555-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya kasaba uyushmasi qoʻmitasi va ish beruvchi vakillarining kelishuviga koʻra qaror qabul qiladi.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori asoslantirilgan hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan boʻlishi kerak.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
tashkilotning nomi, yakka tartibdagi mehnat nizosi tashkilot alohida boʻlinmasining mehnat nizolari boʻyicha komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan taqdirda esa boʻlinmaning nomi, komissiyaga murojaat etgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, kasbi yoki mutaxassisligi;
komissiyaga murojaat etilgan va nizo koʻrib chiqilgan sana, nizoning mohiyati;
komissiya aʼzolarining va majlisda hozir boʻlgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
qarorning mohiyati va uning asoslanishi (qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga havola qilingan holda);
ovoz berish natijalari.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning pulga oid talablar boʻyicha qarorida xodimga tegishli boʻlgan aniq summa koʻrsatilishi kerak.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarori komissiya majlisining raisi va kotibi tomonidan imzolanib, majburiy kuchga ega boʻladi va biron-bir tarzda tasdiqlanmaydi.
Mehnat nizosi boʻyicha komissiya qarorining koʻchirma nusxasi xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida topshiriladi (yuboriladi).
1. Sharhlanayotgan normada mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning kollegial organ sifatida ish olib borishi bayon qilingan. Yaʼni, komissiya faqat ish beruvchi yoki faqat kasaba uyushmasi manfaatlarini koʻzlab emas, aksincha ikki tomonning ham roziligi asosida adolatli qaror qabul qilishi kerak.
Zero, kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakillari xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Ish beruvchi vakillari esa ish beruvchining manfaatlarini himoya qiladi.
Komissiyaning qarori tenglik va kelishuv asosida qabul qilinadi, shu sababli nizoni hal qilish jarayonida har ikki tarafning fikri inobatga olinadi.
Qaror qabul qilish jarayonida komissiya aʼzolarining ovoz berishi talab qilinadi va qaror koʻpchilikning ovozi bilan qabul qilinadi.
Bu tizim xalqaro mehnat standartlariga ham mos keladi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining konventsiyalarida ijtimoiy sheriklik va nizolarni hal qilishda ish beruvchi va xodimlar tengligi eʼtirof etilgan.
2. Komissiya tomonidan qabul qiladigan har bir qaror asoslantirilgan boʻlishi shart, yaʼni yakuniy qaror qabul qilishda faktlar, dalillar, hujjatlar tahlil qilinishi lozim. Shuningdek, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka tayanilishi, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga asoslangan boʻlishi va mehnat shartnomasi shartlari inobatga olingan boʻlishi lozim.
Zero, mehnat nizolari komissiyasi qarorining asoslantirilganligi va qonunchilikka tayanilganligi uning qonuniy kuchga ega boʻlishini taʼminlaydi va keyinchalik sud yoki boshqa organ tomonidan bekor qilinishini oldini oladi.
Komissiya ish beruvchi va xodimlar vakillari oʻrtasidagi kelishuvga binoan, nizo boʻyicha xodim talabini qanoatlantirish, qisman qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Qaror dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan boʻlishi kerak.
Basharti, komissiya koʻrib chiqilgan nizo boʻyicha xodimning talablarini qisman qanoatlantirish haqida toʻxtamga kelsa, qarorda xodimning qanoatlantirilgan va rad etilgan talablari, shuningdek ish beruvchi bajarishi lozim boʻlgan harakatlar aniq va ravshan aks etishi lozim.
Shu kabi, pul undirish haqidagi nizolar boʻyicha qaror qabul qilish chogʻida komissiyaning qarorida xodimga tegishli summa aniq koʻrsatilishi lozim.
Basharti, nizo yuzasidan ish beruvchi va xodimlar vakillari oʻrtasidagi kelishuvga erishilmasa va qaror qabul qilinmasa, bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
3.1. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya qarori oddiy arizaga javob emas, balki huquqiy hujjat hisoblanadi.
3.2. Komissiya qarorida tashkilotning nomi, yakka tartibdagi mehnat nizosi tashkilot alohida boʻlinmasining mehnat nizolari boʻyicha komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan taqdirda esa boʻlinmaning nomi, komissiyaga murojaat etgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, kasbi yoki mutaxassisligi koʻrsatilishi lozim.
Bu qarorni huquqiy hujjat ekanligini tasdiqlaydi va ijrosini taʼminlashda muammolarni oldini oladi.
3.3. Komissiya qarorida komissiyaga murojaat etilgan va nizo koʻrib chiqilgan sana, nizoning mohiyati koʻrsatilishi lozim.
Komissiyaga murojaat etilgan va nizo koʻrib chiqilgan sanani hamda nizoning mohiyati koʻrsatilishi MKda belgilangan nizoni koʻrib chiqish, komissiyaga ariza taqdim etish kabi muddatlar uchun hamda ijrosini taʼminlash uchun ahamiyatga ega.
3.4. Komissiya qarorida komissiya aʼzolarining va majlisda hozir boʻlgan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilishi lozim.
Bu komissiya tomonidan mehnat nizosini qonuniy tarkibda koʻrib chiqilganligini isbotlaydi.
3.5. Komissiya qarorida qarorning mohiyati va uning asoslanishi (qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga havola qilingan holda) koʻrsatilishi lozim. Bu komissiya tomonidan nizoni koʻrib chiqib, qarorni qonuniy asoslarga koʻra qabul qilinganligini bildiradi.
3.6. Komissiya qarorida ovoz berish natijalari ham koʻrsatilishi lozim. Chunki bu komissiya tomonidan qabul qilingan qarorga har bir komissiya aʼzolarining munosabatini va qonuniyligini taʼminlashga xizmat qiladi.
4. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorlari huquqiy oqibatga ega boʻlib, ayrim hollarda ijro hujjati sifatida ham xizmat qiladi. Shu bois, pulga oid talablar yuzasidan chiqarilgan qarorda xodim foydasiga belgilangan aniq summa koʻrsatilishi qonuniylik va ijro etilishi nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi.
Sharhlanayotgan normada qarorda barcha zarur rekvizitlar, shu jumladan, pulga oid talab boʻyicha aniq summa koʻrsatilishi talab qilinadi. Bu qoida protsessual shaffoflikni taʼminlaydi va ijro jarayonida hech qanday ikkilanish yuzaga keltirmaydi.
5. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya tashkilot ichidagi alohida organ boʻlib, uning qarorlari mustaqil yuridik kuchga ega. Qonunchilikda komissiya qarorini qoʻshimcha ravishda tasdiqlash yoki yuqori turuvchi organga kiritish shart emasligi belgilab qoʻyilgan.
Mehnat nizosi komissiya majlisida koʻrib chiqariladi va ish yakuni boʻyicha qaror qabul qilinadi. Qaror komissiyaning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Shu tartibda imzolangan hujjat komissiyaning rasmiy huquqiy hujjati hisoblanadi.
Komissiya qarori qonun bilan belgilangan vakolat doirasida chiqarilgan boʻlsa, u barcha ishtirokchilar uchun majburiy hisoblanadi.
Mehnat nizolari komissiyasining qarori raisi va kotibi imzolagan paytdan boshlab qonuniy kuchga ega boʻladi va hech qanday tarzda qoʻshimcha tasdiqlanmaydi.
6. Qabul qilingan qarorning nusxasi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga (xodimlar vakillariga) topshiriladi yoki yuboriladi. Koʻchirma nusxani topshirish odatda imzo orqali taqdim etiladi yoki pochta orqali yuborish yoki elektron tarzda yetkazish bilan tasdiqlanadi.
Agar komissiya uch kunlik muddatda qaror nusxasini bermasa, bu holat sudda nizoga sabab boʻlishi mumkin.