1. Ushbu moddaning birinchi qismiga binoan, ish yili xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida mehnat shartnomasi imzolangan sanadan keyingi yilning shu sanasigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.
Masalan, mehnat shartnomasi 2025 yil 10 iyun kuni imzolangan boʻlsa, 2026 yilning 10 iyunigacha boʻlgan davr xodimning ish yili boʻladi. Bunda “10 iyungacha” degani 2026 yilning 9 iyun kunini ham qamrab oladi, 2026 yilning 10 iyun hisobga kirmaydi. Keyingi ish yillari ham shu tarzda hisoblab boriladi. Bu oʻrinda mana shu “10 iyun”, bir kunga eʼtibor berilishining sababi, toʻliq ishlanmagan oylarning kunini hisoblashda shu bir kun ham ahamiyat kasb etadi. Shu bir kun eʼtiborsizlik natijasida yanglishib hisobga olinsa, tegishli oydagi hisobga olinadigan kunlar
15 kalendar kuniga teng boʻlib qolishi mumkin. 15 kun oʻz navbatida bir oy deb yaxlitlanadi.
Nima uchun “ish yili” degan tushuncha va uni hisobi kerak?
“Ish yili”ni hisoblash asosan, yillik mehnat taʼtillarini berish, mehnat taʼtili uchun pullik kompensatsiya toʻlash masalasini hal etishda kerak.
Undan tashqari, amaliyotda mehnat shartnomasini bekor qilishdan avval xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra foydalanilmagan har yilgi mehnat taʼtilini berish holati ham uchrab turadi. Agar mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida (bundan mehnat shartnomasini xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilish hollari mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat taʼtilini keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda berish nazarda tutilgan boʻlsa, xodimning arizasiga koʻra mehnat taʼtili berilishi shart boʻladi.
Ushbu tartibda mehnat taʼtili berilsa va xodim bu kunga qadar toʻliq miqdorda mehnat taʼtilini olish huquqiga ega boʻlmasa (yaʼni, shu ish yilida 12 oy ishlamagan boʻlsa), mehnat taʼtili vaqtiga toʻlanadigan haq boʻyicha xodimning qarzdorligi yuzaga kelmasligi maqsadida unga ishlagan vaqtiga mutanosib davomiylikda taʼtil berilib, shu vaqt uchun haq toʻlash maqsadga muvofiq boʻladi. Mana shunday holatda ham ish yilini hisoblash zaruriyati boʻladi.
Yuqorida ish yili xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida mehnat shartnomasi imzolangan sanadan keyingi kalendar yilning shu sanasigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olishi aytilgani bejiz emas.
Aytaylik, xodim smenali yoki vaxta usulidagi ishga qabul qilinsa va ish (smena yoki vaxta) mehnat shartnomasi imzolangandan muayyan kunlar oʻtgandan keyin boshlansa, ish yil haqiqatda ish boshlangan kundan emas, balki mehnat shartnomasi imzolangan kundan hisoblanadi.
MKning 128-moddasida ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan yoxud uning ruxsati bilan xodimni haqiqatda ishga qoʻyish, ishga qabul qilish lozim darajada rasmiylashtirilganligidan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qatʼi nazar, mehnat shartnomasini ish boshlangan kundan eʼtiboran tuzish deb hisoblanishi belgilab qoʻyilgan. Shunday holat yuzaga kelgan boʻlsa, xodim haqiqatda ishga qoʻyilgan sana ish yilining boshlanish sanasi hisoblanadi.
Ish yili qanday hollarda oʻzgaradi?
2. Ushbu moddaning ikkinchi qismiga binoan, MKning 226-moddasida qayd etilgan, har yilgi asosiy mehnat taʼtilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun qoʻshimcha taʼtil olish huquqini beruvchi ish stajiga kiritiladigan vaqt (davr)larning summasi toʻliq oʻn ikki kalendar kunidan kam boʻlsa, ish yili yetishmayotgan vaqtga mutanosib suriladi, yaʼni ish yilining boshlanish va tugash sanasi oʻzgaradi.
1-MISOL
Ish yili 2025 yil 10 iyundan 2026 yilning 10 iyunigacha. Xodim shu ish yili davomida ikki oy ish haqi saqlanmaydigan taʼtilda boʻlgan, yigirma yetti kun davomida unga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilganligi sababli u shu vaqt mobaynida ishdan chetlashtirilgan va uning mehnat vazifalarini bajarishdagi aybi tasdiqlangan deb faraz qilamiz.
Xodim foydalangan ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning bir oy oʻn olti kuni va unga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan vaqtda ishdan chetlashtirilgan yigirma yetti kun (shartli ravishda 30 kalendar kunlik oy deb olsak, jami yetmish uch kun) navbatdagi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kirmaydi.
Ushbu xodimga mehnat taʼtili berilayotganda ish stajini hisoblasak, navbatdagi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish staji toʻqqiz oy oʻn yetti kunni tashkil qiladi. Demak, ish staji 12 oyga yetmadi. Bu holatda, ish yili 12 oyga yetishmaydigan muddatga, yaʼni yetmish uch kalendar kuniga mutanosib suriladi va ish yili 2025 yil 23 avgustdan 2026 yil 23 avgustgacha boʻladi.
2-MISOL
Soʻnggi ish yili 2025 yil 10 yanvardan 2026 yil 10 yanvargacha.
Xodim 2024 yil 20 dekabrdan 2025 yil 12 fevralgacha, yaʼni 55 kun davomida ish haqi saqlanmagan taʼtil boʻlgan. Bundan 14 kuni mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiradi, 41 kuni kirmaydi.
Shundan kelib chiqib hisoblansa, xodimning ish davri, 2025 yil 10 yanvardan keyin kalendar boʻyicha 41 kunga suriladi va 2025 yilning 20 fevralidan boshlanadi va keyingi yilning shu sanasigacha boʻladi.
3-MISOL
Soʻnggi ish yili 2025 yil 10 yanvardan 2026 yil 10 yanvargacha.
Xodim 2025 yil 1 martdan 13 maygacha, yaʼni 47 kun davomida ish haqi saqlanmagan taʼtilda boʻlgan. Bundan 14 kuni mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiradi, 33 kuni kirmaydi.
Bunday hollarda ish yilini 1-misoldagi tartibda hisoblab chiqarish mumkin emas, chunki 10 yanvardan 1 martgacha boʻlgan davr mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiradi, 1 martdan 13 maygacha boʻlgan davr kirmaydi va yana 14 maydan - keyingi yilning 10 yanvarigacha boʻlgan davr kiradi. Agar 1-misolda keltirilgan tartibda hisoblansa, xodimning ish davri 2025 yil 10 yanvardan 2026 yilning 11 fevraligacha boʻladi. Bu esa sharhlanayotgan moddaning birinchi qismidagi “oʻn ikki oyga teng boʻlgan” degan qoidaga mos boʻlmaydi.
Shuning uchun bunday hollarda ish yili ish yilining boshidan boshlab, yaʼni 10 yanvardan 33 kunga surilishi kerak. Shunda xodimning ish yili 2025 yilning 12 fevralidan 2026 yilning 12 fevraligacha boʻladi.
4-MISOL
Ayol 2020 yil 18 aprelda ishga kirgan. Uning birinchi ish yili 2020 yil 18 apreldan 2021 yilning 18 apreligacha boʻladi. Bu davr uchun unga mehnat taʼtili, aytaylik, 2020 yil 12 noyabrda, ikkinchi ish yili uchun (2021 yilning 18 aprelidan 2022 yilning 18 apreligacha boʻlgan davr uchun) 2022 yilning mart oyida berilgan (2020 yil noyabr va 2022 yilning mart oyi sanalari shartli ravishda keltirilgan. Aslida mehnat taʼtili qachon berilganligi ahamiyat kasb etmaydi).
Shundan keyin unga 2022 yil 27 avgustdan 4 noyabrgacha yetmish kun tugʻruqqacha va 5 noyabrdan 30 dekabrgacha (30 dekabr qoʻshib hisoblanadi) ellik olti kun tugʻruqdan keyingi taʼtil berilgan (bu davrlar mehnat taʼtili olish huquqini beradigan ish stajiga kiradi.
Undan keyin esa, 2022 yil 5 noyabrdan (bola tugʻilgan sana) 2025 yilning 5 noyabrigacha bolani uch yoshgacha parvarishlash taʼtilida boʻldi (bu davr mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kirmaydi).
2025 yil 6 noyabrda bolani uch yoshgacha parvarishlash taʼtilidan ishga qaytadi.
Bu ayolning ish yili mehnat taʼtilini olish huquqini bermaydigan davrga, yaʼni 2022 yil 5 noyabrdan 2025 yil 5 noyabrgacha boʻlgan davr (3 yil)ga mutanosib ravishda suriladi va 2025 yilning 5 noyabridan 2026 yilning 5 noyabrigacha (yangi birinchi ish yili), 2026 yilning 5 noyabridan 2027 yilning 5 noyabrigacha (yangi ikkinchi ish yili) boʻladi va shu tariqa davom etadi.
Amaliyotda shunday hollar ham uchrab turadiki, ayol bola parvarishlash taʼtili tugashi bilan ishga chiqishining imkoni boʻlmaganligi sababli oilaviy sharoitiga koʻra yana maʼlum bir muddatga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berishni iltimos qiladi. Agar shunday taʼtil berilsa va uning davomiyligi oʻn toʻrt kundan ortiq boʻlsa, ayolning ish yili, yuqorida aytib oʻtilgandek uch yilga va ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning oʻn toʻrt kalendar kunidan ortiq qismiga mutanosib suriladi. Masalan, ayolga bola parvarishlash taʼtili tugagandan keyin uning iltimosiga koʻra yana 15 kalendar kunga (bu taʼtilning oʻn toʻrt kuni mehnat taʼtilini olish huquqni beradigan ish stajiga kiradi, bir kuni kirmaydi) yoki yigirma kalendar kunga ish haqi saqlanmagan taʼtil berilgan boʻlsa (bu taʼtilning oʻn toʻrt kuni mehnat taʼtilini olish huquqni beradigan ish stajiga kiradi, olti kuni kirmaydi), uning ish yili, birinchi holatda, 2025 yilning 6 noyabridan 2026 yilning 6 noyabrigacha, ikkinchi holatda 2026 yilning 11 noyabridan 2027 yilning 11 noyabrigacha boʻladi.
Shu oʻrinda amaliyotda koʻplab uchraydigan yana bitta holat, yaʼni ayol bola parvarishlash taʼtili tugab ishga chiqqach, maʼlum bir vaqtdan keyin mehnat taʼtili berishni soʻrasa, unga taʼtil berish tartibi qanday boʻladi?
Bunday holatda ushbu ayolga mehnat taʼtili bola parvarishlash taʼtili boshlangunga qadar boʻlgan ish davriga tugʻruqqacha va tugʻish taʼtili davrini qoʻshgan holda hisoblab chiqariladi.
Yuqoridagi misolimiz asosida koʻradigan boʻlsak, ayolning 2022 yil 18 apreldan 2022 yil 27 avgustgacha haqiqatda ishlagan vaqti hamda homiladorlik va tugʻish taʼtili (27 avgustdan 30 dekabrgacha boʻlgan davr) jamlanib (sakkiz oy boʻladi), shu davr uchun mehnat taʼtili mutanosib davomiylikda beriladi.