580-modda · VII bo'lim · Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. mehnat nizolarini koʻrib chiqish
Nizoni hal etish (tartibga solish) jarayonida jamoaviy mehnat nizosi taraflari erishgan kelishuvlar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega. Ularning bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Jamoaviy mehnat nizoni mazkur nizoni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlarda koʻrib hal etish jarayonida nizo taraflari oʻrtasida erishilgan kelishuvlar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun mazkur kelishuv majburiy kuchga ega boʻladi.
Zero, yarashtirish komissiyasida ish koʻrib chiqilib, taraflar oʻrtasida kelishuvga erishilsa, ular uchun bajarishi shart boʻlgan yozma qaror qabul qilinadi va taraflar qarorning bayonnomasini imzolaydilar.
Mehnat arbitrajida jamoaviy mehnat nizosi koʻrib chiqilib, kelishuvga erishilsa, mazkur kelishuv qaror bilan tasdiqlanadi va u qabul qilingan kundan eʼtiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosi taraflariga yozma yoki elektron shaklda topshiriladi.
Shuningdek, yuqorida qayd etilgan mehnat munosabatlari boʻyicha yuzaga kelgan nizolar taraflarning kelishuviga koʻra mediatsiya tartib-taomillarini qoʻllagan holda hal etish mumkin. Yaʼni, kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilishlari tushuniladi.
Mediator jamoaviy mehnat nizosi yuzasidan taraflar kelishuviga erishgan taqdirda yakuniy qaror qabul qiladi va mazkur qaror yozma shaklda rasmiylashtiriladi.
Yuqorida zikr etilgan qarorlarning bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Jamoaviy mehnat nizosini hal etish boʻyicha davlat organlari deganda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari tushuniladi.
Mazkur davlat organlari tarkibida Davlat mehnat inspektsiyasi mavjud boʻlib, jamoaviy mehnat nizolariga oid MKda koʻrsatilgan qoidalar buzilgan taqdirda mansabdor shaxslarga nisbatan Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilishi mumkin.