551-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida koʻrib chiqishi shart.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarda koʻriladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida koʻrib chiqilishi mumkin.
Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yoʻqligida mehnat nizosini koʻrib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yoʻl qoʻyiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisida hozir boʻlmagan taqdirda, mehnat nizosini koʻrib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir boʻlmagan taqdirda, komissiya masalani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni ushbu Kodeksda belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini koʻrib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisidagi qarori arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash sababi albatta koʻrsatilgan holda xodimga yozma shaklda yetkaziladi.
Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir.
Oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqiladi.
Xodim, kasaba uyushmasi qoʻmitasi mehnat nizosini koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya oʻz majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning talabiga binoan, ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur boʻlgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning vakolatga ega boʻlmagan tarkibi tomonidan qabul qilingan qaror gʻayriqonuniydir.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning har bir majlisida raisning vazifalari ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi. Bunda raisning va kotibning vazifalari ayni bir majlisning oʻzida bir taraf vakillari tomonidan bajarilishi mumkin emas.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning birinchi majlisida komissiya aʼzolarining (xodimlar va ish beruvchilar vakillarining) kelishuviga koʻra ushbu majlisning raisi va kotibi belgilanadi. Komissiyaning keyingi majlislarida har bir keyingi majlis uchun rais va kotib tayinlanib, majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni chaqirish ularning zimmasiga yuklatiladi.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisini rais ochib, qaysi nizo koʻrib chiqilishi lozimligini, komissiya tarkibini eʼlon qiladi. Rais taraflarning hozir boʻlgan-boʻlmaganligini, vakillarning vakolatini tekshiradi, shundan soʻng komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrilayotgan yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari:
dalillarni taqdim etishga;
dalillarni tekshirishda ishtirok etishga;
komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqa shaxslarga savollar berishga;
iltimosnoma berishga;
komissiyaga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish;
komissiya majlisida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalariga va vajlariga qarshi eʼtiroz bildirishga;
komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishga;
komissiya majlisida audio va video uskunalardan foydalanishga haqli.
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini mohiyatiga koʻra koʻrib chiqar ekan, avval xodimning bildirilgan talablari xususidagi tushuntirishlarini eshitadi. Shundan soʻng ish beruvchining vakili eshitiladi, taraflarning dalillari tekshiriladi, nizoni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun chaqirilgan (taklif etilgan) mutaxassislar, guvohlar va boshqa shaxslar eshitiladi.
1. Sharhlanayotgan normaga koʻra, yakka tartibdagi mehnat nizolari boʻyicha komissiya xodim ariza bergan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida ishni koʻrib chiqishi shart.
Bu normaning huquqiy ahamiyati shundaki, mehnat nizolarini hal qilish jarayonida choʻzilish va ortiqcha byurokratik toʻsiqlarning oldi olinadi. Chunki mehnat munosabatlari xodimning kundalik hayoti, ish haqi, mehnat huquqlari bilan bogʻliq boʻlib, ularning buzilishi daromad manbai va turmush darajasiga bevosita taʼsir qiladi.
Mazkur normada, ish kuni emas, balki kalendar kun atamasi ishlatilgan. Bu esa, dam olish kunlari va bayram kunlari ham shu muddatga kirishini anglatadi. Masalan, ariza dushanba kuni berilsa, keyingi oʻn kun ichida komissiya majlisi oʻtkazilishi shart, hatto orasida ikki kunlik bayram boʻlsa ham.
2. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarda koʻriladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Bu qoida xodim manfaatlarini himoya qiladi. Chunki xodim asosiy mehnat vazifalarini bajarish bilan birga, oʻz huquqlarini himoya qilish jarayonida ham qatnashishi kerak.
Ish vaqtida uning asosiy mehnat majburiyatlaridan chalgʻitmaslik uchun zarur hollarda mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisi ishdan tashqari vaqtda tashkil etilishi mumkin. Bunday holatda xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish hisoblanmaydi, chunki xodim oʻz vazifalarini ish beruvchining talabi bilan bajarmaydi.
3. Mehnat nizosi, asosan xodimning oʻzi yoki uning vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Xodim yoki vakili ishtirok etmasa, ishni koʻrib chiqish faqat xodimning yozma arizasi asosida yoʻl qoʻyiladi.
Agar xodim yoki vakili kelmasa, ish keyinga qoldiriladi.
Agar ular uzrsiz sabablarsiz ikkinchi marta ham kelmasa, komissiya ishni kun tartibidan olib tashlashi mumkin.
Biroq bu holat xodimni qonun bilan belgilangan muddatda yana qayta ariza berish huquqidan mahrum etmaydi.
Komissiya ishni koʻrib chiqishdan olib tashlasa, bu haqdagi qaror yozma shaklda va sabablari koʻrsatilgan holda xodimga yetkazilishi shart.
Komissiya majlisi oʻtkaziladigan joy va vaqt haqida xodim va ish beruvchi, shuningdek nizoni koʻrishda ishtirok etuvchi guvohlar va mutaxassislar oldindan yozma shaklda xabardor qilinadi.
Komissiya oʻn kunlik muddat ichida mehnat nizosini koʻrib chiqmasa yoki hal etmasa, taraflar vakillari, komissiya aʼzolari majlisda ishtirok etishdan bosh tortgan hollarda manfaatdor xodim ushbu nizoni koʻrishni tuman (shahar) sudiga oʻtkazishga haqli.
Xodim, uning vakillari mehnat nizosi koʻrib chiqilishida ishtirok etish uchun advokat taklif qilish huquqiga ega.
Komissiya majlisga guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni taklif qilish, ish beruvchidan zarur hisob-kitoblar va hujjatlar taqdim etishini talab qilish huquqiga ega.
Komissiyaning majlisida bayonnoma yuritiladi va koʻrib chiqilgan masala yuzasidan qaror qabul qilinadi. Bayonnoma va qaror komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
4. Xodimning mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqishning har qanday bosqichida tugatish huquqi mehnat huquqining asosiy printsiplaridan biri – xodimning huquq va manfaatlarini himoya qilishda ixtiyoriylik printsipidan kelib chiqadi.
Mehnat nizosi, avvalo, xodimning shaxsiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgani uchun uning taqdiri toʻliq xodimning ixtiyorida qoldiriladi.
Komissiya ishni koʻrib chiqishda faqat xodimning murojaati asosida harakat qiladi. Shuning uchun ham xodim xohlasa, nizoni tugatish huquqiga ega.
Xodim va ish beruvchi oʻzaro murosa yoʻli bilan kelishuvga kelishi mumkin, bu esa mehnat munosabatlarida barqarorlikni taʼminlaydi.
Xodim nizoni tugatish haqida yozma bayonot (ariza) taqdim etishi kerak. Komissiya bu holatni majlis bayonnomasida aks ettiradi va ish yuritishni yakunlaydi.
Bu holatda komissiya qaror chiqarmaydi, faqat bayonnomada ishni koʻrib chiqish tugatilgani qayd qilinadi.
5. Oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlar mehnat munosabatlarida ishtirok eta oladi, chunki mehnat qonunchiligi ularga mehnat shartnomasi tuzish imkonini bergan. Biroq ular hali mehnat munosabatlarida toʻliq huquqli subʼyekt hisoblanmagani uchun ularning mehnat huquqlari ota-onasidan biri yoki vasiysi orqali himoya qilinadi.
Shu bois, mazkur yoshdagi xodimlar ishtirokidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari mehnat nizolari boʻyicha komissiyada faqat ularning ota-onasidan biri yoki vasiysi ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Fuqarolik qonunchiligiga koʻra, 14–17 yoshli shaxslar cheklangan huquqiy layoqatga ega, ularning manfaatlarini amalga oshirishda vasiy yoki ota-ona ishtirok etishi shart.
Komissiyada ish beruvchi va xodim teng huquqli taraf sifatida ishtirok etadi. Biroq yosh xodim oʻz huquq va majburiyatlarini toʻliq anglab yetmasligi mumkin.
Shuning uchun ota-ona yoki vasiyning ishtirok etishi – xodimning huquqlarini toʻliq himoya qilishga xizmat qiladi.
Komissiya majlisiga xodimning oʻzi va albatta ota-onasidan biri yoki vasiysi chaqiriladi. Agar ular qatnashmasa, ishning koʻrib chiqilishi keyinga qoldiriladi.
6. Mehnat nizosini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi taraflar – xodim va ish beruvchi oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun advokat, ekspert yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etishi mumkin.
Advokat – huquqiy yordam koʻrsatadi, xodimning yoki ish beruvchining pozitsiyasini qonuniy asoslar bilan mustahkamlaydi.
Ekspert – bahsli masalalar boʻyicha maxsus bilimlar talab qilinganda (masalan, buxgalteriya hisob-kitoblari, mehnat muhofazasi, tibbiy holatlar) xulosa beradi.
Boshqa uchinchi shaxs – kasaba uyushmasi vakili, maslahatchi yoki xodimning ishonchli vakili boʻlishi mumkin.
Xodim yoki kasaba uyushmasi komissiya majlisida ishtirok etish uchun advokatni yoki boshqa shaxsni taklif qilish haqida oldindan komissiyaga maʼlum qilishi lozim.
Komissiya taklif etilgan shaxsni asossiz ravishda ishtirok etishini rad qila olmaydi.
Ular majlisda soʻzga chiqishi, hujjatlar taqdim etish va takliflar kiritish huquqiga ega.
7. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya ishni toʻgʻri va xolisona hal qilish uchun guvohlarni chaqirish va mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega.
Guvoh – mehnat nizosiga daxldor holatlar haqida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumotga ega shaxs. Guvohning koʻrsatmalari komissiya qaror qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassis – maxsus bilim va tajribaga ega shaxs. Mutaxassis xulosasi komissiyaga qonun asosida adolatli qaror chiqarishga yordam beradi.
Komissiya guvoh va mutaxassislarni chaqirish toʻgʻrisida majlisda qaror qabul qiladi.
Ular komissiya majlisida ishtirok etib, tushuntirish yoki xulosa beradilar.
8. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya ishni har tomonlama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishi uchun ish beruvchi tomonidan maʼlumot va hujjatlar talab qilishi mumkin.
Ish beruvchi yoki uning vakili komissiya talab qilgan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etishi majburiy hisoblanadi.
Bu mehnat nizosini hal qilishda ishonchli va aniq dalillardan foydalanish imkonini yaratadi.
9. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisi qonuniy va vakolatli hisoblanishi uchun har ikki tarafdan (xodimlar va ish beruvchi tomonidan kiritilgan aʼzolardan) kamida yarmi hozir boʻlishi shart.
Majlisda qatnashgan aʼzolar soni bayonnomada qayd etiladi. Agar kvorum taʼminlanmasa, komissiya raisi majlisni keyingi muddatga koʻchirish haqida qaror qabul qiladi.
10. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya xodimlar va ish beruvchi vakillaridan teng asosda tuziladi. Shuning uchun komissiya majlisi ham ikki tarafdan teng sonli vakillar ishtirok etishi lozim.
Komissiya majlisida qatnashgan har ikki tomon vakillari soni bayonnomada qayd etiladi. Agar tenglik taʼminlanmasa, majlis oʻtkazilmaydi va boshqa muddatga koʻchiriladi.
11. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning qarorlari faqat qonun bilan belgilangan tartib va tarkibiy talablarga rioya qilingan holda qabul qilingandagina haqiqiy hisoblanadi.
Agar komissiya vakolatga ega boʻlmagan tarkibda (yaʼni, tenglik taʼminlanmagan, kvorum yoʻq yoki aʼzolar qonuniy tartibda saylanmagan) qaror qabul qilsa, bunday qaror gʻayriqonuniy hisoblanadi va huquqiy kuchga ega boʻlmaydi.
Agar mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning vakolatga ega boʻlmagan tarkib qonuniy boʻlmasa, aʼzolari yetarlicha ishtirok etmasa, tenglik boʻlmasa, nizoni koʻrib chiqish qoldirilishi kerak. Buni ariza bergan xodim yoki ish beruvchi yoxud komissiya aʼzolari talab qilishi mumkin.
12. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisida raislik qilish vazifasi doimiy ravishda bir shaxsda qolib ketmaydi. U ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi.
Shu bilan birga, qoidaga koʻra, bir xil majlisda rais va kotib vazifalarini bir tomonning vakillari bajarishi mumkin emas.
Raisning vazifasi majlisni olib borish, tartibni taʼminlash, ovoz berishni tashkil qilishdan iborat. Kotibning vazifasi esa, bayonnoma yuritish, qarorni rasmiylashtirishdan iborat.
13. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning tashkilotchilik jihatdan toʻgʻri ishlashi uchun uning raisi va kotibi aniqlanishi shart.
Birinchi majlisda komissiya aʼzolari kelishuv asosida rais va kotibni belgilaydilar. Keyingi majlislarda esa har bir majlis uchun alohida rais va kotib tayinlanadi.
Majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni chaqirish vazifasi aynan shu rais va kotib zimmasiga yuklatiladi.
Ushbu norma komissiya faoliyatida tenglik, xolislik va ishonchlilik printsiplarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Rais va kotibning har majlisda almashib turishi mehnat nizolarini koʻrib chiqish jarayonida taraflar manfaatlari muvozanatini taʼminlaydi.
14. Komissiya majlisi odatda uning raisi tomonidan ochiladi. Rais quyidagi harakatlarni amalga oshiradi.
qaysi mehnat nizosi koʻrib chiqilishi lozimligini eʼlon qiladi;
komissiya tarkibini maʼlum qiladi;
taraflarning (xodim va ish beruvchi yoki ularning vakillari) hozirligini aniqlaydi;
vakillarning vakolatlarini tekshiradi;
komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
15.1. Sharhlanayotgan moddaning oʻn beshinchi qismida yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar, yaʼni xodim va ish beruvchining huquqlari koʻrsatilgan.
15.2. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar oʻzlarida mavjud boʻlgan dalillarni taqdim etishga haqli.
Dalillarni taqdim etish deganda nizo boʻyicha oʻz vajlarini asoslash uchun zarur hujjatlar, hisob-kitoblar, yozma va boshqa dalillarni koʻrsatish tushuniladi.
Dalillar ishonchli va qonuniy boʻlishi kerak. Ishonchli asoslanmagan maʼlumotlar dalil sifatida qabul qilinmasligi mumkin. Noqonuniy dalillarni (soxta hujjatlar, notoʻgʻri maʼlumotlar va yolgʻon koʻrsatmalar) taqdim etish taqiqlanadi.
15.3. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar dalillarni tekshirishda ishtirok etishi mumkin.
Dalillarni tekshirishda ishtirok etish deganda taqdim etilgan dalillar bilan shaxsan tanishish va ularni baholash jarayonida ishtirok etish tushuniladi.
Ushbu dalil kim tomonidan taqdim etilganidan qatʼiy nazar komissiya tomonidan tekshirib koʻrilishi kerak. Ushbu tekshirish jarayonlarida taraflarni ishtiroki taʼminlanishi kerak, agar ular bunga rozi boʻlishsa.
15.4. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqa shaxslarga savollar berish huquqiga ega.
Savollar berish deganda komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, shu jumladan guvohlar va mutaxassislarga savollar yoʻllash tushuniladi.
Komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslar, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqalarga taraflar taqdim qilayotgan maʼlumotlarga aniqlik kiritish va toʻliq, haqqoniy maʼlumotlarni olish uchun savollar berishi mumkin.
Savol berish komissiya majlisiga raislik qiluvchining ruxsati bilan belgilangan tartiblarga amal qilgan holda berilishi kerak.
15.5. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar iltimosnoma berishga haqli.
Iltimosnomada quyidagilar soʻralishi mumkin:
dalillar bilan taʼminlashni, soʻrab olishni va koʻrib chiqish toʻgʻrisida;
guvoh, mutaxassis yoki ekspertlarni jalb qilish;
ishni toʻxtatib turish yoki tugatish;
va boshqalar.
15.6. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar komissiyaga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishi mumkin.
Ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish deganda oʻz vajlarini bayon etish, uni huquqiy va amaliy jihatdan asoslash tushuniladi.
15.7. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar komissiya majlisida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalariga va vajlariga qarshi eʼtiroz bildirishga haqli.
Eʼtiroz bildirish deganda ikkinchi tarafning yoki boshqa ishtirokchilarning iltimosnomalariga yoki bildirgan fikrlariga qarshi chiqish tushuniladi.
15.8. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
Komissiya qarori ustidan shikoyat qilish deganda qabul qilingan qarordan norozi boʻlgan taqdirda sudga murojaat etish tushuniladi.
15.9. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqishda taraflar komissiya majlisida audio va video uskunalardan foydalanishga haqli.
Audio va video yozuv uskunalaridan foydalanish deganda komissiya raisining ruxsati bilan qonunchilik doirasida oʻziga tegishli audio va video yozuv uskunalaridan foydalanib, majlis jarayonini yozib olish tushuniladi.
16. Yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqish komissiya majlisi quyidagi tartibda olib boriladi:
xodim soʻzga chiqadi va oʻz talablarining mohiyati va asoslarini tushuntiradi, dalillarini bayon qiladi;
ish beruvchining vakili soʻzga chiqadi va xodim talablariga qarshi fikrlarini va asoslovchi dalillarni taqdim etadi yoki tasdiqlaydi;
taraflar dalillari tekshiriladi hamda hujjatlar, hisob-kitoblar, boshqa yozma yoki moddiy dalillar koʻrib chiqiladi;
mutaxassislar, guvohlar va boshqa taklif etilgan shaxslar eshitiladi, ularning koʻrsatmalari nizoni hal qilishda yordamchi ahamiyatga ega boʻladi.
Bu bosqichlar komissiyaning qaror qabul qilishda xolis va asosli xulosa chiqarishi uchun zarur.