Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda ushbu shartnomada taraflarning neustoyka toʻlash haqidagi oʻzaro majburiyati nazarda tutilishi mumkin boʻlib, unga binoan, agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq boʻlmagan asoslar boʻyicha ish beruvchining tashabbusiga koʻra tugatilgan boʻlsa, ish beruvchi xodimga neustoyka toʻlaydi, agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar xodimning tashabbusiga koʻra, shuningdek xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslar boʻyicha tugatilgan boʻlsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlaydi. Agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilanmagan boʻlsa, taraflar uni toʻlashdan ozod etiladi.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlab bergan davrga va boshqa holatlarga qarab farqlanishi mumkin.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda xodim tomonidan toʻlanadigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas.
Agar mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 160-moddasining sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollarda xodimning tashabbusiga koʻra muddatidan oldin bekor qilingan boʻlsa, u neustoykani toʻlashdan ozod etiladi.
Taraflardan biri neustoykani toʻlashni rad etgan taqdirda, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
1. Sharhlanayotgan normada muddatli mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishda taraflarning moliyaviy javobgarligi masalasi yuridik jihatdan asoslab berilgan.
Mehnat munosabatlarida taraflar shartnoma tuzishda erkin hisoblanadi, shu sababli ular mehnat shartnomasida nafaqat mehnat sharoitlari, balki shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda qoʻllanadigan moliyaviy oqibatlarni ham belgilashlari mumkin.
Zero, muddatli mehnat shartnomasida uni muddatidan oldin bekor qilingan hollarda taraflarning neustoyka toʻlashi haqidagi oʻzaro majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin. Taraflardan biri neustoyka toʻlashdan bosh tortsa, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin xodimning tashabbusiga, shuningdek xodimning aybli xatti-harakatlariga bogʻliq asoslarga koʻra ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan boʻlsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlaydi.
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin xodimning aybli xatti-harakatlari bilan bogʻliq boʻlmagan asoslar boʻyicha ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilingan boʻlsa, ish beruvchi xodimga neustoyka toʻlaydi.
Shuningdek, mehnat shartnomasida neustoyka miqdori aniq koʻrsatilmagan boʻlsa, taraflar undan ozod etiladilar.
Fuqarolik qonunchiligiga koʻra, neustoyka deganda qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdipda, kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summa tushuniladi. Neustoyka jarima yoki penya shaklida boʻladi.
2. Sharhlanayotgan normaning eng muhim jihati shundaki, neustoykaning miqdori qonun bilan qatʼiy belgilanmagan, balki mehnat shartnomasida taraflarning kelishuviga koʻra belgilanadi.
Xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlar deganda ish beruvchi tomonidan xodimning ishini bajarishi, malakasini oshirish, sogʻligʻini saqlash yoki xavfsiz mehnat shartlarini yaratish uchun qilingan, bevosita xodimning foydasiga xizmat qiladigan xarajatlar tushuniladi.
Agar ish beruvchi xodimning malakasini oshirish, oʻqitish, koʻchirib keltirish yoki boshqa moddiy-tashkiliy ishlar yuzasidan xarajatlar qilgan boʻlsa, neustoyka miqdorini belgilashda ushbu xarajatlar ham hisobga olinishi mumkin.
Shuningdek, neustoyka miqdorini belgilashda xodim mehnat shartnomasida koʻrsatilgan muddatda toʻliq ishlamagan boʻlsa, amalda ishlab berilgan vaqt ham inobatga olinishi mumkin.
3. Mazkur sharhlanayotgan normaning mohiyati ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi tenglik va adolat taomillarini taʼminlashga xizmat qiladi. Zero, shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganida xodim ish beruvchiga toʻlaydigan neustoyka miqdori hech qachon ish beruvchi xodimga toʻlaydigan neustoyka miqdoridan koʻp boʻlmasligi kerak.
4. MKning 160-moddasi sakkizinchi qismida xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishning huquqiy asoslari bayon qilingan.
Zero, ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etayotgan boʻlsa, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish haqidagi ariza oʻz kuchini yoʻqotadi, mehnat shartnomasini ushbu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Agar mehnat shartnomasida nazarda tutilgan neustoyka toʻlash majburiyati yuzaga kelsa, lekin xodim yoki ish beruvchi uni ixtiyoriy ravishda toʻlashdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni sud orqali majburiy tartibda undirib olish huquqiga ega.
Bu holatda sud shartnoma matnidagi neustoyka miqdorini, uni toʻlashga asos boʻlgan holatlarni, taraflarning aybi va boshqa huquqiy ahamiyatga ega holatlarni tekshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 19-bandiga koʻra, muddatli mehnat shartnomasida uni muddatidan oldin bekor qilingan hollarda taraflarning neustoyka toʻlashi haqidagi oʻzaro majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin. Taraflardan biri neustoyka toʻlashdan bosh tortsa, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Neustoyka toʻlash haqidagi nizolarni hal qilishda fuqarolik sudlari quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
neustoyka toʻlash shartlari taraflarning kelishuviga binoan faqat muddatli mehnat shartnomasida koʻrsatilgan boʻlishi mumkin;
neustoyka miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanadi va u ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlagan davr va boshqa holatlarga bogʻliq tarzda farqlanishi mumkin;
agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, taraflar uni toʻlashdan ozod etiladi;
xodim toʻlaydigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas. Shu bilan birga mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan neustoykani yuqori qiymatda toʻlashini nazarda tutishi mumkin.