻtsa, toʻliqsiz ish vaqti 20 soat emas, 18 soat boʻladi.