581-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Qonunchilikni, jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarni qoʻllash xususidagi jamoaviy mehnat nizolari sud tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jamoaviy mehnat nizolarini sudlarda koʻrib chiqish hamda sud qarorlarini ijro etish chogʻida ushbu Kodeksda yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tegishli qoidalar va muddatlar qoʻllaniladi.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida qonunchilik soʻzi ishlatilgan, yaʼni bu nafaqat MKning 10-moddasida nazarda tutilgan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, balki mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari hisoblanmaydigan boshqa qonunchilik hujjatlari nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasiga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi.
Ushbu qonunning 6-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar turlari koʻrsatilgan.
Jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlar mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga kiradi (MKning 12-moddasi sharhiga qarang).
Qonunchilik, jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarni qoʻllash xususidagi mehnat jamoasiga oid mehnat nizolari faqat sud tartibida koʻrib chiqilishi lozim.
Mazkur nizo taraflari sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda tegishli fuqarolik sudi ishni umumiy asoslarda koʻrib chiqadi. Yaʼni, mehnatning yangi shartlarini belgilash yoki mavjud shartlarini oʻzgartirish xususidagi jamoalarga doir mehnat nizolarini hal etish qonun bilan belgilab qoʻyilgan boʻladi.
Bu esa, jamoa shartnomalari, kelishuvlari va mehnatga oid boshqa ichki hujjatlarning qoʻllanish xususidagi nizolar ham MKda belgilangan umumiy tartibda koʻrib hal etilishi lozim.
Kasaba uyushmalari, ularning korxonadagi saylab qoʻyiladigan organlari, xodimlar tomonidan saylab qoʻyiladigan boshqa organlar, ish beruvchilarning vakillik organlari mehnatga oid munosabatlarning subʼyektlari boʻlganligi bois ular yuqoridagi daʼvo talabi bilan sudga murojaat etishlari mumkin.
2. Sharhlanayotgan moddada nazarda tutilgan jamoaviy mehnat nizolarini sudlarda koʻrib chiqish va sud qarorlarining ijrosini taʼminlash yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tegishli qoidalar asosida va muddatlarda amalga oshiriladi.
Yaʼni, Mehnat kodeksining 560-moddasiga koʻra, mehnat nizosi boʻyicha sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
ishga tiklash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrugʻining koʻchirma nusxasi topshirilgan kundan eʼtiboran 3 oy;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan eʼtiboran 1 yil;
boshqa mehnat nizolari boʻyicha — xodim oʻzining huquqi buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran 6 oy.
Xodimning hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha, shuningdek xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar boʻyicha sudga murojaat qilishda daʼvo muddati belgilanmaydi.
Mehnat nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha sudga murojaat etish muddatining oʻtishi mehnat nizosini mediatsiya tartibida koʻrib chiqish davrida toʻxtatib turiladi.
Xodimlar mehnat nizosi yuzasidan sudga murojaat qilganlarida barcha sud xarajatlaridan ozod qilinadilar.
Fuqarolik protsessual qonunchiligiga muvofiq:
mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash ariza qabul qilingan va fuqarolik ishi qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatdan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak;
mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha ishlar sud muhokamasiga tayyorlab boʻlingan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay birinchi instantsiya sudi tomonidan koʻrilishi kerak;
mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha pul summalarini undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud hujjatlari bekor qilingan taqdirda, agar bekor qilingan sud hujjati daʼvogar bergan soxta maʼlumotlarga yoxud u taqdim etgan qalbaki hujjatlarga asoslangan boʻlsa, sud hujjatining qaytarma ijrosiga yoʻl qoʻyiladi.