Agar taraflar mehnat shartnomasining barcha majburiy va qoʻshimcha shartlari boʻyicha kelishuvga erishgan hamda mehnat shartnomasini imzolagan boʻlsa, ushbu shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi. Mehnat shartnomasining shakli, shuningdek uning kuchga kirish sanasi hamda ishning boshlanish sanasi ushbu Kodeksning 106 va 108-moddalariga muvofiq belgilanadi.
Sharhlanayotgan ushbu modda mehnat shartnomasini tuzish jarayonidagi asosiy huquqiy mexanizmlarni va uning yuridik kuchga kirish mezonlarini belgilab beradi. Ushbu moddada koʻrsatilgan huquqiy normalar xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini tashkil etishda mustahkam shartnoma-huquqiy asos sifatida xizmat qiladi. Mazkur modda mazmunan mehnat shartnomasi tomonlarining xohish-irodasi asosida shakllanishini, shartnomaning imzolanishini va uning amalga kirish bosqichlarini mukammal huquqiy asosda tartibga soladi.
Birinchidan, moddada quyidagi norma mustahkamlangan: agar taraflar mehnat shartnomasining barcha majburiy va qoʻshimcha shartlari boʻyicha kelishuvga erishgan hamda mehnat shartnomasini imzolagan boʻlsa, ushbu shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi. Bu qoida mehnat shartnomasini tuzish uchun yuridik ahamiyatga molik boʻlgan ikki shart – taraflar oʻrtasida kelishuv mavjudligi va shartnomaning imzolanishi – talab etilishini anglatadi.
Bu yerda barcha majburiy shartlar deganda MKning 104-moddasida belgilangan shartlar (ish vazifalari, mehnat sharoiti, ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti va h.k.) nazarda tutiladi. Qoʻshimcha shartlar esa taraflar xohishiga koʻra kiritiladigan, biroq shartnomaning kuchga kirishiga toʻsqinlik qilmaydigan shartlar boʻlib, ular qonunchilikka zid kelmasligi lozim.
Mazkur meʼyorning amaliy ahamiyati shundaki, shartnoma rasman tuzilgan deb hisoblanishi uchun ish boshlash yoki boshqa harakatlar shart emas. Yaʼni, shartnomaning tuzilgan deb eʼtirof etilishi tomonlar oʻrtasidagi ixtiyoriy kelishuv va uning yozma ravishda ifodalanishi (imzolanishi)ga bogʻliq. Bundan koʻrinib turibdiki, mehnat shartnomasi - ikki tomonlama bitim sifatida, faqat shartlar boʻyicha kelishuvga erishilgan va ular rasmiylashtirilganidan keyingina amalga oshadigan huquqiy hujjat hisoblanadi. Bu hujjat xodimning mehnat huquqlarini va kafolatlarini taʼminlashda, shuningdek ish beruvchining majburiyatlarini aniq belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, mehnat shartnomasining shakli va uning kuchga kirish, shuningdek ish boshlash sanasi masalalarini tartibga soladi: mehnat shartnomasining shakli, shuningdek uning kuchga kirish sanasi hamda ishning boshlanish sanasi ushbu Kodeksning 106 va 108-moddalariga muvofiq belgilanadi. Bu yerda murojaat qilinayotgan 106-modda mehnat shartnomasining shakli haqida, 108-modda esa ishning boshlanish sanasi va shartnomaning kuchga kirishi masalalari haqida hujjatlarning formallashuvi va yuridik taʼsiriga doir qoidalarni qamrab oladi (ushbu moddalar sharhiga qarang).