544-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Yakka tartibdagi mehnat nizosining bir tarafi ish beruvchi, boshqa tarafi esa xodim, ilgari ushbu ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxs, ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bilan shunday shartnomani tuzish istagini bildirgan shaxs boʻladi.
Yakka tartibdagi mehnat nizosining har bir tarafi oʻz huquqlarini himoya qilish uchun vakillarni jalb qilishga haqlidir.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismiga muvofiq yakka tartibdagi mehnat nizosi subʼyektlari deganda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki mehnat shartnomasi qoidalarini qoʻllash bilan bogʻliq kelishmovchilikda ishtirok etuvchi taraflar tushuniladi.
Boshqacha qilib aytganda, yakka tartibdagi mehnat nizosi boʻyicha bir taraf ish beruvchi, ikkinchi taraf xodim yoki ilgari ushbu ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxs (ishdan boʻshatilgan shaxs) yoxud ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bilan shunday shartnomani tuzish istagini bildirgan shaxs (ishga kirmoqchi boʻlgan shaxs) boʻladi.
Ish beruvchi deganda, mehnat shartnomasi tuzish, oʻzgartirish yoki bekor qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs tushuniladi. Ish beruvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor boʻlishi mumkin. Xodim sifatida amalda ishlayotgan xodim, ilgari shu ish beruvchi bilan ishlab, keyin mehnat munosabatlari bekor qilingan shaxs hamda ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi tuzishni asossiz rad etilgan shaxs (misol uchun, shaxs ishga kirish uchun ariza bergan, lekin qonun talablariga zid ravishda rad qilingan) eʼtirof etiladi (MKning 19-moddasi shahriga qarang).
Shuningdek, kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda ishtirok etadi, ish beruvchi bilan nizolarda xodimlar nomidan taraf sifatida harakat qilishi mumkin.
Demak, mehnat nizosi faqat ishdagi xodim bilan emas, balki mehnat munosabatini boshlamoqchi boʻlgan yoki oldin ishlagan shaxs bilan ham kelib chiqishi mumkin.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismiga muvofiq yakka tartibdagi mehnat nizosi taraflari, yaʼni ish beruvchi va xodim oʻz huquqlarini shaxsan himoya qiladi, ammo koʻp hollarda taraflarning birida huquqiy bilim yoki malaka yetarli boʻlmasligi mumkin. Shu sababli mazkur norma ularga vakil orqali oʻz manfaatlarini himoya qilish huquqini bergan. Bu orqali mehnat nizosida taraflar tengligi va huquqlarning samarali himoya qilinishi taʼminlanadi.
Chunonchi, vakil sifatida advokat, kasaba uyushmasi vakili, huquqshunos yoki ishonchli shaxs (oila aʼzosi) boʻlishi mumkin.
MILLIY QONUNCHILIK
Fuqarolik protsessual kodeksining 65-moddasiga muvofiq, fuqarolar oʻz ishlarini sudda shaxsan yoki oʻz vakillari orqali yuritishi mumkin. Fuqaroning ishda shaxsan ishtirok etishi uni ish boʻyicha vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi.
Tashkilotlar ishlarni oʻz rahbarlari yoki vakillari orqali yuritadi.