Mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligini qonunga xilof deb hisoblovchi xodim oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligi ustidan shikoyat qilishga haqli.
Mehnat sharoitlari qonunga xilof ravishda oʻzgartirilgan taqdirda, xodimning avvalgi mehnat sharoitlarini tiklash toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Agar mehnat sharoitlarining qonunga xilof deb eʼtirof etilgan oʻzgarishlari xodimning mehnatga haq toʻlash miqdori kamayishiga olib kelgan boʻlsa, xodimning oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Xodim boshqa ishga qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan taqdirda, xodimning oʻzini avvalgi ishiga tiklash, boshqa ishga qonunga xilof ravishda oʻtkazilganligi sababli kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq toʻlanishi toʻgʻrisidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Agar xodim oʻzi qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan ishni bajarsa, lekin bu ishdagi mehnatiga haq toʻlash miqdori ushbu xodim bu ishga oʻtkazilishidan ilgari bajargan ishidagi mehnatiga haq toʻlash miqdoridan past boʻlsa, majburiy progul uchun haq toʻlash xodimga avvalgi ishidagi va xodim qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan ishdagi mehnatga haq toʻlash oʻrtasidagi farqning oʻrnini qoplashdan iborat boʻladi.
Agar xodimning mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ish joyi ish beruvchi tomonidan xodimning roziligisiz avvalgi mehnat vazifasiga doir va avvalgi mehnat sharoitlaridagi ishini, shu jumladan mehnat haqini saqlab qolgan taqdirda oʻzgartirilgan boʻlsa, xodimning unga avvalgi ish joyini taqdim etish toʻgʻrisidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.
Agar mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda oʻzgartirilganligi munosabati bilan xodimga maʼnaviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan boʻlsa, xodimning oʻziga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
1. Ish beruvchi tomonidan MK 149-moddasiga asosan mehnat shartnomasi oʻzgartirilganda yoki boshqa sabablar bilan oʻzgartirilganda qonunga xilof deb hisoblovchi xodim oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligi ustidan shikoyat qilishga haqli.
Bu normaning huquqiy maʼnosi agar ish beruvchi mehnat shartnomasining shartlarini qonun talablariga rioya etmasdan, masalan, xodim roziligisiz yoki qonuniy asossiz, shuningdek belgilangan tartibga rioya qilmasdan oʻzgartirgan boʻlsa, xodim bu oʻzgarishlarni qabul qilmaslik va ulardan shikoyat qilish huquqiga ega boʻlishini anglatadi.
Shikoyatni xodim ish beruvchining oʻziga taqdir etishi yoki koʻrib chiqish uchun mehnat nizolari komissiyasiga yoki sudga berishi mumkin. Bundan tashqari, oʻzining buzilgan huquqlarini himoya qilishni soʻrab, Davlat mehnat inspektsiyasi, kasaba uyushmalari, adliya va prokuratura organlariga murojaat etishi mumkin.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi – oltinchi qismlari mehnat shartnomasi oʻzgartirilganligini qonunga xilof deb hisoblovchi xodimning shikoyatini koʻrib chiquvchi ish beruvchi yoki boshqa birinchi qism sharhida koʻrsatilgan komissiya yoki tashkilotlarga tegishli boʻlib, mehnat sharoitlari qonunga xilof ravishda oʻzgartirilganligi tasdigʻini topgan taqdirda majburiyatlar yuklaydi.
Yaʼni, agar ish beruvchi xodimning mehnat shartlarini qonunga zid tarzda oʻzgartirgan boʻlsa, xodim shikoyat qilganda ish beruvchi bu oʻzgarishni bekor qilishga va xodimni avvalgi mehnat sharoitlariga qaytarishga majbur boʻladi.
Xodimni avvalgi mehnat sharoitlari deganda qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasida koʻrsatilgan mehnat shartlari, berilgan imtiyoz va kafolatlar hamda boshqa barcha mehnat sharoitlari nazarda tutiladi.
3. Agar ish beruvchi mehnat shartlarini qonunga zid ravishda oʻzgartirib, natijada xodimning ish haqi yoki boshqa daromadi kamayib ketgan boʻlsa, ish beruvchi xodimga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishi shart.
Moddiy zarar — bu xodimga ish beruvchining noqonuniy harakatlari natijasida yetkazilgan moliyaviy yoʻqotish. U quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ish haqining noqonuniy kamaytirilishi;
berilishi shart boʻlgan qoʻshimcha toʻlovlar (ustama, mukofot va h.k.)ning berilmasligi;
ish vaqti qisqartirilib, natijada daromad yoʻqotilishi;
ish beruvchi tomonidan noqonuniy toʻxtatib turilgan yoki toʻlanmagan summa va boshqalar.
MISOL
Xodim avval oyiga 3 000 000 soʻm ish haqi olardi, qonunga xilof oʻzgartirish natijasida u 2 400 000 soʻm oldi.
Agar bu holat 4 oy davom etgan boʻlsa:
(3 000 000 – 2 400 000) × 4 = 2 400 000 soʻm zarar — bu summani ish beruvchi xodimga toʻlab berishi kerak boʻladi.
4. Agar ish beruvchi xodimni qonunga xilof ravishda boshqa ishga oʻtkazgan boʻlsa, xodim haqli ravishda avvalgi ishiga tiklanishni talab qilishi mumkin, bu davr majburiy progul deb hisoblanadi va u uchun ish haqi toʻlanishi shart, shuningdek agar xodim noqonuniy oʻtkazilgan ishda ishlab turgan boʻlsa va u yerdagi ish haqi avvalgi ishidan past boʻlgan boʻlsa, unga farq summasi majburiy progul haqi sifatida toʻlanadi.
Xodim quyidagi talablarni qoʻyishi mumkin:
№ — Talab turi — Izoh
1. Avvalgi ishiga tiklash — Ish beruvchi xodimni avvalgi lavozimiga qaytarishi shart.
2. Majburiy progul uchun ish haqi toʻlash — Xodim ishlamagan vaqtdagi ish haqi (oʻrtacha oylik) toʻliq toʻlanadi.
3. Ish haqi farqini qoplash — Agar u boshqa ishda ishlab turgan boʻlsa va u yerda kamroq haq olgan boʻlsa, avvalgi ish haqi bilan orasidagi farq qoplanadi.
5. Ish beruvchi xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilgan ish oʻrnini (fizik joyini) oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirsa, hatto ish vazifasi va ish haqi oʻzgarmagan taqdirda ham, bu holat qonunga zid deb hisoblanadi va xodim avvalgi ish joyini tiklashni talab qilishga haqli.
MKning 148-moddasida ish oʻrni tushunchasiga aniq tushuntirish berilgan.
6. Bu norma mehnat munosabatlaridagi insonparvarlik va adolat printsiplarining ifodasidir.
Yaʼni, agar ish beruvchining noqonuniy harakatlari, mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda oʻzgartirilganligi munosabati bilan xodimga maʼnaviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan boʻlsa, xodimning oʻziga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Jismoniy azob deganda xodimning organizmi va sogʻligʻiga bevosita yoki bilvosita yetkazilgan zararlar (tanasiga shikast yetkazilishi, kasalliklarga chalinishi va ular bilan bogʻliq doimiy yoki vaqtinchalik ogʻriqlar) tushuniladi.
Ruhiy (maʼnaviy) azob deganda his-tuygʻulari, psixikasi va ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir etuvchi azoblar (shaxsning obroʻsi, qadr-qimmati va ishchanlik nufuziga putur yetishi, uyat, sharmandalik, qoʻrquv, xavotir, tashvish, umidsizlik, doimiy norozilik hissi, oila aʼzolari, doʻstlari yoki hamkasblar bilan munosabatlarning yomonlashishi, uyqu buzilishi, tez-tez asabiylashish, diqqatni jamlashda muammolar) tushuniladi.
MK 335-moddasiga asosan ish beruvchining gʻayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyon xodimga mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida belgilangan miqdorlarda pul shaklida kompensatsiya qilinadi.
Nizo yuzaga kelgan taqdirda, xodimga maʼnaviy ziyon yetkazilganligi fakti va uni kompensatsiya qilish miqdorlari, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan moddiy zarardan qatʼi nazar, sud tomonidan belgilanadi (MK 335-modda sharhiga qarang).
Maʼnaviy zararni qoplash usuli va miqdori Fuqarolik kodeksining 1022-moddasida koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra maʼnaviy zarar pul bilan qoplanadi.
Maʼnaviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari eʼtiborga olinishi lozim.
Jismoniy va maʼnaviy azoblarning xususiyati maʼnaviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.
Maʼnaviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qatʼi nazar qoplanadi.