Mehnat shartlari deganda ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarining majmui tushuniladi.
Ijtimoiy omillar jumlasiga mehnatga haq toʻlash miqdori, ish vaqtining, taʼtilning davomiyligi va boshqa shartlar kiradi.
Ishlab chiqarish omillari jumlasiga texnika, sanitariya, gigiyenaga oid, ishlab chiqarish-maishiy va boshqa shartlar kiradi.
1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida mehnat shartlari tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlib, bu mehnat shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi.
Mehnat shartlari mehnat shartnomasida aniq belgilab qoʻyilishi shart. Ushbu shartlarni oʻzgartirish (masalan, maoshni kamaytirish yoki ish rejimini oʻzgartirish) faqat qonunda belgilangan tartibda (koʻpincha xodimning roziligi bilan yoki uni ogohlantirgan holda) amalga oshirilishi mumkin. Aks holda, bu shartnoma shartlarini bir tomonlama buzish hisoblanadi.
Xodimning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish omillariga misollar ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan.
2. Ijtimoiy omillar koʻproq xodimning huquqiy, moliyaviy va tashkiliy holatiga tegishli boʻlib, ular asosan mehnat shartnomasida kelishiladi.
Masalan, mehnatga haq toʻlash miqdori, ish vaqtining, mehnat taʼtilining davomiyligi, xodimning lavozimi va vazifalari, huquq hamda majburiyatlari, ish joyi va boshqalar.
Mehnatga haq toʻlash miqdorini belgilash boʻyicha MK 243-252-modda sharhlariga qarang.
Ish vaqtining davomiyligi - bu xodim oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi kerak boʻlgan vaqt oraligʻini belgilashidir. Bu shartlar xodimning dam olish huquqini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Taʼtillar bir necha turda boʻladi, eng asosiy va mehnat shartnomada belgilanadigan taʼtillar bu asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari hisoblanadi. Boshqa taʼtillar: ijtimoiy taʼtillar, ish haqi saqlanmagan yoki qisman saqlangan taʼtillar qonunchilik hujjatlari va mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga asosan beriladi.
Bundan tashqari, xodimning ijtimoiy omillarga ijtimoiy-huquqiy holatiga bevosita taalluqli boʻlgan barcha qoʻshimcha shartlar, masalan, transport va ovqatlanish xarajatlarini qoplash, xodimning malakasini oshirish, oʻqitish yoki qayta tayyorlash xarajatlarini ish beruvchi tomonidan qoplash kabilarni ham kiritish mumkin.
Ijtimoiy omillar xodimning haq-huquqlarini himoya qilish, uni moddiy ragʻbatlantirish va ish beruvchining ijtimoiy masʼuliyatini belgilash uchun xizmat qiladi. Ular har qanday holatda ham MKda belgilangan eng past kafolatlardan kam boʻlmasligi shart.
3. Mehnat shartlarining ikkinchi muhim qismi – ishlab chiqarish omillarini (yoki shartlarini) oʻz ichiga oladi. Bu omillar xodim oʻz mehnat faoliyatini bevosita amalga oshiradigan atrof-muhit, xavfsizlik va jismoniy sharoitlar bilan bogʻliq boʻlib, ularning maqsadi — xodimning sogʻligʻini, hayotini himoya qilish va mehnat samaradorligini taʼminlashdir.
Ishlab chiqarish omillariga xodimning mehnati bevosita bajariladigan muhit va jarayonga tegishli. Ular mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik va samaradorlikni belgilaydi.
Yaʼni, ish joyidagi jismoniy, kimyoviy, biologik va boshqa omillarning majmui boʻladi.
Texnikaga oid shartlar bu quyidagi mehnat jarayonida foydalaniladigan uskuna, texnologiya va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan texnik vositalar bilan bogʻliq:
uskunalarning holati, yaʼni xodim foydalanadigan asbob-uskunalar, mashinalar va dastgohlarning texnik sozligi va xavfsizlik talablariga mosligi;
ishlab chiqarish texnologiyasi, yaʼni ish jarayonlarining xavfsiz texnologiyalar asosida tashkil etilganligi, xodimga notoʻgʻri yoki xavfli usullar bilan ishlashga majburlashning yoʻqligi;
texnik nazorat, yaʼni uskunalarning vaqtida taʼmirlanishi, texnik koʻrikdan oʻtkazilishi va eskirgan, xavfli uskunalarning ishlatilmasligini nazorat qilish;
xavfsizlik texnikasiga, yaʼni barcha xavfsizlik qoidalarining (masalan, blokirovka tizimlari, himoya toʻsiqlari) mavjudligi va ishlashi.
MISOL
Korxonadagi yuk koʻtarish kranining ishchi holatdaligini taʼminlash yoki xodimlar uchun zamonaviy, xavfsiz kompyuter uskunalari bilan jihozlangan ish joyini yaratish.
Sanitariya va gigiyenaga oid shartlar bu shartlar quyidagi xodimlarning sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan atrof-muhit omillarini tartibga solishga qaratilgan:
umumiy foydalanish joylarida tozalik va gigiyena standartlarining saqlanishi, sovuq va issiq suv mavjudligi;
havo muhiti, yaʼni ish joyidagi havo harorati, namligi va havo aylanishi (ventilyatsiya) ning sanitariya normalariga mosligi;
ish joyidagi shovqin va tebranish darajasining yoʻl qoʻyiladigan meʼyorlardan oshmasligi;
yoritilganlik, yaʼni ish joyining tabiiy va sunʼiy yorugʻlik bilan yetarli darajada taʼminlanganligi;
zararli moddalar, yaʼni ish joyidagi chang, gaz, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar kontsentratsiyasining meʼyordan oshmasligi.
MISOL
Kompyuterda ishlaydigan xodimlarning ish joyiga (monitorga) tushadigan yorugʻlikning koʻzga zarar qilmaydigan darajada boʻlishini taʼminlash yoki zararli tsexlarda kuchli ventilyatsiya tizimini oʻrnatish.
Ishlab chiqarish, maishiy shartlar, bu bevosita ish jarayonidan tashqaridagi, lekin xodimning ish joyida oʻzini qulay his qilishi va tanaffus olishi uchun zarur boʻlgan quyidagi sharoitlarni oʻz ichiga oladi:
dam olish va ovqatlanish joylari, yaʼni xodimlar uchun tanaffusda dam olish, ovqatlanish imkoniyati (masalan, oshxona, bufet yoki ovqatlanish xonasi);
maishiy binolar, yaʼni kiyim almashtirish uchun garderoblar, yuvinish, dush qabul qilish va hojatxonalarning mavjudligi;
korxonada tibbiy yordam koʻrsatish uchun maxsus punkt (tibbiyot xonasi) va zarur dori-darmonlar (aptechka) mavjudligi;
zarur boʻlganda, xodimlarni maxsus kiyim-bosh, poyabzal va boshqa himoya vositalari bilan taʼminlash.
MISOL
Korxonada xodimning kiyimlarini saqlash uchun shaxsiy shkaflar va smenadan soʻng yuvinishi uchun dushxonalarning mavjud boʻlishi.
Boshqa shartlarga yuqoridagiga kirmagan, lekin mehnat munosabatlarida muhim boʻlgan barcha qoʻshimcha talablarni qamrab oladi. Masalan:
yongʻinni oʻchirish vositalari va ogohlantirish tizimlarining mavjudligi;
favqulodda holatlarda evakuatsiya yoʻllarining ochiq va belgilangan boʻlishi.
Ishlab chiqarish omillari xodimning jismoniy xavfsizligi va sogʻligʻi uchun javobgarlikni aks ettiradi. Ish beruvchining majburiyati – ushbu shartlarni qonunchilikda belgilangan barcha normalar va qoidalarga muvofiq taʼminlashdan iborat. Agar bu shartlar yomonlashsa, mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritilishi yoki qonunchilikda belgilangan qoʻshimcha imtiyozlar (masalan, qoʻshimcha taʼtil yoki ustama) taqdim etilishi lozim.