541-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Ish beruvchi va xodim oʻrtasida yoxud xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) oʻrtasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar mehnat nizolaridir.
Sharhlanayotgan moddada mehnat nizolari tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlib, nafaqat ish beruvchi va xodim oʻrtasida oʻrtasida, balki xodimlarning vakillari va ish beruvchilarning vakillari oʻrtasidagi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha kelishmovchiliklar ekanligi belgilangan.
Demak, mehnat nizolarini kelib chiqishiga 3 ta sabab boʻladi:
1) mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni (MKning 10-moddasida koʻrsatilgan), mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni (MKning 12-moddasida koʻrsatilgan), mehnatni muhofaza qilish qoidalarini (MK, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida” Qonun hamda qonunosti hujjatlaridan iborat) hamda mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari;
2) yangi mehnat shartlarini belgilash;
3) mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha.
Tartibga solinmagan kelishmovchiliklar deganda taraflar oʻrtasida oʻzaro kelishuvga erishilmagan holatlar tushuniladi. Agar kelishuvga erishsa, ichki hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Quyidagi hollarda mehnat nizolari vujudga kelishi mumkin:
mehnat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini turlicha tushunish yoki buzish oqibatida;
mehnat shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni bajarish yoki qoʻllash bilan bogʻliq ixtiloflar natijasida;
mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilmaslik natijasida;
yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish jarayonida vujudga keladigan kelishmovchiliklar natijasida.
Mehnat nizolari subʼyekt tarkibiga koʻra odatda ikki turga ajratiladi:
birinchisi, yakka mehnat nizolari, yaʼni alohida xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi nizo. Yakka mehnat nizolarida – xodim oʻzini kamsitilgan, huquqi buzilgan deb hisoblasa, ish beruvchi bilan kelisha olmasa, nizo yuzasidan mehnat nizolarini koʻrib chiqish komissiyasiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Masalan: ish haqini toʻlab bermaslik, noqonuniy ishdan boʻshatish kabi holatlarda;
ikkinchisi, jamoaviy mehnat nizosi, yaʼni xodimlar guruhi (yoki kasaba uyushmasi) bilan ish beruvchi oʻrtasida. Jamoaviy mehnat nizolarida – xodimlar guruhi yoki kasaba uyushmasi ish beruvchi bilan yangi mehnat shartlarini kelisha olmasa, mazkur nizolar mediatsiya, yarashtirish komissiyalari yoki arbitraj orqali hal qilinadi. Masalan: ish vaqti, maosh, xavfsizlik sharoitlarini belgilashda vujudga kelgan holatlar.