1. Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismi ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish (prostoy) holatlari yuzaga kelganda, ish beruvchiga xodimni vaqtinchalik boshqa ishga oʻtkazish huquqini beradi.
Bu — ishlab chiqarish jarayoni uzilib qolmasligi uchun qoʻllaniladigan tashkiliy chora hisoblanadi. Biroq bu holatda ham xodimning sogʻligʻi va mehnat huquqi buzilmasligi kerak.
Ishlab chiqarish zaruriyatiga ushbu moddaning ikkinchi qismida yoki bekor turib qolishga uchinchi qismda taʼrif berilgan.
Xodimni mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan boshqa ish deganda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishdan (kasb yoki lavozimdan) boshqa har qanday ish (kasb yoki lavozim) tushuniladi.
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra vaqtincha oʻtkazishga xodimning roziligisiz amalga oshirish mumkin, lekin bekor turib qolish sababli xodimni pastroq malaka talab etiladigan ishga vaqtincha oʻtkazishga xodimning yozma roziligi olinishi kerak. Agar boshqa ish tibbiy xulosaga muvofiq xodim sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlsa, ushbu boshqa ishga oʻtkazilish mumkin emas.
Xodimning roziligi yozma shaklda olinishi shart, ish haqi va ish sharoiti toʻgʻrisida kelishuv yozma ravishda biriktiriladi, bu oʻtkazish muddati cheklangan boʻladi.
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra boshqa ishga oʻtkazishning vaqtincha boʻlishi kerak, doimiy ravishda emas, uning eng koʻp davomiyligi ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan.
Masalan, agar korxonada ish jarayoni vaqtinchalik toʻxtagan boʻlsa (masalan, xom-ashyo yetishmasligi, taʼmir, elektr yoki suv taʼminoti uzilishi), ish beruvchi xodimni boshqa boʻlimda vaqtinchalik ish bilan taʼminlashi mumkin.
MISOL
1. Energiya taʼminotida uzilish sababli zavod ishini vaqtinchalik toʻxtatdi. Ish beruvchi xodimlarni ombordagi hujjatlarni saralashga vaqtinchalik joylashtirdi. Bu ish sogʻligʻiga zid emas va vaqtinchalik boʻlgani uchun qonunga toʻliq mos.
2. Tikuv tsexida xomashyo kechikdi va ish toʻxtadi. Ish beruvchi xodimlarni taʼmirlash tsexiga yordamchi sifatida oʻtkazdi. Xodimlar yozma roziligini berdi, chunki ish past malakadagi edi. Shartlar rasmiylashtirilgan va qonunga zid emas.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismida ishlab chiqarish zaruriyati taʼrif berilgan boʻlib, MKning boshqa moddalarida ham ushbu jumla koʻp qoʻllaniladi ularni tushunib olishda ham mazkur taʼrifdan foydalanish kerak boʻladi.
Shuningdek, ushbu taʼrifni toʻliq tushunish uchun ishlab chiqarish zaruriyatining maqsadi, taʼrifda keltirilgan ayrim soʻzlar va jumlalarga toʻxtalib oʻtamiz.
Uning maqsadi — ish jarayonidagi kechiktirib boʻlmaydigan, kutilmagan holatlarda ishni toʻxtatib qoʻymaslik va ish faoliyatini uzluksiz davom ettirishdir.
Kechiktirib boʻlmaydigan kutilmagan ishlarni bajarish zarurati vujudga keladigan va ishlab chiqarish zaruriyati deb quyidagi holatlarda vujudga keladi:
ishda bekor turib qolishni oldini olish yoki bartaraf etish. Bu holatda ish jarayonini toʻxtab qolishi (masalan, uskuna ishdan chiqqan, material kechikkan, muhandis yetishmayotgan va h.k.), xodimlarni bekor turib qolishi ish beruvchiga iqtisodiy zarar olib kelishi, ish samaradorligini pasayishiga olib kelishi, xizmat koʻrsatish sifatini pasayishiga olib kelishi mumkin;
vaqtincha yoʻq xodim oʻrniga ishlab turish. Bu yerda vaqtincha yoʻq xodim deganda asosiy xodimni taʼtilda, kasallikda, xizmat safarida boʻlsa yoxud ishga sababsiz kelmagan yoki ishga kechikayotganda ish oʻrnida yoʻqligi tushuniladi, ish beruvchi boshqa xodimni vaqtinchalik uning vazifasini bajarishi uchun topshiriq berishi mumkin boʻladi;
ishlab chiqarish avariyasi yoki ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish. Bunday holatlarda kechiktirish inson hayoti, sogʻligi yoki mol-mulkka zarar yetkazishi mumkin.
Ishlab chiqarish avariyasi deganda xavfli ishlab chiqarish obʼyektlarida sodir boʻladigan, inshootlar va (yoki) texnika qurilmalarining buzilishi, nazorat qilib boʻlmaydigan portlash va (yoki) xavfli moddalarning ajralib chiqishi tushuniladi. Bu hodisa tartibli ishlab chiqarish jarayonini toʻxtatib qoʻyadi va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, masalan:
insonlar hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazish xavfi;
moddiy zarar (uskunalar, binolar va inshootlarning shikastlanishi yoki buzilishi);
atrof-muhitga zarar yetkazish (xavfli moddalarning chiqarilishi).
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar haqida MK 366-moddasi sharhida bayon etilgan;
favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatda bajariladigan yoki tabiiy, texnogen ekologik tusdagi (yongʻin, suv toshqini, zilzila, epidemiya, epizootiya va boshqa) halokat oqibatlarining oldini olish va (yoki) ularni bartaraf etish.
Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni 3-moddasiga koʻra, favqulodda holat deganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquq va erkinliklariga, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlariga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilashga yoʻl qoʻyadigan hamda ularning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida vaqtincha joriy qilinadigan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining alohida huquqiy rejimi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasiga koʻra, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar favqulodda vaziyatlar deb yuritiladi, yaʼni muayyan hududda odamlar qurbon boʻlishiga, odamlarning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoxud boshqa ofat natijasida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatlar tushuniladi;
Bunday holatlarda aholining va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklariga nisbatan qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilanadi va ularning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklanadi. Shunday majburiyatlar doirasida ish beruvchi xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishi mumkin;
butun aholi yoki uning bir qismi hayoti yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollar. Yuqoridagi holatlardan boshqa holatlar ham bor, bunga odatda xavf-xatarlar yoki kundalik (mahalliy) xususiyatga ega boʻlgan hodisalar kiradi.
Bu holatlar favqulodda vaziyat deb eʼlon qilish uchun yetarlicha keng miqyosda boʻlmasa ham, aholining hayoti va sogʻligʻiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi.
Quyida bunday hollarning asosiy guruhlari keltirilgan:
biologik va sanitariya-epidemiologik xavflar (mahalliy epidemik oʻchoqlar, oziq-ovqatdan zaharlanish, hayvonlar kasalliklari (epizootiya) kabilar). Bular kasalliklarning tarqalishi bilan bogʻliq boʻlib, favqulodda vaziyatlar eʼlon qilinmagan holda ham katta tahdid tugʻdiradi;
mahalliy texnogen xavflar. Avariya miqyosi favqulodda vaziyatlar darajasiga yetmagan, lekin jiddiy zarar yetkazuvchi hodisalar (yirik yongʻinlar, infratuzilmadagi yirik nosozliklar, yirik transport hodisalari kabilar);
mahalliy tabiiy xavflar. Favqulodda vaziyatlar eʼlon qilishga asos boʻlmaydigan, lekin aholiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi tabiiy hodisalar (mahalliy suv toshqinlari, kuchli shamol va doʻl kabilar);
ijtimoiy xavflar (kriminal yoki siyosiy tahdidlar, terrorizm akti xavfi, katta miqyosdagi tartibsizliklar kabilar). Aholining tinchligi va xavfsizligiga tahdid soladigan ommaviy tartibsizliklar yoki huquqbuzarliklar.
Ushbu holatlar odatda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hokimliklar) va tegishli xizmatlar (Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, kommunal xizmatlar) tomonidan favqulodda vaziyatlarsiz bartaraf etiladi, ammo ular yuqori darajadagi tayyorgarlik va tezkor choralarni talab qiladi.
3. Sharhlanayotgan moddaning uchinchi qismida bekor turib qolishga taʼrif berilgan boʻlib, MKning boshqa moddalarida ham ushbu jumla koʻp qoʻllaniladi. Ularni tushunib olishda ham mazkur taʼrifdan foydalanish kerak boʻladi.
Ishni iqtisodiy, texnologik, tashkiliy sabablarga, boshqa ishlab chiqarishga doir yoki tabiiy xususiyatga ega boʻlgan sabablarga koʻra vaqtincha toʻxtatib turish bekor turib qolishdir.
Bekor turib qolishga quyidagi sabablar olib kelishi mumkin:
iqtisodiy sabablar – ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonidagi iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bogʻliq boʻladi. Masalan: xomashyo yoki ehtiyot qismlar yetishmasligi; moliyaviy mablagʻlar kechikishi; bozorda talabning pasayishi; buyurtmalar soni kamayishi kabilar;
texnologik sabablar – ish jarayonini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan uskuna, texnika yoki texnologiya bilan bogʻliq toʻxtalishlardir. Masalan: uskunalar buzilib qolishi; taʼmirlash ishlari; elektr yoki suv taʼminoti uzilishi; avtomatlashtirilgan tizimdagi nosozlik boʻlishi mumkin;
tashkiliy sabablar – korxonadagi boshqaruv yoki tashkiliy oʻzgarishlar tufayli ish jarayonidagi vaqtinchalik uzilishlardir. Masalan: qayta tashkil etish; boʻlimlarni qoʻshish yoki tugatish; rahbariyat tomonidan vaqtinchalik toʻxtatish buyrugʻi boʻlishi mumkin;
tabiiy sabablar — ishlab chiqarish faoliyatidan tashqaridagi, inson irodasidan mustaqil holatlardir: tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, yongʻin, boʻron va h.k.); epidemiya yoki epizootiya; xavfsizlik yoki sanitar cheklovlar boʻlishi mumkin.
4. Ushbu norma ish beruvchining tashabbusiga koʻra xodim vaqtinchalik boshqa ishga oʻtkazilganda uning ish haqi kamaymasligini taʼminlash uchun qoʻllaniladi.
Yaʼni, vaqtinchalik ish xodimning asosiy lavozimiga nisbatan pastroq toifada boʻlishi mumkin, biroq uning ish haqi avvalgi oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlmasligi shart.
Bu – xodimning iqtisodiy manfaatlarini himoya qiluvchi qonun kafolati.
Ish haqini hisoblash printsipi:
1-qadam. Vaqtinchalik ishdagi tarif yoki lavozim maoshiga qarab haq hisoblanadi.
2-qadam. Agar bu haq xodimning avvalgi oʻrtacha ish haqidan kam boʻlsa, ish beruvchi farqni qoplab berishga majbur.
Shunday qilib:
Vaqtinchalik ish haqi avvalgi oʻrtacha ish haqiga teng yoki undan koʻp boʻlishi mumkin, lekin kam boʻlmasligi kerak.
Bu talabning maqsadi — vaqtinchalik ishga oʻtkazilganlik sababli xodimning daromadi kamayib ketmasligini taʼminlashdir.
MISOL
1. Asosiy ishi — tokar.
Uskuna buzilgani uchun vaqtinchalik ombor ishiga oʻtkazildi.
Ombor ish haqi — 3 mln soʻm, lekin tokarning oʻrtacha oylik ish haqi — 4 mln soʻm.
Bu holda ish beruvchi unga 4 mln soʻmdan kam boʻlmagan haq toʻlashi kerak.
2. Xodim ishlab chiqarishda avariyani bartaraf etish vaqtida vaqtinchalik yordamchi vazifani bajardi.
Bu vazifa past toifada boʻlgani uchun ish haqi kam edi.
Biroq ish beruvchi qonunga muvofiq, avvalgi oʻrtacha ish haqiga teng miqdorda toʻlov amalga oshirdi — bu toʻgʻri.
5. Bu normaga koʻra, ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish sababli xodim vaqtinchalik boshqa ishga oʻtkazilganda, bunday oʻtkazishning umumiy davomiyligi bir kalendar yilda 60 kalendar kundan oshmasligi kerak.
Bu — MK bilan belgilangan chegara boʻlib, uning asosiy maqsadi vaqtinchalik ishni doimiy ishga aylantirib yuborishning oldini olish hamda xodimning asosiy ish joyiga qaytish kafolatini taʼminlash, shuningdek ish beruvchi tomonidan vaqtinchalik ishni suiisteʼmol qilishni cheklashdir.
60 kalendar kun degani — faqat ish kunlari emas, balki dam olish va bayram kunlarini ham oʻz ichiga oladi. Yaʼni, hisobda isbotlangan vaqtinchalik oʻtkazish davrining toʻliq kalendar davomiyligi nazarda tutiladi.
Masalan, agar xodim 1 martdan 30 aprelgacha vaqtinchalik ishda boʻlsa, bu 61 kalendar kun boʻladi — demak, meʼyor buziladi.
Ish beruvchi vaqtinchalik oʻtkazish haqida yozma buyruq (farmoyish) chiqaradi, unda oʻtkazish sababi (ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish) va muddati koʻrsatiladi.
Har bir vaqtinchalik oʻtkazish holati yuritiladi va yil davomida jami 60 kundan oshmasligi nazorat qilinadi.
Agar bir necha marta vaqtinchalik oʻtkazish boʻlsa ham, ularning umumiy yigʻindisi 60 kalendar kundan koʻp boʻlmasligi kerak.
Agar ish beruvchi xodimni 60 kalendar kundan ortiq vaqtinchalik ishda ushlab tursa, bu qonunbuzarlik hisoblanadi. Ushbu holatda xodim Davlat mehnat inspektsiyasiga yoki sudga murojaat qilib, oʻz lavozimiga tiklanishni talab qilishi mumkin, shuningdek ish beruvchi maʼmuriy javobgarlikka tortiladi (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasi asosida).
MISOL
1. Xodim ishlab chiqarish avariyasi tufayli mart oyida 15 kunga boshqa ishga oʻtkazildi, keyin may oyida 20 kun, sentyabrda 25 kun — jami 60 kun boʻldi.
Bu holda ish beruvchi qonunga toʻliq rioya qildi.
2. Xodim 70 kalendar kun vaqtinchalik ishda boʻlgan.
Bunday holatda Davlat mehnat inspektsiyasi ish beruvchiga nisbatan chora koʻradi va xodimni oʻz lavozimiga tiklashni talab qilishi mumkin.
6. Bu norma mehnat qonunchiligining muhim printsiplaridan biri —ish beruvchi va xodimlar vakillari oʻrtasidagi kelishuv orqali mehnat munosabatlarini tartibga solishni amaliy ravishda joriy etadi.
MK ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish holatlarini umumiy tartibda belgilaydi, biroq har bir tashkilotda ish sharoiti, soha va tavakkalliklar turlicha boʻlgani sababli qoʻshimcha holatlar jamoa shartnomasida aniq belgilab qoʻyiladi.
Belgilanishi lozim boʻlgan quyidagi uch masala jamoa shartnomasida belgilanadi, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra aniqlanadi (agar kasaba uyushmasi qoʻmitasi boʻlmasa, MK 15-moddasi tartibida tasdiqlanadi):
vaqtinchalik oʻtkazishning oxirgi muddatlari MK 60 kalendar kunlik umumiy chegarani belgilaydi, biroq jamoa shartnomasi ayrim ish turlari uchun qisqartiradi, lekin uzaytirmaydi;
mehnatga haq toʻlashning aniq miqdorlari, yaʼni MK oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmasligi kerak degan umumiy qoida qoʻyadi, ammo jamoa shartnomasi orqali ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi aniq koeffitsiyentlar, ustama yoki qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini belgilab qoʻyishi mumkin. Ushbu miqdorni belgilashda oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmasligi kerak;
ishlab chiqarish zaruriyatining alohida hollari, yaʼni jamoa shartnomasida qoʻshimcha holatlar (masalan, taʼmir, yangi loyiha joriy etish, xomashyo taʼminoti uzilishi va h.k.) ishlab chiqarish zaruriyati deb MK da koʻrsatilgandan boshqa holatlar ham eʼtirof etilishi mumkin.
MISOL
Korxona jamoa shartnomasida quyidagi norma belgilandi:
ishlab chiqarish zaruriyati sababli vaqtinchalik ishga oʻtkazish muddati 45 kalendar kundan oshmasin;
vaqtinchalik ishga oʻtkazilgan xodimlarga oʻrtacha ish haqidan tashqari 15 foiz qoʻshimcha haq toʻlanadi.