570-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini dastlab yarashtirish komissiyasida, unda kelishuvga erishilmaganda esa mehnat arbitrajida, shuningdek taraflarning oʻzaro kelishuviga koʻra mediatsiya tartib-taomillarini qoʻllagan holda tadrijiy hal etishdan (tartibga solishdan) iboratdir.
Yarashtirish komissiyasi jamoaviy mehnat nizosini taraflarni yarashtirish yoʻli bilan hal etish (tartibga solish) uchun ish beruvchi va xodimlar (ularning vakillari) oʻrtasidagi kelishuv asosida tuziladigan organdir.
Mehnat arbitraji yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda jamoaviy mehnat nizosi taraflari tomonidan nizoni hal etish uchun vakolatli shaxslarni jalb etgan holda tuziladigan vaqtincha yoki doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi organdir.
Ish beruvchining (uning vakilining) xodimlar (ularning vakillari) talablarining barchasini yoki bir qismini rad etish toʻgʻrisidagi qarori xabar qilingan kun yoki ish beruvchi (uning vakili) ushbu Kodeks 572-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarda oʻz qarori haqida xabar qilmagan kun jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kun hisoblanadi.
1. Sharhlanayotgan modda jamoaviy mehnat nizolarini koʻrib chiqishning umumiy tartibi va asosiy tushunchalarini belgilaydi.
Zero, jamoaviy mehnat nizosi deganda, xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) oʻrtasidagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va oʻzgartirish hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qoʻllash masalalari boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar tushuniladi.
Mazkur kelishmovchiliklar mehnatning yangi shartlarini belgilash, mavjud shartlarini oʻzgartirish hamda jamoa shartnomalari, kelishuvlarini tuzish, oʻzgartirish va bajarish yuzasidan kelib chiqadigan nizolardir.
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari deganda jamoaviy mehnat nizosini tinch yoʻl bilan hal qilishga qaratilgan muzokaralar va kelishuvlar jarayoni tushuniladi.
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari muzokaralarga asoslangan. Taraflar oʻz pozitsiyalarini bildirishlari, oʻzaro murosaga kelishlari va kelishuvga erishishlari kerak.
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizolarini tinch yoʻl bilan hal qilishning muhim vositasidir. Bu tartib-taomillar nizoni bosqichma-bosqich hal qilishga, muzokaralar olib borishga va taraflar oʻrtasida kelishuvga erishishga yordam beradi.
Yuqorida qayd etilgan mehnat munosabatlari yuzasidan nizo kelib chiqqandan, ushbu nizolar dastlab yarashtirish komissiyasida keyin mehnat arbitrajida koʻrib chiqiladi.
Nizoni hal etish jarayonida jamoaviy mehnat nizosi taraflari erishgan kelishuvlar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega. Ularning bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Demak, mehnatning yangi shartlarini belgilash, mavjud shartlarini oʻzgartirish hamda jamoa shartnomalari, kelishuvlarini tuzish, oʻzgartirish va bajarish yuzasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etish tartibi, umumiy asoslarga koʻra, yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali muzokaralar olib borib hal etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, yuqorida qayd etilgan mehnat munosabatlari boʻyicha yuzaga kelgan nizolar taraflarning kelishuviga koʻra mediatsiya tartib-taomillarini qoʻllagan holda hal etish mumkin. Yaʼni, mediatsiya tartib-taomillari deganda kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilishlari tushuniladi.
2. Jamoalarga oid mehnat nizolarini qoʻzgʻatish va ularning hal etilishini talab qilish xodimlarning va ularning vakillik organlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan boʻlib, bunday nizolarni koʻrib, hal etishning huquqiy, tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari mehnat qonun hujjatlarida batafsil nazarda tutilishi, ushbu huquqlarni amalga oshirishning qonuniy kafolatlari belgilab qoʻyilishi demokratik-huquqiy davlatning muhim vazifalaridan biri sanaladi.
Ish beruvchi va mehnat jamoasi oʻrtasida vujudga kelgan jamoaviy mehnat nizosi dastlab ish beruvchi va xodimlar yoki ularning vakillari oʻrtasidagi kelishuv asosida tuziladigan yarashtirish komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi, mazkur komissiya taraflarni murosaga erishishlarini taʼminlashga harakat qiladi.
Yarashtirish komissiyasi tarkibi, ularning soni, ularda nizoni hal etish tartibi ish beruvchi va xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan tegishli nizomda yoki ichki hujjatda aks ettiriladi.
Zarur hollarda jamoaviy mehnat nizolarini hal etishda yuqori turuvchi organlar, xodimlar yoki ish beruvchilarning uyushmalari (yuqori turuvchi kasaba uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi va boshqalar) ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, mazkur toifadagi nizolarni hal etishda mahalliy vakillik organlari ham ishtirok etishi mumkin.
3. Mehnat arbitraji deganda, yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar oʻrtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi organ tushuniladi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari mehnat arbitrajining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat arbitrajida jamoaviy mehnat nizosini hal etishni (tartibga solishni) amalga oshiruvchi shaxs sifatida mehnat arbitri faoliyat olib boradi. Arbitrlar uch yil muddatga tayinlanadi.
Mehnat arbitraji respublika darajasida yetti nafar, tarmoq darajasida besh nafar hamda boshlangʻich va hududiy darajada uch nafar arbitrni oʻz ichiga oladi.
Mehnat arbitrajining arbitrlarga oliy maʼlumotga ega boʻlishi va mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik mehnat stajiga ega boʻlishi talab etiladi.
Arbitrlarning vakolatlari quyidagi asoslarga koʻra muddatidan oldin tugatiladi:
arbitr komissiyaga vakolatini muddatdan oldin tugatish boʻyicha yozma ariza bergan taqdirda;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
arbitrlikka tayinlangan xodimning ish beruvchisi u bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan taqdirda;
ish yurituvidagi jamoaviy mehnat nizosining pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdorligi aniqlangan taqdirda.
Mehnat arbitrajining qarori jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.
Mehnat arbitraji MK, qonunchilik hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023 yil 20 iyuldagi 62-2023/B-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitraji toʻgʻrisida”gi namunaviy nizom asosida faoliyat olib boradi.
4. Ish beruvchilar xodimlarning jamoaviy mehnat nizolari boʻyicha bildirgan barcha talablarini koʻrib chiqish uchun qabul qilishlari shart.
Ish beruvchi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida kasaba uyushmasi qoʻmitasiga xodimlarning talablari olingan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida yozma shaklda xabar beradi.
Ish beruvchilarning (ish beruvchilar birlashmalarining) vakillari kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, agar tegishli darajada kasaba uyushmalari mavjud boʻlmasa, xodimlar boshqa birlashmalarining oʻzlariga yuborilgan talablarini koʻrib chiqishi va qabul qilingan qaror haqida ularga koʻrsatilgan talablar olingan kundan eʼtiboran 1 oy ichida xabar berishi shart.
Sharhlanayotgan moddaga koʻra, jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kun sifatida ish beruvchining xodimlar talablarining barchasini yoki bir qismini rad etish toʻgʻrisidagi qarori xabar qilgan kun yoki yuqorida sanab oʻtilgan muddatlarda oʻz qarori haqida xabar qilmagan kun tushuniladi.