Muddatli mehnat shartnomasi uning amal qilish muddati tugashi bilan bekor qilinadi. Mehnat shartnomasini uning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan bekor qilish toʻgʻrisida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni ushbu asos boʻyicha tugatishga qaror qilgan taraf boshqa tarafni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak, bundan ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodim yoʻq boʻlgan davrga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaydigan hollar mustasno.
Agar mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etsa va taraflardan birortasi ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda bir hafta davomida ularning tugatilishini talab qilmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodimning yoʻq boʻlgan vaqtiga tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu xodim ishga qaytgan kundan eʼtiboran bekor qilinadi.
1. Muddatli mehnat shartnomasi deganda muayyan vaqtga tuziladigan mehnat shartnomasi tushuniladi va u oʻz-oʻzidan muddat tugaganda yuridik kuchini yoʻqotadi. Ammo sharhlanayotgan norma bu jarayonni shaffof va adolatli qilish uchun qator protsessual talablarni belgilagan.
Zero, tomonlardan biri, yaʼni ish beruvchi yoki xodim shartnomani muddat tugashi bilan bekor qilish niyatida boʻlsa, bu haqida ikkinchi tomonni uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart. Chunki ogohlantirish talabi mehnat munosabatlarini keskin va kutilmagan holatda toʻxtatilishini oldirini oladi.
Ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodim (taʼtilda, harbiy xizmatda yoki bola parvarishlash taʼtilida (va boshqa) boʻlgan xodim) yoʻq boʻlgan davrga (yaʼni, ular ishga qaytgan vaqtgacha) tuzilgan muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaydigan hollarda muddatli mehnat shartnomasi tuzgan xodimni ogohlantirish shart emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 15-bandiga koʻra, mehnat shartnomasining muddati tugaganligi sababli bekor qilinishining qonuniyligi toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrishda sudlar quyidagi holatlarga eʼtiborini qaratmogʻi lozim:
- muddatli mehnat shartnomasi xodim bilan asosli holda tuzilganmi, yaʼni mehnat shartnomasi tuzishda MKning 111, 112, 113-moddalari talablari hisobga olinganmi;
- ishning shartnomada kelishilgan muddati haqiqatda tugaganmi;
- mehnatga oid munosabatlarni ushbu asos boʻyicha tugatishga qaror qilgan taraf boshqa tarafni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirganmi, bundan ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodim yoʻq boʻlgan davrga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaydigan hollar mustasno;
- mehnat shartnomasining bekor qilinishiga yoʻl qoʻyadigan MK 158-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlaridagi muddatlarga rioya etilganmi;
- homilador ayollar uchun qonunda belgilangan qoʻshimcha kafolatlar inobatga olinganmi (MKning 408-moddasi).
2. Sharhlanayotgan normaga muvofiq, muddatli mehnat shartnomasining bekor qilinishiga uning muddati tugashi kunida, shuningdek shartnomadagi muddat tugagan kundan bir hafta mobaynida yoʻl qoʻyiladi.
Agar muddat tugagandan keyin ham yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etaversa va taraflardan birortasi MK 158-moddasining birinchi qismida belgilangan tartibda bir hafta davomida uni tugatilishini talab qilmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Mazkur holatda keyinchalik mehnat shartnomasini shu asosga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Masalan, xodim bilan 6 oylik mehnat shartnoma tuzilgan va shartnoma 1 iyunda tugaydi, ammo xodim 2 iyundan keyin ham ishga chiqaversa va ish beruvchi ham bunga xayrixohlik bildirsa, 8 iyunga qadar na ish beruvchi na xodim shartnomani bekor qilish haqida yozma talab qoʻymasa, shartnoma oʻz-oʻzidan nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi.
Muddatli mehnat shartnomasi muddati tugamasdan MK va boshqa qonunlarda belgilangan asoslarga koʻra ham bekor qilinishi mumkin.
3. Agar asosiy xodim maʼlum vaqt mobaynida ishdan yoʻq boʻlsa, uning ish joyi saqlanib qoladi. Shu vaqtda ish beruvchi ish jarayoni toʻxtab qolmasligi uchun boshqa shaxs bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzishi mumkin. Asosiy xodim ishga qaytgan kundan boshlab vaqtinchalik mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Umumiy qoidaga koʻra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ammo MKning 408-moddasiga koʻra, ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasining muddati tugaganligi munosabati bilan homiladorligi davrida bekor qilishga, agar mehnat shartnomasi yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqtiga tuzilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Bunda ish beruvchi homilador ayolga homiladorlik tugaguniga qadar uning sogʻligʻi holatiga mos ish topib berishi lozim, bunday ish boʻlmagan taqdirda yoki xodim bunday ishda ishlashni rad etgan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli boʻladi.