1.1. Mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, ishga qabul qilish jarayonidagi tartib va shaffoflikni taʼminlash maqsadida MKda ishga kirayotgan shaxs tomonidan taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar aniq va huquqiy ravishda belgilangan.
Ushbu talab nafaqat ichki huquqiy tizimimizning tartibga soluvchi omillaridan biridir, balki mehnat munosabatlarida ishtirok etuvchi taraflarning huquq va majburiyatlarini taʼminlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, mazkur moddaning ushbu birinchi qismida mehnat shartnomasini tuzish jarayonida ishga kirayotgan shaxs taqdim etishi lozim boʻlgan asosiy shaxsiy identifikatsiya hujjatlari belgilangan.
Ushbu moddaning birinchi qismi mehnat munosabatlari sohasida huquqiy aniqlikni taʼminlovchi va huquq subʼyektlarining manfaatlarini muhofaza qiluvchi meʼyoriy asoslardan biridir.
Bunda fuqarolarning mehnat huquqlari va ish beruvchilarning majburiyatlari huquqiy asosga ega boʻladi. Shu boisdan ham ushbu talabni bajarmaslik ish beruvchi tomonidan huquqbuzarlik sifatida baholanishi va tegishli javobgarlik choralari koʻrilishi mumkin. Kelgusida ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishda ham ushbu talablar toʻliq hisobga olinishi shart.
1.2. Birinchidan, ushbu moddaga asosan ishga kirayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat yoki ID-karta taqdim etilishi shart qilib belgilangan.
Shuningdek, agar ishga kirayotgan shaxs 16 yoshgacha boʻlgan shaxs boʻlsa, u holda tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki identifikatsiyalovchi ID-karta talab etiladi. Bu norma fuqarolarning mehnat bozoridagi ishtirokini yoshga qarab huquqiy maqomini taʼminlashga va mehnat munosabatlarida qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chogʻida pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat yoxud identifikatsiyalovchi ID-karta toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali soʻrab oladi.
Hozirgi kunda YAMMT dasturi tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan boʻlib, ish beruvchilar mazkur maʼlumotdan foydalanishi mumkin boʻladi.
1.3. Ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxs oxirgi ish joyi boʻyicha tasdiqlangan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. Oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining oʻrniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi maʼlumotnomani taqdim etadi.
Mazkur talab amaldagi mehnat munosabatlarining davomiyligini, ish staji va mehnat faoliyatidagi bosqichlar tartibini rasmiylashtirish maqsadini koʻzlaydi. Mehnat daftarchasi - fuqaroning butun mehnat faoliyatini aks ettiruvchi rasmiy hujjat sifatida mehnat huquqi tizimida alohida oʻrin tutadi. Bu hujjat ish beruvchiga xodim haqida avvalgi mehnat faoliyati, ish joylari, lavozimlari, mukofot va intizom choralari toʻgʻrisida axborot beradi, shu orqali ishga qabul qilish qarorini obʼyektiv asosda qabul qilish imkonini beradi. Kodeksdagi ushbu bandida mehnat daftarchasi ikki xil shaklda: qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi (agar mavjud boʻlsa) va elektron mehnat daftarchasidan olingan koʻchirma sifatida taqdim etilishi mumkinligi qayd etilgan.
2020 yildan boshlab Oʻzbekistonda mehnat munosabatlarini raqamlashtirish siyosati doirasida YAMMT orqali elektron mehnat daftarchasini shakllantirish joriy etildi.
Elektron mehnat daftarchasidan olingan rasmiy koʻchirma - bu YAMMT orqali shakllantirilgan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjat boʻlib, u qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi bilan yuridik jihatdan tenglashtirilgan.
Ushbu normada huquqiy adolat tamoyili asosida muhim istisno ham nazarda tutilgan - birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar ushbu hujjatni taqdim etishdan ozod etiladi. Bu holda ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzilgan paytdan boshlab fuqaroning mehnat daftarchasini yangidan yuritadi yoki YaMMTda uning elektron mehnat daftarchasini ochish uchun asos yaratiladi. Bu norma yosh mutaxassislar, kollej va universitet bitiruvchilari hamda mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Moddadagi yana bir muhim huquqiy tartib - oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslarga tegishli. Ulardan mehnat daftarchasini taqdim etish talab etilmaydi, chunki mehnat daftarchasi asosiy ish joyida yuritiladi. Bu holatda ishchi asosiy ish joyidan belgilangan namunadagi maʼlumotnomani taqdim etishi lozim. Mazkur maʼlumotnoma odatda tashkilot rahbari yoki kadrlar boʻlimi tomonidan rasmiy blankda tuziladi va ishchining ish lavozimi, ish boshlangan sana, toʻliq yoki qisman ish kunligida faoliyat yuritayotgani haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Bu ish beruvchiga oʻrindoshning asosiy ish joyini toʻgʻri baholash va unga mos mehnat rejimi belgilash imkonini beradi.
Bu hujjat oʻrindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirish uchun asosiy ish joyidan beriladigan maʼlumotnoma shakliga mos boʻlishi kerak (roʻyxat raqami 2417, 2013 yil 29 yanvar).
1.4. Ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotganda harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani taqdim etishi shart.
Mehnat huquqi tizimida ishga qabul qilish jarayonini qonuniy va tartibli amalga oshirish maqsadida, ishga kirayotgan shaxsdan qator hujjatlarni taqdim etish talab etiladi. Ularning ichida muhimlaridan biri - fuqaroning harbiy majburiyatlari bilan bogʻliq hujjatdir. Mazkur moddaning ushbu bandida aynan shu masala huquqiy meʼyor sifatida belgilangan: harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani taqdim etadilar.
Harbiy guvohnoma - fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan munosabatini, yaʼni harbiy xizmatga boʻlgan majburiyatlarini rasmiylashtiruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Bu hujjat harbiy xizmat oʻtagan shaxslarga berilsa, harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma - chaqiriluvchi yoki harbiy xizmatga majbur shaxslarga beriladi. Bu orqali davlatning mudofaa sohasidagi strategik manfaatlari, aholining harbiy hisobini yuritish va harbiy tayyorgarlik darajasini taʼminlash masalalari hal etiladi.
Fuqaro mehnat munosabatiga kirayotganda uning harbiy maqomi - chaqiriluvchimi, zaxiradami, harbiy xizmatdan ozod etilganmi - aniq boʻlishi kerak. Bu maʼlumot ish beruvchi uchun muhim, chunki:
chaqiriluvchilar harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin;
ularning vaqtincha yoki doimiy ishga joylashishi harbiy safarbarlik rejalariga zid kelmasligi lozim;
mehnat shartnomasini tuzishda ish vaqti, taʼtil, muddatli shartnomalar kabi masalalarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Ish beruvchi ushbu hujjat orqali ishga kirayotgan shaxsning harbiy majburiyatlari haqida maʼlumot oladi, bu esa fuqaro oʻz vazifalarini qanday bajara olishini baholashda, ishni tashkil etishda yoki xavfsizlik tartiblari yuzasidan yechimlar qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.
MILLIY QONUNCHILIK
Fuqarolarni harbiy hisobga olish:
Oʻzbekiston Respublikasining "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida"gi Qonuni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 martdagi 119-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori;
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy roʻyxatga olishni tashkil etish va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 3272, 2020 yil 30 iyun) asosida amalga oshiriladi.
1.5. Ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxs oliy yoki oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus maʼlumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar qoʻyilishi mumkin boʻlsa, oʻsha ishga kirish chogʻida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni taqdim etishi kerak.
Bu norma mehnat munosabatlarida kasbiy malakalilik, xavfsizlik, sifat va masʼuliyat tamoyillarini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, ayrim mutaxassisliklar uchun xavf manbai boʻlishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirish huquqini huquqiy asosda cheklaydi va belgilangan talablarga rioya qilishni nazarda tutadi.
Ushbu bandida koʻrsatilgancha, ishga kirish chogʻida quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
oliy taʼlim muassasasi (bakalavr, magistr) tamomlaganlik toʻgʻrisida diplom;
yoki oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasasini (kollej, texnikum) tamomlaganlik toʻgʻrisida diplom;
yoki ish faqat maxsus tayyorgarlik talab qilsa, sertifikat, litsenziya, guvohnoma yoki boshqa rasmiy hujjat, masalan, malaka haqidagi shahodatnoma yoki taʼlim markazi bergan maxsus kurslarni tugatishga oid hujjat.
Bu hujjatlar ish beruvchiga xodimning ish faoliyatini bajarishga huquqiy va kasbiy qobiliyatliligini rasmiy ravishda aniqlash imkonini beradi.
Mazkur band xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlarida kasbiy tayyorgarlik, ixtisoslik, xavfsizlik va sifat tamoyillarini taʼminlash uchun muhim huquqiy asos hisoblanadi. Ayniqsa, faqat maxsus maʼlumotga ega boʻlgan shaxslargina amalga oshirishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarida ushbu hujjatlar taqdim etilishi ish beruvchi uchun majburiy hisoblanadi. Bu mehnat munosabatlarining samarali, qonuniy va xavfsiz yuritilishiga xizmat qiladi.
MISOL
Tibbiyot Akademiyasini tamomlagan fuqaro davolash boʻlimida ishga qabul qilinishi uchun bakalavr yoki magistr diplomi, amaliyotni oʻtab boʻlganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etishi shart. Shundan soʻng, uning mehnat faoliyatini boshlashi mumkin.
1.6. Ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxs jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini taqdim etishi kerak.
Mazkur moddaning ushbu bandida esa jismoniy shaxs oʻzining shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) taqdim etishi lozimligi aniq va rasmiy tarzda belgilangan. Bu norma mamlakatda elektron hujjatlar aylanmasi va raqamli boshqaruv tizimining faol rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, xodim haqidagi maʼlumotlarning yagona identifikator orqali aniqlanishini taʼminlaydi. Bu orqali fuqaro mehnat munosabatlari tizimida raqamli subʼyektga aylanadi.
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) - Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtgan har bir jismoniy shaxsga davlat tomonidan beriladigan yaxlit raqamli identifikator boʻlib, fuqaroning barcha davlat organlari, soliq va ijtimoiy xizmatlar tizimida yagona maʼlumotlar asosida hisobga olinishini taʼminlaydi. JSHSHIR pasportida koʻrsatilgan boʻladi va axborot tizimlarida fuqaro shaxsini tasdiqlovchi asosiy element hisoblanadi.
JShShIRni ish beruvchiga taqdim etsa, ish beruvchi ushbu raqam orqali YAMMT tizimi orqali xodimga oid boshqa maʼlumotlarni (pasport maʼlumotlari, elektron mehnat daftarchasi, diplomi va boshqa maʼlumotlarni) integratsiyalashgan bazalardan olishi mumkin boʻladi.
Ishga kiruvchi shaxsni JShShIRni ish beruvchiga taqdim etishi bilan birga orqali ish beruvchiga ushbu shaxsiy maʼlumotlardan xodimning malakasini baholash uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
2. Mazkur moddaning ikkinchi qismi davlat xizmatini tashkil etishda, elektron hukumat mexanizmlarini joriy etishda, fuqarolarning ortiqcha hujjat yuritishi va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirishda muhim huquqiy va maʼmuriy qadam hisoblanadi. Ushbu normaga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish paytida mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan ayrimlarini, aniqrogʻi ikkinchi va uchinchi xatboshilarda koʻrsatilgan maʼlumotlarni - mehnat daftarchasi boʻyicha maʼlumotlar va harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobga olinganlik haqidagi maʼlumotlar - ishga kirayotgan shaxsdan talab qilmasdan, axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda soʻrab olishlari mumkin.
Mazkur norma huquqiy-maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirishga va raqamlashtirish siyosatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan. Yaʼni, davlat tashkilotlari ishga qabul qilish chogʻida maʼlumotlarni fuqarodan qayta-qayta talab qilmasdan, idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali olish huquqiga ega.
Fuqaro, oʻz navbatida, mazkur maʼlumotlarni qogʻozda olib kelishga majbur emas - agar davlat tashkiloti texnik jihatdan integratsiyalangan tizim orqali bu maʼlumotni olish imkoniyatiga ega boʻlsa.
Ushbu norma davlat xizmatini raqamlashtirish, aholini ortiqcha hujjatbozlikdan xalos etish, fuqarolar huquqlarini taʼminlash va maʼmuriy protseduralarni avtomatlashtirishning huquqiy asosidir. Bu mexanizm fuqaro -davlat - ish beruvchi munosabatlarida yuksak ishonch, tezkorlik va samaradorlikni taʼminlaydi. Shuning uchun ham, har bir davlat organi va tashkiloti ushbu huquqiy normani amaliyotda toʻliq joriy etishi, texnik va tashkiliy choralarni koʻrishi zarur.
3.1. Sharhlanayotgan moddaning uchinchi qismida ish beruvchining ishga qabul qilgandan keyingi xodimga mehnat daftarchalarini yuritish va ilgari jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni bunday hisobga qoʻyish kabi dastlabki majburiyatlari koʻrsatilgan.
3.2. Mazkur qoidaga muvofiq, ish beruvchi quyidagi holatlarda mehnat daftarchasini rasmiylashtirishi shart:
birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar uchun, agar ular kamida besh kundan ortiq ishlagan boʻlsa;
ilgari mehnat faoliyati boʻlgan, ammo qonunchilikda mehnat daftarchasi yuritilishi nazarda tutilmagan shaxslar uchun.
Bu holatlarda ish beruvchi xodim nomiga mehnat daftarchasini yaratishi yoki YAMMT orqali uning elektron mehnat daftarchasini mehnat shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish orqali shakllantirishi shart.
Mehnat daftarchasi fuqaroning mehnat staji, ish joylari, ishga qabul qilingan va ishdan boʻshatilgan sanalar, lavozimi, intizom choralari yoki mukofotlari haqidagi maʼlumotlarni toʻplovchi rasmiy hujjat boʻlib, u fuqaroning pensiya taʼminoti, sugʻurta taʼminoti, ijtimoiy nafaqalar va kasbiy huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
3.3. Ushbu normada ish beruvchiga yuklangan muhim yuridik majburiyat: yaʼni, ilgari jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni ushbu hisobga qoʻyish uchun zarur choralar koʻrish shart etib belgilanadi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 21 dekabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan amalga oshiriladi.
NIZOM
Agar ishga qabul qilingan xodim ilgari hech qachon rasmiy ishlamagan boʻlsa, yaʼni u:
YaMMTda qayd etilmagan;
Pensiya jamgʻarmasida shaxsiy hisob raqami ochilmagan;
Jamgʻarma toʻlovlari amalga oshirilmaganda ish beruvchi mazkur bandga muvofiq bunday shaxsni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida roʻyxatga qoʻyishi va uning hisobini ochishi uchun tegishli choralar koʻrishi shart.
Ish beruvchining xodimni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida qayd etishga oid majburiyati bu faqat moliyaviy hisob-kitob emas, balki fuqaroning kelgusidagi ijtimoiy kafolatlarini taʼminlash boʻyicha huquqiy kafolatdir. Bu norma, oʻz navbatida, mehnat munosabatlarining toʻliq raqamlashtirilishini, shaffofligini va davlat tomonidan nazorat qilinishi mumkinligini taʼminlaydi. Har bir ish beruvchi ishga qabul qilingan shaxs qayd etilmagan boʻlsa, ushbu hisobga olish yuzasidan amaldagi choralarni zudlik bilan amalga oshirishi shart.
4. Mazkur norma mehnatga doir munosabatlarda fuqarolarning huquqiy maqomini mustahkamlash, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, shaffoflik va adolatni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, ish beruvchining haddan tashqari talablari va oʻzboshimchalik harakatlarini cheklashga xizmat qiladi.
Mazkur normaga koʻra:
ishga qabul qilish jarayonida ish beruvchi faqat qonun hujjatlarida aniq koʻrsatilgan hujjatlarni talab qilishi mumkin;
qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlar — masalan, nikoh guvohnomasi, uy-joy yoki kommunal xizmat haqidagi maʼlumot, soʻrovnomalar, xususiy sugʻurta shartnomalari va h.k. — talab qilinishi qonunga zid hisoblanadi;
bu taqiq barcha tashkilotlar, jumladan davlat, xususiy, notijorat va xorijiy kompaniyalar uchun umumiy hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayrim maxsus sohalarda qonunchilikda belgilangan hollarda (masalan, tibbiyot, xavfli ishlar, bolalar bilan ishlash) tibbiy koʻrik natijasi, sudlanganlik haqida maʼlumotnoma yoki ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinishi mumkin. Ammo bularning har biri alohida qonunchilik hujjatlarida asoslangan boʻlishi shart.
Ushbu norma ishga qabul qilish jarayonidagi qonunbuzarliklarning oldini olish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va fuqarolarning teng mehnat huquqlarini taʼminlash uchun muhim huquqiy kafolat hisoblanadi. U ish beruvchi faoliyatini cheklaydi, lekin shu orqali mehnat bozorida shaffoflik, insoniy muomala va qonun ustuvorligi tamoyillarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham har bir ish beruvchi faqat qonuniy asosda talab etiladigan hujjatlarni soʻrash, va ulardan tashqari har qanday maʼlumotlarni talab qilmaslik majburiyatini aniq anglab yetishi lozim.