Dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi toʻliq tatbiq etiladi.
Dastlabki sinov davri mehnat stajiga, shu jumladan har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham kiritiladi.
1. Sharhlanayotgan ushbu modda mehnat munosabatlarida xodimning huquqiy maqomi, jumladan, uning mehnat qonunchiligiga boʻlgan daxldorligini sinov davrida ham kafolatlash tamoyilini belgilaydi. Ushbu norma orqali davlat ish beruvchi va ishchi oʻrtasidagi munosabatlarda qonun ustuvorligini, ijtimoiy himoya kafolatlarini va diskriminatsiyadan holi munosabatlarni taʼminlashga intiladi. Bu moddada aks etgan qoida dastlabki sinov muddati bilan mehnatga yollangan shaxslarning huquqlarini kafolatlaydi, unda ikki asosiy normaning huquqiy kuchga egaligi mustahkamlangan:
Dastlabki sinov davri – mehnat shartnomasi tuzilgan paytdan boshlab odatda 3 oylik muddatni tashkil etadi va u davrida ham xodimga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi toʻliq tatbiq etiladi. Bu norma asosan xodimning sinov davrida huquqiy himoyasini taʼminlash, ish beruvchining nazorat vakolatlari bilan bir qatorda, xodimning mehnat huquqlarini hurmat qilish majburiyatini yuklaydi.
Ish beruvchilar koʻp xollarda ishga kirish boʻyicha murojaat qilgan shaxslarga mehnat shartnomasi tuzmasdan va ishga qabul qilish haqidagi buyruqni rasmiylashtirmasdan turib dastlabki sinovdan oʻtishni taklif qiladi. Ish beruvchining bunday harakatlari mehnat qonunchiligida xodimlar uchun koʻzda tutilgan ijtimoiy, iqtisodiy kafolatlarni qoʻllamasdan mehnatga jalb etish hisoblanadi.
Sinov muddati asosida ishga yollangan xodimning boshqa xodimlardan farqli jihati shundaki, mehnat shartnomasi taraflari MKda nazarda tutilgan tartibda uch kun oldin yozma ravishda ikkinchi tomonni xabardor qilgan holda dastlabki sinov muddati tugagunga qadar mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega.
Ushbu norma dastlabki sinov muddati davomida xodimga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ish beruvchilar tomonidan xodimlarni qonundan tashqari holda ishlatish, mehnat shartnomasi shartlarini buzish, mehnat taʼtili, ish vaqti, dam olish kunlari, toʻlovlar, moddiy ragʻbatlantirish va mehnat muhofazasi kabi masalalarda huquqlarini cheklash holatlarini oldini oladi.
2. Dastlabki sinov davrida xodimning biron-bir huquqlari cheklanmaydi, u sinov davrida boshqa xodimlar bilan bir xil huquq va teng imkoniyatlardan foydalanadi. Xodimning sinov davridagi mehnat faoliyati hech qanday cheklovlarsiz mehnat stajining barcha turlari qoʻshib hisoblanadi.
Dastlabki sinov davri xodimga har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham haqiqatda ishlagan davr sifatida kiritiladi, har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan faoliyat davrlarini oʻz ichiga oladi (MK 226-modda sharhiga qarang).
Sinov davri ish beruvchi uchun ham xodim uchun ham ikki tomonlama huquq va majburiyatlarni oʻz ichiga oladi. U mehnat munosabatlarining mustahkam huquqiy asosda boshlanishini taʼminlovchi muhim bosqich sifatida qaralishi zarur. Shu sababli har ikki tomon sinov davrini huquqiy madaniyat va qonun ustuvorligi asosida tashkil etishi lozim.